O‘zbekiston | 14:05 / 14.10.2020
60167
1 daqiqa o‘qiladi

Vazirliklardan birining 84 nafar xodimi mehmonxonada yashagani uchun qariyb 1 milliard so‘m to‘landi

Investitsiya va tashqi savdo vazirligining 84 nafar xodimi 22 kun davomida Toshkent shahridagi mehmonxonda yashab, ovqatlangani uchun qariyb 1 milliard so‘m to‘lov amalga oshirilgan. 

Davlat xaridlari bo‘yicha ochiqlangan ma'lumotga ko‘ra, vazirlikning 84 nafar xodimi Toshkent shahrida joylashgan Inter Hotel (sobiq Intercontinental) mehmonxonasida 22 sutka yashab, uch mahal ovqatlangani hamda mehmonxona anjumanlar zalidan foydalangani uchun 918 million 677 ming 500 so‘m to‘lov amalga oshirilgan.

Vazirlik va mehmonxona o‘rtasida tuzilgan 7 aprel kungi shartnomaga qo‘shimcha qilingan hujjatga muvofiq, har bir xodimning mehmonxonada yashab, ovqatlanishi bir sutka uchun 515 ming so‘mga baholangan. Anjumanlar zalidan 22 sutka foydalanish uchun esa 77 million 402 ming so‘m to‘lab berilgan. 

Ta'kidlanishicha, ushbu shartnoma Loyiha boshqaruvi milliy agentligining tegishli xatiga asosan mehmonxona bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan. 

Kun.uz muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xodimlari nima sababdan Toshkentdagi mehmonxonada 22 kun yashagani haqida savol yo‘llagan.

Mavzuga oid