O‘zbekiston | 21:10 / 25.11.2025
14902
12 daqiqa o‘qiladi

Ekologik farmon: qurilishlar va korxonalar ustidan qat’iy nazorat, sun’iy ko‘llar, transport harakatidagi cheklovlar

Toshkentdagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun maxsus komissiya tuzilib, unga jiddiy vakolatlar berildi.

Foto: Kun.uz 

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Mazkur komissiya zimmasiga poytaxtda havo sifati, yashil hududlarni asrash va ko‘paytirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish, sanoat korxonalari faoliyatida ekologik talablarga rioya etilishini kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularning ijrosini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatiladi.

Maxsus komissiyaning unga yuklatilgan vazifalar va berilgan vakolatlar doirasida qabul qilingan qarorlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.

Farmonda belgilangan choralar Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi salomatligini muhofaza qilish va yashash uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.

Transportlar harakatida cheklovlar

Maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar beriladi:

1) Tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;

2). Transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:

  • Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishini cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
  • harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilash.

3) atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish;

4) Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;

5) sanoat korxonalari uchun tashlanmalarning ruxsat etilgan miqdorini belgilash va ushbu talabni buzgan sanoat korxonalari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha belgilangan tartibda chora ko‘rish;

6) qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish va boshqa talablar;

7) davlat organlari va tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtirish;

8) oqar suv (daryo, kanal, ariq) obektlarida suv obektlari qirg‘oq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq boshqa vakolatlar.

Qurilish obektlaridagi tekshiruvlar

Maxsus komissiya bir hafta muddat ichida Toshkent shahrida qurilish uchun ajratilgan 500 m kv va undan ortiq maydonlarda quyidagi talablar orasida tekshiruv ishlarini amalga oshiradi:

  1. umumiy maydonning 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilgani;
  2. qurilish maydonlarida suv purkagichlar o‘rnatilgani;
  3. qurilish maydonlarining kirish-chiqish yo‘laklarida avtotransport vositalari g‘ildiraklarini yuvish hovuzlari barpo etilgani;
  4. qurilish materiallari va maishiy chiqindilarni tashishda transport vositalari brezent yoki PVX qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan yopilgan tarzda harakatlanishi;
  5. qurilish maydonining chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmayotgani.

Hovlini sug‘orishga qo‘yilgan cheklov bekor qilinadi

Yangi tartibga ko‘ra:

  1. maydoni 1000 m kv.dan ko‘p bo‘lgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va uni Ekologiya qo‘mitasiga integratsiya qilish qurilishni davom ettirishning asosiy sharti etib belgilanadi;
  2. Toshkent shahri hokimligi tomonidan yoz-kuz mavsumida asosiy yo‘l chetlarida mavjud bo‘lgan daraxt va butalarni kunning birinchi yarmida hamda haftada kamida 3 marta yuvish ishlari va tegishli xulosaga asosan biotexnik tadbirlar amalga oshiriladi;
  3. jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sug‘orish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo‘yilgan cheklov (soat 00:00 dan soat 05:00 gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi. Bunda ichimlik suvidan boshqa maqsadda foydalanish bo‘yicha cheklov o‘z kuchida qoladi; ko‘p kvartirali uylarga sug‘orish uchun suv rezervuarlarini o‘rnatish choralari ko‘riladi;

Sun’iy ko‘llar

Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahri hududida atmosfera havosining sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mikroiqlim barqarorligini ta’minlash maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi va «O‘zsuvta’minot» AJ bilan birgalikda uch oy muddatda poytaxtning 4 ta yo‘nalishida (sharq, g‘arb, shimol va janub qismlarida) kamida 3 tadan sun’iy ko‘l va suv havzalarini tashkil etishi kerak.

Shuningdek, poytaxt hokimigi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Toshkent shahri hududidagi favvoralar sonini kamida 2 baravarga ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlab, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga kiritishi kerak.

Issiqxonalarga gaz

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda joylashgan barcha issiqxonalar yaqin vaqt ichida tabiiy gaz bilan isitishga o‘tkazilishi kerak.

Energetika vazirligiga bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona obektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etish va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlash topshirildi.

Shuningdek farmonga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi kerak:

  1. maydoni 200 kv metr va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud bo‘lmaganligi uchun ma’muriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshirish;
  2. maydoni 200 kv metr va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish.

Ekologik monitoring

Atmosfera havosi ifloslanishi bo‘yicha ekologik monitoring tizimi 2025 yil yakuniga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda takomillashtiriladi:

2025 yil yakuniga qadar atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringi uchun 347 ta avtomatlashtirilgan stansiya to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotib olinadi.

