O‘zbekiston | 17:37 / 10.11.2022
32256
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Ukraina razvedkasining ayblovlarini rad etdi

Tashqi ishlar vazirligida Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

10 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Ukrainaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Elchiga Ukraina mudofaa vazirligi vakilining amaldagi sanksiya cheklovlarini chetlab o‘tib, ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berilgani haqida OAVda tarqalgan asossiz bayonoti munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.

Ukraina tomonidan OAVda O‘zbekistonga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

«Shu bilan birga, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukraina tomonining rasmiy so‘rovlari kelib tushgan taqdirda, ularni qiziqtirgan masalalarni o‘rganish va xolis ma’lumot berishga tayyor», deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, elchi Nikolay Doroshenko O‘zbekiston tomonining xavotirlari va uchrashuv natijalarini Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga zudlik bilan yetkazishini ishonch bilan bildirgan.

  • 9 noyabr kuni Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiy La Repubblica uchun bergan intervyusida O‘zbekiston RFga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berayotgani, bu davlatga raketalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan, Amerika va Yaponiya tomonidan ishlab chiqarilgan qismlarni sotayotganini aytgandi.

Mavzuga oid