O‘zbekiston | 14:29 / 14.07.2023
16564
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda - prezident dunyodagi vaziyatga to‘xtaldi

Yuzaga kelayotgan vaziyatda xalq manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olish va uni qat’iy amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident xalqimizning yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta’kidladi.

«Oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi.

Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom ma’noda yangi davr bo‘ladi.

O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin o‘zgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib bo‘lmaydigan jarayonlardan iborat o‘ta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.

Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.

Dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Biz mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishimiz lozim», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islohotlar ta’sirchanligi va bardavomligini ta’minlash uchun yo‘limizda uchrashi mumkin bo‘lgan barcha xavf-xatar, to‘siq va g‘ovlarni hisobga olish va ulardan talafotsiz o‘tish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

«Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-eʼtiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning o‘zi talab etayotgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim.

Biz o‘tmishdan, kechagi tariximizdan, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizdan zarur xulosalar chiqarib, O‘zbekistonimizning dunyodagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirishimiz, vatanimiz shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilishimiz kerak.
 
Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib bo‘lmaydi. Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas.

Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql bilan, ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, og‘ir-vazmin bo‘lib yengib o‘tishimiz kerak.

Parlamentimiz, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar o‘zlarining kelgusi faoliyatlarini mana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishlari zarur.

Endi barcha soha va tarmoqlarda tizim o‘zgaradi, vaziyat o‘zgaradi, samaradorlik o‘zgaradi», deb ta’kidladi prezident so‘zining davomida.

Mavzuga oid