Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish maqsadida avtobuslarda ham, aviareyslardagidek, yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni oldindan olish tizimi ko‘zda tutilmoqda. Natijada avtobuslar chegaradan soddalashgan tartibda o‘tkazilib, rasmiylashtirish vaqti 2 barobar qisqaradi.

Bojxona kuzatuvida sun’iy intellektni keng qo‘llash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida “xavf tizimi” takomillashtiriladi. Bu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 ta mezon bo‘yicha tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Rentgen tasvirlari sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik aniqlanadi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, sohada xalq uchun yengilliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida bunga bojxona qonunchiligini to‘liq muvofiqlashtirish vazifasi qo‘yildi.