Jamiyat | 18:24 / 01.04.2019
8200
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzax shahrida landshaft dizayni qoidalari asosida yangi bog‘ barpo etiladi

Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining ko‘lami va miqyosi tobora kengayib borayotgan, shaharlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarayotgan bugungi kunda zamonaviy landshaft dizayni qoidalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Landshaft arxitekturasi asrlar davomida bog‘-istirohatchilik san'atining shaharsozlik san'atiga uyg‘unlashib ketishi ko‘cha va yo‘llar o‘tkazish, maydonlar tashkil qilish va ularga kompozitsiyalar berish asosida shakllangan.

Jizzax viloyati hokimligi bosh maydonida bunyod etilayotgan landshaft bog‘ ham fikrimizga isbot bo‘la oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30–31 yanvar kunlari Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida viloyat markazini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha bir qator muhim topshiriqlar bergan edi.

Ana shu topshiriq yuzasidan Jizzax viloyati hokimligining bosh binosi maydonida bunyod etilayotgan istirohat va dam olish maskani tamomila o‘zgacha, jahon andozalariga mos ravishda bo‘ladi.

Mazkur qurilish va bunyodkorlik ishlari Koreya Respublikasi, Qozog‘iston va O‘zbekiston qo‘shma korxonasi «Bogo Engineering» MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

— Mazkur loyiha ustida juda ko‘p bosh qotirdik. Jahon andozalari asosida bunyod etilishi mo‘ljallanayotgan dam olish maskani boshqa istirohat va dam olish markazlaridan dizayni bilan farq qiladi. Gap shundaki, hudud yorqin ranglar asosida yilning to‘rt faslini namoyon etadi. Bog‘ yilning to‘rt faslida ham gullab yashnab turadi. Buning uchun dunyoning turli burchaklaridan bahor, yoz, kuz va qish oylarida gulga kiradigan anvoyi daraxt va ko‘chatlar keltiriladi. Favvoralar va veloyo‘lakchalar bilan bir qatorda maydon markaziga 14X7 metr o‘lchamdagi, ustuni 60 metr bo‘lgan bayroq ham o‘rnatiladi. Mashhur arxitektorlar maslahati bilan yaratilgan loyihaga asosan bog‘ hududini yer osti favvoralari, yoritish moslamalari bilan jihozlangan o‘rindiqlar egallaydi, yo‘laklar esa fosforli toshlar aks ettirilgan naqshli bezaklar bilan bezatiladi. Maydondagi viloyat hokimligining binosi ham yangicha uslubda ta'mirlanib eng so‘nggi rusumdagi texnik jixozlar bilan ta'minlanadi, — deydi «Bogo Engineering» MChJ rahbari Sherzod Abdisattorov.

Bog‘ga keltiriladigan gul va daraxt ko‘chatlari o‘ziga xos shakli, turlicha yaproqlari, guli bilan bir biridan farqlanadi. Tabiiyki savol tug‘iladi: bu manzarali o‘simliklar bizning iqlim sharoitimizga moslashadami?

— Xorijiy mamlakatlardan keltiriladigan nabotot xillari avvalo yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtiriladi. Bu borada xorijlik hamkasblarimiz bizga yaqindan ko‘makchi bo‘lishadi. Havo, tuproq, suv, o‘g‘it – hammasidan o‘rni va me'yorida foydalanish har qanday o‘simlikning «tili»ni topishda qo‘l keladi. Biz tomondan ishlab chiqilgan loyihada bularning barchasi ko‘zda tutilgan. Landshaft dizaynining zamonaviy namunalarini o‘zida aks ettiradigan bog‘ yurtimizda yagona bog‘ bo‘lishiga shubhamiz yo‘q, — deydi Sherzod Abdisattorov

Ta'kidlash joiz, bog‘da qurilish va montaj ishlari jadallik bilan amalga oshirilyapti. Ayni kunlarda ta'mirlash ishlariga 150dan ziyod quruvchilar jalb etilgan. Bog‘ aholining, eng avvalo yoshlarning jahon standartlari darajasidagi yuqori sifatli, madaniy-dam olish xizmatlariga bo‘lgan talabini ta'minlashga qaratiladi. Loyihani amalga oshirish sifatli madaniy hordiq chiqarishni tashkil etish va odamlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tkazilishini ta'minlaydi, qolaversa, Jizzax shahrining turistik jozibadorligini oshiradi.

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid