Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kreml: Putin va Uitkoff Ukraina bo‘yicha murosaga erisha olmadi
AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni bartaraf etish bo‘yicha Vashington rejasini muhokama qildi. Kremlda bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff uchrashuvi taxminan besh soat davom etdi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, hozircha murosa varianti topilmagan.
Foto: Kristina Kormilitsyna/Sputnik/AP
Kremlda Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etish masalasida Rossiya va AQSh o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv deyarli besh soat davom etgan va chorshanba, 3 dekabr kuni, Toshkent vaqti bilan taxminan 02:30 da yakunlangan.
Rossiya tomonidan muzokaralarda RF prezidenti Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va prezidentning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ishtirok etgan. Qo‘shma Shtatlar tomonidan esa muzokaralarda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner qatnashgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov muzokaralar yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga bergan izohida uchrashuvda Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasining bir nechta varianti ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaga AQShning dastlabki “tinchlik rejasi”dan tashqari yana to‘rtta hujjat taqdim etilgan.
Ushakov ta’kidlashicha, Vladimir Putin Vashingtonning qator takliflariga nisbatan “tanqidiy, hatto salbiy munosabatda” ekanini yashirmagan. Uning aytishicha, uchrashuvda “aniq hududiy masalalar” ham muhokama qilingan.
«Hozircha murosa varianti topilmadi. Biroq amerikaliklar tayyorlagan ayrim takliflar shunchaki qabul qilib bo‘lmas emas, ma’lum ma’noda qabul qilinishi mumkin. Lekin ularni muhokama qilish kerak. Bizga taklif etilgan ba’zi ifodalar mos kelmaydi. Demak, ish davom etadi», — deya keltiriladi Putin yordamchisining so‘zlari Kreml saytida.
Shunga qaramay, Ushakov delegatsiyalar uchrashuvini juda “foydali, konstruktiv va mazmunli” deb atadi. Jurnalistlar “ushbu muzokaralardan so‘ng tinchlik yaqinlashdimi yoki uzoqlashdimi?” deb so‘raganida, u: «Aniqki, uzoqlashmadi. Biroq ham Vashingtonda, ham Moskvada hali juda katta ish oldinda turibdi», — deb javob berdi.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, suhbat “butunlay yopiq, maxfiy” shaklda o‘tgan va muzokaralarning asl mazmuni oshkor etilmaydi. AQSh vakillari Rossiya prezidenti bilan uchrashuv natijalari haqida Donald Trampga “shaxsan” hisobot beradi, shundan so‘ng, ehtimol, keyingi muhokamalar uchun Moskva bilan telefon orqali yana bog‘lanishadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Kremldagi uchrashuv bilan bir vaqtda Telegram’dagi murojaatida urushni tugatish shartlari bo‘yicha “oson yechimlar” kutmayotganini yozdi. Unga ko‘ra, Kiyev AQSh delegatsiyasining Rossiyadagi muzokaralaridan keyingi signallarini kutyapti.
«AQSh delegatsiyasi muloqotlardan so‘ng avvalo bizga hisobot bermoqchi. Keyingi qadamlar aynan shu signallarga bog‘liq», — dedi Zelenskiy va yaqin vaqt ichida AQSh vakillari, jumladan Oq uy rahbari Donald Tramp bilan uchrashuv ehtimolini ham rad etmadi.
Mavzuga oid
23:24 / 01.04.2026
«Aslo unutmaymiz» - Amerika NATOda yakkalanib qoldi
22:52 / 01.04.2026
Tramp shaxsan AQSh Oliy sudidagi eshituvga keldi
20:35 / 01.04.2026
O‘zbekiston Rossiya aviakompaniyalari uchun asosiy xalqaro yo‘nalishga aylandi
18:28 / 01.04.2026