O‘zbekiston | 15:32 / 30.07.2025
5018
2 daqiqa o‘qiladi

“Samarqandda bolalar dam oladigan joy yo‘q” - Adiz Boboyev yangi parklar tashkil etishni buyurdi

Samarqand shahrida yashovchi bolalar “50 gradus issiqda, to‘rtta devorning orasida o‘tiribdi”, chunki borib o‘ynaydigan joyi yo‘q, dedi viloyat hokimi v.v.b. Adiz Boboyev. U shaharning bir nechta nuqtasida parklar tashkil etishga topshiriq berdi. Xususan, harbiy gospital o‘rnida tashkil etiladigan park 1 sentabrgacha ishga tushishi kerak.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati hokimi v.v.b. Adiz Boboyev shaharda bolalar va keksalar dam oladigan joylar yetishmasligini tanqid qilib, bir nechta joyda zamonaviy parklar tashkil qilinishini aytdi.

“Bolalarimiz dam olishi kerak desak, bittagina park bor. To‘rtta odam kirsa, beshinchisi kirolmaydi. Tamom. Shu ahvolga kelib qolganmiz. Domda, to‘rtta devorning orasida o‘tiribdi kuni bo‘yi. Havo 50 gradus issiq, bola bechoralar ko‘chaga chiqolmaydi, boradigan joyi yo‘q, o‘ynaydigan joyi yo‘q. Kanikul o‘tib ketdi shu bilan, tamom. Nuroniylarimiz, otaxon-onaxonlar bir ko‘chaga chiqib, parkda, toza havoda yurishi kerak-ku. Yo‘q unaqa joy!” – dedi Boboyev.

Hokim Samarqand shahridagi harbiy gospital o‘rnida 5 gektardan ortiq park tashkil qilinishi, 1 sentabrgacha ishga tushirilishi kerakligini aytdi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi “Vatanparvar” bog‘i yonidagi 7 gektar hududda attraksionlar va suv havzalari tashkil qilinishi, So‘g‘diyona va Qorasuv massivlarida qarovsiz qolib ketgan parklar tiklanishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.

“Bolalar o‘ynasin axir. Ko‘paytirishimiz kerak bunaqa parklarni”, – dedi viloyat rahbari.

Mavzuga oid