O‘zbekiston | 10:37 / 01.01.2025
49517
2 daqiqa o‘qiladi

«Zapravka»da videomurojaat qilgan shaxs 15 sutkaga qamaldi

Navbati yetganda metan «zapravka» yopib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, yirtilib ketgan poyabzalini ko‘rsatgan holda gaz quyish shoxobchasi va energetika sohasi mas’ullariga noroziligini namoyish etgani bilan ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan fuqaro mayda bezorilik sodir etgan deb topildi.

Foto: Videodan kadr

6 soatlik kutishlardan so‘ng navbati yetay deganda gaz to‘ldirish stansiyasi yopib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, yirtilib ketgan poyabzalini ko‘rsatgan holda mas’ullarga o‘z noroziligini namoyish etgan fuqaroning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

2024 yil 23 dekabr kuni Toshkent shahri Bektemir tumanidagi Oltintopgan ko‘chasi, 2-uyda joylashgan «Morotrans» MChJga qarashli gaz quyish shoxobchasida yuz bergan hodisadan so‘ng fuqaro G‘ayrat Do‘stov 15 sutkaga qamalgani ma’lum bo‘ldi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida fuqaro Do‘stov gaz quyish uchun navbatda turganida shoxobcha yopilganligi sababli jahl ustida shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqorat qilib, baqir-chaqir qilgani, hozirda qilgan ishidan pushaymonligi, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bayon qilib, suddan yengillik so‘ragani aytiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi raisi Durdona Dadaxanovaning 26 dekabrdagi qarori bilan G‘ayrat Do‘stov MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan.

Unga 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, G‘ayrat Do‘stovdan Toshkent shahar IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, jami 843 ming 750 so‘m undirish belgilangan.

Mavzuga oid