Jamiyat | 19:25 / 07.09.2025
45091
3 daqiqa o‘qiladi

Angrendagi YTH oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi

Ichki ishlar vazirligi hodisa tafsilotlarini ma’lum qildi. YTHda jami 8 ta avtomobil ishtirok etgan, 9 kishi jarohatlangan, shundan 5 nafari tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyatining Angren shahrida 8 ta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lning 93 kilometrida fuqaro A.R. boshqaruvidagi sement tashuvchi Shacman rusumli yuk avtotransporti boshqaruvni yo‘qotib, harakat yo‘nalishidagi temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk avtomashinasi hamda beshta yengil avtotransport vositalari bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.

To‘qnashuv vaqtida kelib chiqqan yong‘in voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar yordamida tezkorlik bilan o‘chirilgan.

Hodisa oqibatida 7 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, turli tan jarohatlari olgan 5 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilgan, shuningdek, 4 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan.

«Hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida tegishli davlat organlarining mutaxassislaridan iborat Bosh vazir o‘rinbosari A.Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 sentabr kuni soat 12:20 atrofida Qamchiq dovonidan Angren shahriga kirib kelish joyida dahshatli avariya ro‘y berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda avtomobillar yonib ketgani aks etgan. Videolardan birida haydovchilardan biri kabinadan chiqishga ulgurgani aks etgan, bu esa sement ortilgan yuk mashina haydovchisi edi. 

Bundan oldinroq, Toshkent viloyati IIBB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan (Odamlar o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilayotgani haqida xabar bergandi.

Bu birinchisi emas

2021 yil 24 may kuni ham A-373 avtomobil yo‘lining taxminan shu qismida yana bir fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. O‘shanda Namangan-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan MAN rusumli tirkamali yuk avtomobili boshqaruvini yo‘qotib, yettita mashinani urib ketgandi, to‘qnashuv natijasida yengil avtomobillardan biri yonib ketgandi.

YTH natijasida 7 kishi voqea joyida vafot etgan, yana 14 kishi turli darajada tan jarohati olgandi.

Mavzuga oid