Air Monitoring Tashkent platformasi va Toshkent shahar hokimligiga tegishli 10 ta avtomatik monitoring stansiyasi Ekologiya qo‘mitasi boshqaruviga o‘tkaziladi va qo‘mita tomonidan mazkur platforma negizida Air Monitoring Uzbekistan platformasi ishga tushiriladi.

Ekologiya qo‘mitasi tomonidan Air Monitoring Uzbekistan platformasiga xarid qilinishi rejalashtirilgan 347 ta stansiya, Gidrometeorologiya xizmati agentligi tizimidagi barcha kuzatuv stansiyalari, shu jumladan «Zamin» fondi ko‘magida o‘rnatilgan 23 ta avtomatik stansiya ulanadi.

Havo tozalagichlar bojdan ozod etiladi

Farmonga muvofiq, atmosfera havosining PM2.5 kabi mayda zarrachalar bilan ifloslanish manbalarini aniqlashga ixtisoslashgan maxsus laboratoriya tashkil etiladi.

U kosmik tasvirlar, zamonaviy o‘lchov uskunalari va modellashtirish texnologiyalari asosida tahlillar olib boradi, qabul qilinayotgan ekologik qarorlarni ilmiy jihatdan asoslashga xizmat qiladi.

Maxsus laboratoriyaga uskunalar va unga zarur bo‘lgan jihozlar, jumladan termik optik tahlillarni olib borish uchun termo-optik analizator uskunasi hamda atmosfera havosi namunalarini yig‘ib olish uchun 5000 dona kvars filtrlar eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilinadi.

Shuningdek, maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar, tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari, avtomatik kuzatuv postlari, chang-gaz tozalash uskunalari, lokal suv tozalash inshootlari hamda tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.

Eski avtomobillarni trade-in orqali yangilash tizimi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «O‘zavtosanoat» AJ bilan birgalikda avtotransport vositalarining atmosfera ifloslanishiga ta’sirini kamaytirish maqsadida bir oy muddatda Toshkent shahrida «Yevro-4» ekologik standartiga javob bermaydigan, M va N toifasiga mansub, 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillarni trade-in orqali yangilash mexanizmi joriy etiladi.

Ushbu mexanizm orqali eski avtomobillar egalariga ularni yangiroq, ekologik jihatdan xavfsizroq transport vositalariga almashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi, bu esa o‘z navbatida poytaxt havosining ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Soyali sayr ko‘chalari va «yashil koridor»

Toshkent shahar hokimligi Ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahrining barcha tumanlarida yashillik darajasi past bo‘lgan va uzunligi 5 kilometrdan kam bo‘lmagan ko‘chalarni (har bir tumanda uchtadan) tanlab olish orqali «Soyali sayr ko‘chalari» tashkil qilinadi.

2026 yil bahor hamda kuz mavsumlarida Toshkent shahri mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan Toshkent shahrining 33 kilometr uzunligidagi kichik halqa yo‘li bo‘ylab «Yashil koridor» loyihasi amalga oshiriladi.

2026 yil 1 aprelga qadar xorijiy kompaniya va ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda «Yashil Toshkent» master rejasi ishlab chiqiladi.

Toshkent shahrining 700 ta chorrahasida zamonaviy, sun’iy intellekt yordamida harakat oqimini boshqarish imkoniyatiga ega intellektual svetofor tizimi joriy qilinadi.

Havo sifati bo‘yicha rangli indeksatsiya

O‘zbekistonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida havo sifati ko‘rsatkichlari milliy tavsiyaviy indeksatsiyasi (yashil, sariq, qizil, jigarrang) tasdiqlanadi.

Indeksatsiyani 1 dekabrga qadar ishlab chiqish Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ekologiya qo‘mitasiga topshirildi.

Tavsiyaviy indeksatsiya asosida ifloslangan havoning odam organizmiga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha maska kiyish va boshqalar kabi tavsiyalar ham ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, havo sifati keskin buzilishi holatlarida aholini Sanitariya xizmati tomonidan erta ogohlantirish tizimini joriy qilinadi.

Farmonda yana nimalar ko‘zda tutilgan?

Ichki ishlar vazirligi 2026 yil yakuniga qadar respublikadagi barcha toifaga kiruvchi transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Bosh prokuratura 2025 yil 25 noyabrdan 2026 yil 25 martga qadar mazut, ishlatilgan avtomobil moyi va shinasining noqonuniy aylanmasining oldini olishi, aniqlangan taqdirda keskin choralar ko‘rishi, natijasi yuzasidan prezident administratsiyasiga axborot kiritishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid