Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Italiyada Milan derbisi, Ispaniyada «Barsa» Suaresga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi
Foto: Getty Images
Qisqa tanaffusdan so‘ng, kuchli beshlik chempionatlari ham maydonga qaytmoqda. Shu bilan mart oyi oxirigacha ayniqsa, yevrokubok ishtirokchisi bo‘lgan jamoalar juda ko‘p o‘yinlarda qatnashadilar. Ilk sinovlar ham oddiy emas – Italiyada Milan derbisi, Ispaniyada yana Kataloniya va Madrid to‘qnashuvi, Angliyada esa hayot-mamot o‘yini.
5 fevral (shanba)
INTeR – MILAN
O‘yin boshlanish vaqti: 22:00
TV-translatsiya: SportTV
Mana ikkinchi yildirki, Milan derbisi shunchaki tarixiy maqom emas, ayni damda turnir jadvaliga, hatto chempionlik kurashiga bevosita ta’sir qiladigan to‘qnashuvlar sirasiga kirib oldi. Birinchi davradagi o‘yin oldidan «Inter» turnir jadvalining uchinchi pog‘onasida, «Milan» esa chempionatni boshqarib turgandi. Oradan uch oy etib, endi teskari, «qizil-qoralar» uchinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lsalar, Indzagi shogirdlari karvonboshi bo‘lib oldilar.
Bu o‘yin ayniqsa «Milan» uchun muhim, zero jamoa hozir hamshaharidan bir o‘yin ko‘p o‘tkazgan holda 4 ochko ortda bormoqda. Ya’ni agar «Milan» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, qariyb o‘n ochkoga ortda qolib ketadi. Bu farqni yo‘qqa chiqarish esa mavsumda atigi bir marotaba mag‘lubiyatga uchragan barqaror «Inter»ga qarshi deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. «Inter» oxirgi va yagona marotaba oktabr oyida «Latsio»ga safarda mag‘lubiyatga uchragandi. «Milan» esa aksinchi, so‘nggi o‘yinlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. «Spetsiya»ga qarshi o‘yindagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, «Yuventus» bilan durang sodir bo‘ldi.
Tarkibdagi yo‘qotishlarga kelsak, «Inter»da Xoakim Korreadan boshqa jarohatlanganlar yo‘q. Yaqinda «Atalanta»dan transfer qilingan Robin Gosens esa yaqin kunlarda to‘liq tiklanishi aytilmoqda, ammo ushbu o‘yinda «zayavka»dan chetda qolsa kerak. Shuningdek, uch kun oldin Aleksis Sanches Chili milliy jamoasi safida Boliviyaga qarshi maydonga tushdi. Hujumchi Italiyaga qaytgan bo‘lsa-da, o‘yingacha tiklanib ulgurmasa kerak.
«Milan» safida esa Fode Ballo Senegal safida Afrika Millatlar kubogi finalida maydonga tushadi. Lekin u hozir Milanda bo‘lganida ham, asosiy tarkibda kutish qiyin edi, zero Teo Ernandes butkul sog‘ayib, so‘nggi o‘yinlarda chap qanotni o‘ziniki qilib ulgurdi. «Yuventus»ga qarshi o‘yinni jarohat tufayli erta tark etgan Zlatan Ibrahimovich ham katta ehtimol bilan maydonga tusha olmaydi. Ante Rebichning ham maydonga tushishi so‘roq ostida.
Mavsumdagi ilk Milan derbisi durang bilan yakunlangandi. Umuman olganda esa oxirgi o‘ttiz derbining 13 tasida «Inter», 10 tasida «Milan» g‘alaba qozongan. Oxirgi uch o‘yinda «Milan» g‘alaba qozona olmayapti, so‘nggi 11 o‘yindan esa atigi bittasida «Milan»ning qo‘li baland kelgan.
5 fevral (shanba)
BAVARIYa – LeYPsIG
O‘yin boshlanish vaqti: 22:30
TV-translatsiya: MatchTV (Rossiya)
Nagelsman «Leypsig»dagi muvaffaqiyatli yillardan so‘ng, jamoani tark etgach, «redbulchilar»da muammolar paydo bo‘ldi va mavsum o‘rtasida murabbiyni almashtirishga ham majbur bo‘ldi. Qizig‘i, «Leypsig»ning hozirgi murabbiyi Dominiko Tedesko ham, «Bavariya»ni boshqarayotgan Yulian Nagelsman ham murabbiylik debyutini «Hoffenhaym» yoshlar klubida boshlashgan. Xuddi «Leypsig» singari, Tedesko «Hoffenhaym» yoshlar klubida Nagelsmanning ishini davom ettirgan. Mana shunday tariqa, bir maktab murabbiylari o‘zaro taktik kurashga kirishadilar.
Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida myunxenliklar mehmonda 4:1 hisobida ustun kelgandilar, lekin bu o‘yin Tedesko kelmasidan oldinroq sodir bo‘lgan. Umuman jamoalar Bundesliga va Germaniya kubogi doirasida jami 13 marotaba to‘qnash kelganlar va 7 o‘yinda «Bavariya» ustun kelgan. Faqat bir marotaba, 2018 yilning martida «Leypsig» 2:1 hisobida ustun kelgan. O‘sha o‘yinda mezbonlar safida maydonga tushgan Konate va Keyta hozir «Liverpul»da, g‘alaba goli muallifi Timo Verner esa «Chelsi»ga ketib ulgurdi. Dayot Upamekano esa Nagelsman bilan birga «Bavariya»ga ko‘chib o‘tdi va bu safar sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
«Leypsig» turnir jadvalida ancha pasayib ketgan bo‘lsa-da, Tedesko vaziyatni qisman o‘nglay oldi va hozirda jamoa 31 ochko bilan 6-o‘rinni egallab turibdi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarda «Union Berlin» va «Frayburg» kabi kutilmagan jamoalar turganini e’tiborga olsak, «Leypsig»da hech bo‘lmasa, YeChL yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlardan birini egallash imkoniyati yomon emas. Jamoa Bundesligada oxirgi 3 o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. «Bavariya» esa olti ochkolik farq bilan turnir jadvalini boshqarib turibdi.
Jamoalar tarkibidagi holatga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlar safida Buna Sarr Afrika Millatlar kubogi finalida o‘ynaydi, Shupo Motingning Kameruni yarimfinalda imkoniyatni boy berdi. Bu ikki futbolchi jamoaga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Goretska keyingi haftalarda tarkibga qaytadi, Alfonso Deyvisning qaytish payti esa aprel oyida kutilmoqda.
5 fevral (shanba)
BYoRNLI – UOTFORD
O‘yin boshlanish vaqti: 23:00
TV-translatsiya: UzReportTV
Ushbu haftada APL jamoalari Angliya kubogining navbatdagi bosqichida maydonga tushadi. Bu safar ham qiziq o‘yinlar bor – «Tottenhem»ning «Brayton» bilan, «Everton»ning esa «Brentford» bilan o‘yinlari shular jumlasidandir. Kulusevski, Donni van de Bek, Dele Alli, Kristian Eriksen kabi futbolchilar bu o‘yinlarda yangi jamoa safida debyut qilishlari mumkin. APL doirasida esa birgina uchrashuv bo‘lib o‘tadi va bu o‘yin ham muxlislarning nazaridan chetda qolmasligi kerak. Zero APLda jon saqlab qolish uchun kurashayotgan ikki jamoaning to‘qnashuvi ancha shiddatli va kurashlarga boy o‘tishi shubhasiz.
«Uotford» va «Byornli» ayni damda turnir jadvalining so‘nggi pog‘onalarini egallab turibdilar, lekin asosiy raqiblarga nisbatan «Uotford»da 1-2 ta, «Byornli»da esa 3-4 ta zaxira o‘yini borligini e’tiborga olsak, hali hamma kurash oldinda.
Yana bir e’tiborli jihat shundaki, «Uotford» mavsumda ikkinchi marta o‘z murabbiyini iste’foga chiqardi. Raneri o‘rniga Angliyada yaxshigina tajribaga ega bo‘lgan Roy Hojson tayinlandi va bu o‘yinda ushbu murabbiy debyut qiladi. «Byornli» safida ham yangi nom bor – Vauter Vegorst. Klub asosiy hujumchilaridan biri Kris Vudni «Nyukasl»ga 25 million funtga sotgach, bu pulning yarmiga Erdiviziya va Bundesligada jami 100 dan ortiq gol urgan hujumchini «Volfsburg»dan transfer qildi. Tabiiyki, uning APL dagi debyuti ham muxlislar uchun qiziq bo‘lishi shubhasiz.
«Byornli» 9 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti va jamoaning APLdagi oxirgi g‘alabasi oktabr oyida «Brentford» ustidan bo‘lgandi. Qizig‘i, «Uotford»ning ham 9 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasi bo‘lib, oxirgi muvaffaqiyat noyabr oyida «Manchester Yunayted» bilan o‘yinda sodir bo‘lgandi. Ushbu uchrashuv birinchi davradagi qoldirilgan o‘yin bo‘lib, jamoalar mavsumda ilk bor to‘qnash kelmoqdalar. «Uotford» o‘tgan mavsumni Chempionshipda o‘tkazdi, 2019/20 mavsumida esa har ikki o‘yinda «Byornli»ning qo‘li baland kelgan.
Tarkiblarga kelsak, har ikki jamoada ham diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydigan futbolchilar bor. Mezbonlardan Braunhill «Arsenal»ga qarshi o‘yinda beshinchi sariq kartochkasini olgandi, «Uotford» esa yetakchi hujumchisi Emmanuel Dennissiz o‘ynaydi. Futbolchi «Norvich»ga qarshi uchrashuvda hakam tomonidan chetlatilgandi. Shuningdek, «Byornli» safida Vidra, Gudmundsson va Teylor, mehmonlardan esa Nkulu va Etebolarda jarohatlar bor. «Uotford» vingeri Ismoil Sarr esa yuqorida eslangan «MYu»ga qarshi o‘yinda jarohat olgandi. U hozirda tiklanib ulgurdi, lekin Senegal milliy jamoasi bilan birga Afrika Millatlar kubogi uchun kurashni davom ettirmoqda.
6 fevral (yakshanba)
BORUSSIYa DORTMUND – BAYYeR
O‘yin boshlanish vaqti: 19:30
TV-translatsiya: MatchTV (Rossiya)
Ushbu mavsum Bundesligada «Bavariya»ni ta’qib qilib, sal bo‘lsa-da, intriga paydo qilishi mumkin bo‘lgan jamoa «Borussiya»dir. Buning uchun dortmundliklar ayniqsa, mana shu oyni yuqori saviyada o‘tkazishlari kerak. Chempionat doirasida jamoa qatorasiga «Bayyer», «Union Berlin» va Myonxengladbaxning «Borussiya»siga qarshi o‘yinlarda maydonga tushadi. Hozirda peshqadamdan 6 ochkoga ortda borayotgan «Borussiya» D imkon qadar mana shu uchrashuvlarda ochko yo‘qotmasligi shart.
«Bayyer» esa dortmundiklarni ta’qib qilib bormoqda. To‘g‘ri, Leverkuzen jamoasi 2-o‘rindan ko‘ra, pastdagi jamoalarga yaqinroq. Shuning uchun ham «Bayyer» g‘alaba uchun o‘ynaydi, chunki mag‘lubiyat shu turdayoq jamoani hatto beshinchi o‘ringa tushib yuborish ehtimoli bor.
«Borussiya» va «Bayyer» o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlar ayniqsa, so‘nggi paytlarda juda qiziqarli va tomoshabop bo‘lmoqda. Shunchaki, sentabr oyida bo‘lib o‘tgan birinchi davra uchrashuvini eslash kifoya. O‘shanda juda ko‘p gollar urilgan, o‘yinning oxirgi choragida mezbonlar, ya’ni «Bayyer» 3:2 hisobida oldinda borgan, ammo Holand va Gerreyruning gollari «Borussiya»ga g‘alaba keltirgandi. Umuman olganda, oxirgi 20 o‘yinning 12tasida dortmundliklarning qo‘li baland kelgan. Mana shu davrda «Bayyer» hisobida 5 g‘alaba bor.
«Borussiya» safida katta yo‘qotish albatta, Erling Holanddir. Hujumchi kelasi haftalarga safga qaytishi kerak va katta ehtimol bilan ushbu o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Aks holda, biz Levandovskini to‘purarlar bahsida ta’qib qilayotgan ikki yaxshi hujumchining dueliga guvoh bo‘lishimiz mumkin edi. Holand va Patrik Shik. Shuningdek, Hummelsning ham kasal ekani aytilmoqda. Shmalser esa mashg‘ulotlarga qaytdi va balki uchrashuv qaydnomasidan joy olishi mumkin. Mehmonlar safida esa jarohat tufayli Lunev, Sinkgraven, Palasios, Baumgartlingerlar maydonga tusha olishmaydi. «Zenit»dan transfer qilingan Sardor Ozmun ham to‘liq tiklanib ulgurmagan. Edmond Tapsoba esa Burkino Faso milliy jamoasi safida Afrika Millatlar kubogi yarimfinaligacha yetib bordi va uchinchi o‘rin uchun bahsda Kamerunga qarshi maydonga tushadi.
6 fevral (yakshanba)
BARSeLONA – ATLeTIKO
O‘yin boshlanish vaqti: 20:15
TV-translatsiya: FutbolTV / UzReportTV
«Barselona»ning ushbu haftadagi o‘yini raqibdan qat’i nazar, alohida e’tiborga molik, zero klub transfer oynasining so‘nggi kunlarida bir qator e’tiborli xaridlarni amalga oshirdi. Adama Traore va Per Emerik Obameyang «Atletiko»ga qarshi o‘yinda «Kamp Nou»da debyut qilishlari mumkin. To‘g‘ri, Adama Traore o‘z vaqtida «La Masiya»da tarbiyalangan va to‘qqiz yil oldin hatto maydonga tushgan ham. Lekin tan olish kerak, u har tomonlama boshqa Traore edi. Bu futbolchilar Torres, Ezzazuli, Depay, Breytgueyt kabi futbolchilar ham safga qaytib ulgurishgan – bu safar Xavida ijobiy ma’noda boshog‘rig‘i bor deb, bemalol ayta olamiz.
«Atletiko» esa Ispaniya kubogi va Superkubogidagi mag‘lubiyatlardan so‘ng, «Valensiya»ga qarshi o‘yinda ijobiy hissiyotlarni boshdan kechirdi, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda kambekni amalga oshirdi. Birinchi davradagi «Barselona» ustidan ishonchli g‘alaba ham Simeone shogirdlariga yetarlicha ishonch taqdim etsa kerak. Umuman olganda besh o‘yindan beri «Barselona» ushbu raqibi ustidan g‘alaba qozona olmayapti, oxirgi uch o‘yinda esa kataloniyaliklar hatto gol ham ura olishmagan.
Turnir jadvalida raqiblar yonma-yon joylashishgan. Mezbonlarda 21 o‘yinda 35, «Atletiko»da shuncha o‘yindan so‘ng, 36 ochko mavjud. «Barselona» bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali top-4ga kirishi, «Atletiko»ni esa u yerdan chiqarib yuborishi mumkin.
Jarohatlangan borasida «Barsa»da vaziyat yomonroq. Fati, Langle, Roberto va Umtitida turli ko‘rinishdagi jarohatlar mavjud bo‘lsa, Usmon Dembelening jamoaga yordam berishi ham ma’lum emas. Klub intizomiy chora sifatida uni tarkibdan chetlatgandi, lekin transfer oynasi yakunlangach, vaziyat o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Fransiyalik hujumchi Yevropa ligasi uchun «zayavka»ga kiritilgani ham, Xavi hech bo‘lmasa yozgacha undan foydalanishi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, Dani Alvesh shuncha yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor «Kamp Nou» tomoshabinlari oldida maydonga tushish ehtimoli bor. Alvesh tugayotgan haftada Braziliya tarkibida maydonga tushgani va qisqa muddatda qay darajada tayyor holda Barselonaga qaytganiga ham bog‘liq, albatta.
«Atletiko» safida jarohatlanganlar deyarli yo‘q bo‘lsa-da, Alvesh singari, hafta davomida Janubiy va Shimoliy Amerikadagi milliy jamoalar o‘yinlarida bo‘lib qaytganlar ko‘p. Himenes, Lodi, Errera, Kunya va Suares shular jumlasidandir. Shuningdek, Antuan Grizmann kichik jarohatidan tiklanib ulgurmagani va madridliklarning so‘nggi mashg‘ulotlarida qatnasha olmagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
BOShQA O‘YINLAR
5 fevral. CheLSI – Plimut (17:30), ROMA – Jyenoa (19:00), MANCheSTeR SITI – Fulhem (20:00), TOTTeNHEM – Brayton (6 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).Osasuna – SeVILYa (6 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
6 fevral. ATALANTA – Kalyari (16:30), LIVeRPUL – Kardiff (17:00), Venetsiya – NAPOLI (19:00), Lill – PSJ (7 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), YuVeNTUS – Verona (7 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), ReAL – Granada (7 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).
Mavzuga oid
12:35 / 25.12.2025
Tergov sabab Italiya bosh vaziri sotishga bergan rasmiy sovg‘alarini auksiondan qaytarib oldi
14:24 / 06.12.2025
O‘zbekistonga kelgan Italiya fuqarolari soni bir yilda qariyb 5 mingga ko‘paydi
15:05 / 28.11.2025
Italiya Nord Stream ishi bo‘yicha gumonlanuvchini Germaniyaga topshirdi
22:08 / 20.11.2025