Jamiyat | 12:17 / 19.11.2025
5514
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Soliq boshqarmasi bosh inspektori 5 ming dollar bilan ushlandi

Surxondaryodagi to‘qimachilik korxonasiga nisbatan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash ishi doirasida 8,7 mlrd so‘mlik qo‘shimcha soliqni bekor qilish evaziga 5 ming dollar olgan Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektori Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Surxondaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167- va 184-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu jinoyat ishi doirasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar Soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan taftish natijasida MChJga nisbatan qo‘shimcha 8,7 mlrd so‘m soliq hisoblangan.

Joriy yil 15 sentabr kuni sud tomonidan mazkur korxonada qayta taftish o‘tkazish haqida ajrim chiqarilganidan so‘ng, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi Soliq auditi bo‘limi bosh inspektori qayta taftish davomida ushbu qo‘shimcha soliqni bekor qilib berishini ma’lum qilib, evaziga korxona vakillaridan 5 ming AQSh dollari olgan.

Biroq u dastlabki taftishda hisoblangan 8,7 mlrd so‘mlik qo‘shimcha soliqni to‘liq bekor qilishni uddalay olmagan. Shu sababli muqaddam olgan 5 ming dollarni MChJ vakillariga qaytarib bermoqchi bo‘lgan paytida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid