O‘zbekiston | 18:00 / 13.12.2017
34233
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy etilayotganidan xabardormisiz?

2017 yilning 11 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 814-sonli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida bojxona hududiga kirib kelish va chiqishda “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy qilinmoqda. Fuqarolarimiz “yashil” va “qizil” yo‘laklardan o‘tish borasida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan Davlat bojxona qo‘mitasiga murojaat qilmoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi quyida eng ko‘p berilayotgan savollar va ularning javoblarini taqdim etgan. 

1. Ikki yo‘lakli tizimdan kimlar foydalanish huquqiga ega?
Ikki yo‘lakli tizimdan barcha jismoniy shaxslar foydalanish huquqiga ega.

2. “Yashil” va “qizil” yo‘laklar bir-birlaridan nima bilan farq qiladi?
Ushbu yo‘laklarning bir-biridan farqi olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalash turida. Ya'ni, “yashil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi tovar va valyuta boyliklarini og‘zaki deklaratsiyalaydi, “qizil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi esa tovar va valyuta boyliklarini yozma deklaratsiyalaydi.

3. “Yashil” yo‘lak orqali og‘zaki deklaratsiyalangan holda istalgan miqdor va qiymatdagi tovar va valyuta boyliklarini olib o‘tish mumkinmi?
Yo‘q. “Yashil” yo‘lak orqali jismoniy shaxslar notijorat maqsadda faqatgina O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari bilan belgilangan quyidagi tovar va valyuta boyliklarini olib o‘tishlari mumkin:

– olib kirish yoki olib chiqish taqiqlanmagan tovarlar;
– qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasidan va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshmaydigan tovarlar;
– yozma deklaratsiyalash talab etmaydigan hamda olib kirish va olib chiqishga ruxsat etilgan O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi hamda xorijiy valyutasining cheklangan normalari miqdoridagi mablag‘lar.

4. “Yashil” yo‘lakdan o‘tishim uchun o‘zim bilan olib kelgan bagajning og‘irligi necha kg.dan oshmasligi lozim?
“Yashil” yo‘lak orqali jismoniy shaxslarning harakatlanishida ularning bagajlarining umumiy og‘irligi bo‘yicha bojxona organlarida cheklov yo‘q, biroq olib o‘tilayotgan tovar notijorat maqsadida va olib kirish yoki olib chiqish taqiqlanmagan tovarlar hamda qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasidan hamda aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshmaydigan bo‘lishi lozim.

5. “Qizil yo‘lak” orqali harakatlansam, barcha tovarlarim va valyuta boyliklarini deklaratsiyada ko‘rsatishim shartmi?
Jismoniy shaxslar “qizil yo‘lak” orqali harakatlanishida quyidagi tovar va valyuta boyliklarini yozma deklaratsiyalashlari lozim:
– olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan tovarlar;
– qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasidan va aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan oshadigan tovarlar 

(Misol uchun, hozirda amalda bo‘lgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga ko‘ra 2 litrdan ortiq alkogol mahsulotlari, 10 qutidan ortiq tamaki mahsuloti; 30 grammdan ortiq  zargarlik buyumlarini olib o‘tayotgan shaxslar qizil yo‘lak orqali harakatlanish chog‘ida bojsiz olib o‘tish normasidan oshadigan tovar-moddiy boyliklarni deklaratsiyada qayd etadilar); 
– yozma deklaratsiyalash talab etiladigan O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va naqd xorijiy valyutalar. 

Izoh: Misol tariqasida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarni bojsiz olib kirish normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilganda 2018 yil 1 yanvardan e'tiboran O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida tashkil etilayotgan  “qizil” va “yashil” yo‘laklar oldida joylashgan axborot hududlari hamda Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalaridagi eslatmalar orqali fuqarolarga batafsil ma'lumotlar beriladi) 

6. Belgilangan normadan ortiqcha tovarlarni “yashil yo‘lak” orqali olib o‘tsam, menga qanday chora ko‘riladi?
Jismoniy shaxsning “yashil” yo‘lakdan o‘tishi bojxona maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalashtiriladigan tovarlari yo‘qligi haqida ma'lum qilish sifatida ko‘rib chiqiladi.

“Yashil” yo‘lak orqali o‘tadigan shaxsda olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan, qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasi hamda aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan, shuningdek yozma deklaratsiyalashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va    naqd xorijiy valyutadagi olib kirish hamda olib chiqishga ruxsat etilgan mablag‘larning cheklangan normasidan ortadigan tovarlar borligi aniqlangan holatlarda, bunday shaxs O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

7. “Qizil yo‘lak” orqali harakatlanib, yo‘lovchida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tovarlar aniqlansa, qanday chora ko‘riladi?
“Qizil yo‘lak” orqali o‘tadigan jismoniy shaxsda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan, yozma ravishda deklaratsiyalanishi shart bo‘lgan tovarlar borligi aniqlangan holatlarda, bunday shaxs O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi. 

Xususan, jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271–moddasi 2-qismi (Tovar va transport vositalarini belgilangan tartibni buzgan holda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tish) yoki ushbu kodeksning 272-moddasi bo‘yicha (Tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash) ma'muriy javobgarlikka yoxud shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Agar siz ushbu qoidalardan xabardor bo‘lmasangiz, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Chunki, bojxona o‘tkazish punktlaridagi ikki yo‘lakli tizim oldida jismoniy shaxslarga bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarni deklaratsiyalash uchun tegishli yo‘lakni ongli ravishda tanlash imkonini beradigan axborot hududlari tashkil etiladi.

Unda bojxona qonunchiligi va asosiy qoidalar, ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi haqida qisqacha ma'lumotnomalar, shuningdek bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi ogohlantirishlar joylashtiriladi.

Shunday ekan, imkoniyatdan unumli foydalaning! Bojxona tartib-qoidalariga to‘g‘ri va to‘liq rioya qilish orqali vaqtingizni tejang!!!

Agarda sizda respublikamiz xalqaro aeroportlarida joriy etilayotgan “yashil” va “qizil” yo‘laklar bo‘yicha qo‘shimcha savollar bo‘lsa unda Davlat bojxona qo‘mitasining (0371) 120-76-33 ishonch telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz hamda info@customs.uz elektron manziliga murojaatlaringizni yuborishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz. 

Mavzuga oid