Jahon | 20:04 / 25.08.2025
6165
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh mehnat bozorida Buyuk retsessiya davridagi holat kuzatilmoqda

Odatda, ish joyini o‘zgartirganlarning maoshi o‘z joyida qolganlarnikiga qaraganda tezroq oshadi. Lekin so‘nggi 6 oy ichida, bu tendensiya teskarisiga o‘zgardi. Iqtisodchilarga ko‘ra, bunday o‘zgarish kamdan kam hollarda bo‘ladi va odatda mehnat bozori zaiflashgan paytlarda kuzatiladi. Oxirgi marta bu holat Buyuk retsessiya davrida kuzatilgan edi.

Massachusets shtatidagi Medford shahrida ishga qabul e’loni / Foto: Reuters

Odatda, ish joyini o‘zgartirgan xodimlarning maoshi qolganlarga qaraganda tezroq o‘sadi. Bu mantiqan to‘g‘ri: odamlar odatda yaxshiroq imkoniyat topganda ishni tark etadi, bu ko‘pincha yuqori maoshni anglatadi. Ammo 2025 yilda vaziyat o‘zgardi: mehnat bozori zaiflashgani sababli xodimlar “ish saqlash” rejimiga o‘tib, mavjud ish joyida qolishga harakat qilmoqda, deb yozadi CNBC.

Atlanta federal rezerv banki kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 6 oy ichida ishini saqlab qolganlarning ish haqi yillik o‘sishi ishini almashtirganlarnikidan yuqoriroq bo‘lgan. Farq katta emas: masalan, oxirgi bir yilda ish joyini o‘zgartirmagan xodimlarning maoshi iyul oyi holatiga yillik nisbatda 4,1 foizga oshgan bo‘lsa, ishini o‘zgartirganlarniki 4 foizni tashkil etgan.

Iqtisodchilar fikricha, bunday burilish mehnat bozoridagi chuqur zaiflikdan darak beradi.

Darhaqiqat, bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1990-yillarning oxiridan buyon ishini almashtiruvchilar va joyida qoluvchilar ish haqi o‘sishidagi uzoq muddatli tendensiya faqat 2000-yillar boshidagi Dotkom inqirozi paytida va keyinroq Buyuk retsessiya vaqtida kuzatilgan.

Oxirgi marta bunday holat 2009 yil fevralidan 2010 yil iyuligacha bo‘lgan 18 oy davomida sodir bo‘lgan. Bu – 2007 yil dekabridan boshlab AQSh ipoteka bozoridagi “pufak” portlab, moliyaviy institutlar qulashi tufayli Buyuk retsessiya yuzaga kelgandi. Ishsizlik darajasi 10 foizgacha ko‘tarilgan, bozor zaifligi tufayli xodimlar muzokara kuchini yo‘qotgan, ish topish qiyinlashgan edi. Natijada, ko‘pchilik odamlar maosh past bo‘lsa ham mavjud ish joyida qolishga majbur bo‘lgan.

Sabab va oqibat

So‘nggi yillarda AQShda iqtisodiy o‘sish sur’atining sekinlashuvi, yuqori foiz stavkalari va iqtisodiy noaniqlik sharoitida bo‘sh ish o‘rinlari kamaydi va ishga olish oxirgi o‘n yillikdagi eng sekin sur’atlarda ketmoqda.

Iqtisodchilar ta’kidlashicha, bu ayniqsa uzoq muddatli ishsizlar uchun muhim. Uzoq muddatli ishsizlik – bu kamida 6 oy davom etadigan ishsizlikdir. AQSh Mehnat statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida barcha ishsizlarning qariyb 25 foizi uzoq muddatli ishsiz bo‘lgan. Bu – 2022 yil fevralidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bunday odamlar ko‘pincha ishsizlik nafaqasidan ham mahrum bo‘ladi.

Mutaxassislarning tavsiyalari

Karera bo‘yicha ekspertlarning aytishicha, ish izlovchilar mehnat bozoridagi noqulay sharoitda ham muvaffaqiyatga erishishi mumkin.

Buning uchun:

  • professional aloqalarni kengaytirish uchun konferensiyalar, seminarlar, ma’ruzalar yoki uchrashuvlarda qatnashish;
  • tashqaridan emas, balki kompaniya ichidan yangi ish imkoniyatlarini izlash;
  • malaka oshirish va qayta tayyorlashga e’tibor qaratish lozim.
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid