O‘zbekiston | 15:23 / 19.09.2023
17402
3 daqiqa o‘qiladi

Chang, chuqur, tirbandlik – qazilgan yo‘llar qachon ko‘miladi?

Toshkent shahri yo‘llarida mashinada yurish tobora qiyinlashib bormoqda. Ayniqsa, qatnov faol bo‘lgan soatlarda bir necha chaqirim masofaga borish uchun odamlarning anchagina vaqti yo‘lda o‘tyapti. Ayrim chorrahalarda yo‘l cheti kabel yotqizish maqsadida qazilib, tuzatilmasdan ikki-uch oy tashlab qo‘yilishi esa yo‘llarni yanada noqulay va xavfli qilib qo‘yyapti.

Toshkentning yo‘l infratuzilmasiga nisbatan yondashuvda xatolar borligini sentabr oyi yaqqol ko‘rsatib berdi. Ko‘chalarda jamoat transportlari emas, avtomobillarga ustunlik berilayotgani sabab, tabiiy ravishda odamlarda avtomobil olishga rag‘bat va xohish paydo bo‘lmoqda. Bu esa havo ifloslanishi va tirbandliklarni ko‘paytiryapti. Avtomobillar shu qadar ko‘pki, ko‘chalar bo‘sh bo‘lgan payt, masalan tong saharda 15 daqiqada yetib oladigan joyingizga, kunduzi bir soatga yaqin yo‘l yurishingiz mumkin.

Bu ham yetmagandek, oxirgi oylarda yer ostidan kabel o‘tkazish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilayotgani ham tirbandlikni oshiryapti. Yer qazuvchilar va kabel tashlaydiganlar boshqa, asfaltlaydiganlar boshqa, bu ishlarni muvofiqlashtiradiganlar esa nima bilan shug‘ullanyapti – bizga noayon.

Katta muammolarga to‘lib toshgan katta megapolisning birgina ko‘chasi misolida tirbandlik muammosini ko‘rsatmoqchimiz.

  • Qorasaroy va Kichik halqa yo‘li kesishmasi;
  • Shimoliy Olmazor va Kichik halqa yo‘li kesishmasi;
  • Sag‘bon va Kichik halqa yo‘li kesishmasi;
  • Chimboy va Kichik halqa yo‘li kesishmasi;

Bu chorrahalarda qanday umumiylik bor? Javob: nafaqat tig‘iz vaqtlarda, balki kunning istalgan soatida ham tirband bo‘ladigan bu chorrahalar ko‘chalarning qazib tashlangani va 2 oydan oshgan bo‘lsa ham shu holicha tashlab ketilgani uchun dahshatli holatga kelgan.

Natijada, aholi ba’zi vaqtlarda bir chorrahadan ikkinchisiga yetib olish uchun hatto yarim soatgacha vaqt sarflayapti. Bu ham yetmagandek, bir polosasi qazib tashlangani uchun toraygan yo‘lning o‘sha qazilgan tomoniga “tiqilib”, hammani aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan shovvozlar, atrofni chang-to‘zonga to‘ldiryapti. Shu hududda yashayotgan aholi chang va avtomobillardan chiqayotgan zaharli havodan nafas olishga majbur.

Xo‘sh, yechim qanday? Mas’ullar holatdan xabardormi? Muammo hal etilishi va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligiga umid qilsak bo‘ladimi? Biz ulardan javob va amaliy harakatlar kutamiz.

Mavzuga oid