O‘zbekiston | 19:57 / 18.04.2019
192122
9 daqiqa o‘qiladi

«GM Uzbekistan» tadbirkorni xorijlik investor oldida sharmanda qildi: Qimmat va sifatsiz mahsulot haqida hikoya

Joyi kelsa milliy mahsulotni tanlash, xarid qilish ham vatanparvarlik asli. Bir tanishim Parijga borganida janubiy koreyaliklarning aynan o‘z yurtlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tanlab xarid qilganini aytib kulgandi. Holbuki, qator mamlakat fuqarolari shu yo‘l bilan o‘z yurtining ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashadi.

Foto: GM Uzbekistan

Ammo o‘z yurtining ishlab chiqaruvchilari bundan faqat o‘z foydasini ko‘zlasa-chi? Xaridorni aldash, turli yo‘llar bilan imkon qadar ko‘proq pul ishlab, sifatni esdan chiqarib qo‘ysa-chi? Yaqinda tahririyatimizga tashrif buyurgan Urgut tumanidagi tadbirkorlardan biri shu haqida afsus bilan hikoya qilib berdi.

«...xitoylik tadbirkorlar bilan qo‘shma loyihamiz bor. Korxonamiz uchun mashina tanlar ekanmiz, xorijlik hamkorimiz 35 ming AQSh dollariga Yaponiyada ishlab chiqarilgan «Toyota» avtomobilini ma'qul desa, men o‘zimizda ishlab chiqarilgan «Malibu»ni xarid qilishga undadim. Birgalikda GM Uzbekistan AJ saytiga kirib «Malibu»ning xususiyatlari bilan tanishib chiqdik. Nihoyatda zo‘r!

Xullas, 2018 yil 4 aprel kuni internet orqali (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) mashinaga buyurtma berdim. Bu vaqtda mashina narxi 244 mln 570 ming 225 so‘m edi. 12 sentyabrda Samarqand shahridagi «Samavtotexxizmat» mas'uliyati cheklangan jamiyatidan qo‘ng‘iroq qilib, shartnoma tuzish uchun chaqirishdi. Bordim, ammo shartnoma tuzgunimizga qadar mashinalar narxi oshib — 275 mln 780 ming 751 so‘m etib belgilanibdi. 21 sentyabrda shu mablag‘ning barchasini to‘ladim. (oldindan, 100 foiz).

20 noyabr kuni mashinani olib ketishim mumkinligini bildirishdi. Ammo mahsulotni Samarqanddan emas, Toshkentdan olib kelishim kerak ekan. Garchi, mana shu holat ham xaridorga hurmatsizlik, «g‘irrom»lik bo‘lsa-da, bunga ham ko‘ndik.

Mashinani Toshkentdan olib keldik. Xullas, qo‘shma korxonamiz o‘zimizning «Malibu»dan foydalanadigan bo‘ldi. Shu yilning mart oyida investorlar bilan shu mashinada Angren erkin iqtisodiy zonasiga bordik. Kun yarmiga kelganda konditsionerni qo‘shishimni so‘rashdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, mashinaning konditsioneri ishlamasdi (qishga yaqin mashinani sotib olganimiz uchun shu vaqtgacha ishlatib ko‘rmagan ekanman). Nima deyishni bilmayman.

Qoidaga ko‘ra, «GM Uzbekistan» AJning eng yaqin dilerlik markaziga borishimiz va ular tezda nuqsonni bartaraf etishlari kerak. Shu maqsadda «Toshkent DEU sentr» MChJ dilerlik markaziga bordik. Yana bir marta uyatga qoldim —«GM Uzbekistan» AJning rasmiy dilerlik markazi bo‘lishiga qaramay bu yerdagilar xizmat ko‘rsatishdan bosh tortishdi: «Qayerda sotib olgan bo‘lsangiz o‘sha yerga boring!».

Axir, avtomobilni sotib olayotganimizda jamiyatning servis kitobchasida keltirilgan rasmiy dilerlar orasida bu markaz ham bor edi. Qolaversa, mahsulotning kafolat muddati ham hali o‘tmagan. Avtomashinadagi o‘sha nuqsonni bartaraf etishning o‘zi bir hikoya bo‘ladi.

«Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi», degan maqol bor. Ana shu voqea sabab bo‘lib avtomobilning barcha jihozlari va funksiyalarini tekshirib chiqishga qaror qildim. Tekshirgan sari hayratdan yoqa ushlayman: qo‘llanmada ko‘rsatilgan jihoz va funksiyalardan naq qirqtasi mashinamizda yo‘q! Darhol «GM Uzbekistan» AJga murojaat qildim, natija bo‘lmagach, boshqa idoralarga ham...»

Tadbirkorning qo‘lida «avtomobildan foydalanish qo‘llanmasi» bor. Haqiqatdan ham, qo‘llanmadagi funksiyalar mashinada yo‘q. «GM Uzbekistan» AJ vakilining tadbirkorga bergan javobi bilan tanishamiz.

«Jamiyatning rasmiy saytida, rasmiy diler avtosalonlarida ham ushbu avtomobilning narxi bilan birga uning modeli, texnik xususiyatlari, opsiyalari kodi va ularning ma'nosi aniq ko‘rsatilgan. Xaridor ushbu ma'lumotlarga asoslangan holda, o‘z xohishi bilan avtomobil tanlab, shartnoma shartlarini qabul qiladi», — deyilgan.

Xo‘p, demak, «GM Uzbekistan» AJning rasmiy saytida ushbu avtomobil haqda aniq ma'lumot bor ekan. Saytga kirib ko‘rdik.

«GM Uzbekistan» AJ rasmiy saytida «EKSPLUATATSIYA BO'YICHA QO'LLANMA» rukni bilan «GM Uzbekistan» AJda ishlab chiqariladigan barcha avtomobillar qatori «Malibu» uchun ham qo‘llanma (PDF) bor. Ammo yana o‘sha holat: Bu qo‘llanmada ko‘rsatilgan funksiyalardan 40dan ortig‘i xaridor olgan avtomobilda yo‘q. Ana shunday bo‘lgani holda «GM Uzbekistan» AJ vakili xaridorga «Jamiyatning rasmiy saytida...» deb boshlanuvchi javob qaytarmoqda. Nega?

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, xaridor mahsulotni ko‘rib, tanlab xarid qilishi kerak. «Malibu» olmoqchi bo‘lgan xaridorda esa ko‘pincha bu imkoniyat yo‘q, u pulini oldindan 100 foiz to‘lab, ma'lum muddat kutgachgina mahsulotni ko‘rishi (sotib olgandan keyin) mumkin. Shunday bo‘lgach, u mahsulot haqda asosiy to‘liq ma'lumotni haqiqatdan ham «GM Uzbekistan» AJning rasmiy saytidan oladi. Shunday bo‘lgach, saytda ham, qo‘llanmada ham ko‘rsatilgan jihoz va funksiyalarning mahsulotda bo‘lmasligi iste'molchi huquqi buzilishi emasmi? «GM Uzbekistan» AJning javob xatlaridan birida muammoga quyidagicha izoh berilgan:

«Malibu» avtomobilidan foydalanish qo‘llanmasining «Qo‘llanmadan qanday foydalanish lozim» bo‘limida avtomobilning maksimal darajadagi jihozlanishiga ta'rif berilgan. Avtomobil modifikatsiyalari va har xil mintaqalar uchun ishlab chiqarilgan turlarining farqlanishi tufayli, ayrim elementlar va menyu funksiyalarining ta'rifi avtomobilingizga mos kelmasligi mumkin. Shu bois sizning avtomobilingiz, murojaatingizda ko‘rsatib o‘tilgan opsiyalar bilan jihozlanishi «GM Uzbekistan» AJ tomonidan ushbu avtomashinalarni ishlab chiqarish nazarda tutilmagan».

Demak, «GM Uzbekistan» AJning javobidan saytdagi va qo‘llanmadagi funksiyalarni «avtomobilning maksimal darajadagi jihozlanishiga ta'rif berilgan», deb tushuntirilmoqda. Unda, nega ana shu so‘zlar saytda yozilmagan? Xaridorlar gap maksimal jihozlanish haqida ketayotganini qayerdan bilsin?! Sotib olgandan keyinmi?!

Tadbirkor esa «har xil mintaqalar uchun ishlab chiqarilgan turlarining farqlanishi», degan izohga ham e'tiroz bildirmoqda. Uning fikricha, o‘zi xarid qilgan avtomobil dunyoning boshqa mintaqalaridan sotilayotgan, jihozlari to‘liq bo‘lgan bu turdagi avtomobillardan ham qimmatroq.

Aytaylik, tadbirkor 34 ming dollariga sotib olgan bu mashina AQSh va Janubiy Koreyadagidan 20 foizga qimmatroq. Shunday bo‘lgani holda, qirqdan ziyod funksiyalar yo‘q. Agar u jihozlarni alohida sotib olsangiz yana 4–5 ming dollarga tushasiz. Holbuki, «GM Uzbekistan» AJ aksiz solig‘i, qo‘shimcha qiymat soliqlari bo‘yicha imtiyozlarga ega. Mana shu joyi tushunarsiz qolmoqda.

Xullas, ming tortishgani bilan xaridor haq bo‘lib chiqmadi. Xorijlik investor nima qildi, deysizmi? U shundoqqina qo‘shni davlatga borib 35 ming dollarga «Toyota» avtomobilini olib keldi.

«GM Uzbekistan» AJ loaqal, o‘zining majburiyatlaridan biri bo‘lgan servis xizmatini ham qoyillatganida edi, ehtimol bunday bo‘lmasdi. Ammo mijozning qaysi mahsulotni tanlashi hozircha «GM Uzbekistan» AJni unchalik ham qiziqtirmaydi, aftidan.

Darvoqe, ko‘plab funksiyalari ishlamaydigan «Malibu»ni o‘zimizning tadbirkor minib yuribdi. «Bizga bo‘laveradi», deyishdan o‘zga chora yo‘q. Chunki monopolistning mahsuloti doimo qimmat va sifatsiz bo‘lib kelgan. Bu — aksioma.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid