Iqtisodiyot | 21:32 / 10.06.2024
10272
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning kommunal xizmatlar qimmatlashishidan xavotirlari keskin ortgan

Tadbirkorlarning ham, aholining ham kommunal xizmatlar qimmatlashishidan xavotirlari oshgan. Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (18,6 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (16,5 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston (11,9 foiz) va Jizzax viloyatida (12,1 foiz) qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank may oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 14 foizni tashkil qilib, aprel oyiga nisbatan o‘zgarmagan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (57 foiz);
  • valuta kursi o‘zgarishi (49 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (49 foiz);
  • monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi (30 foiz);
  • transport xarajatlarining oshishi (28 foiz).

May oyida kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida kommunal xizmatlar narxining oshishini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan bo‘lsa, valuta kursining o‘zgarishini omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaygan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

May oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 12,7 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,6 foiz bandga pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (55 foiz);
  • valuta kursining o‘zgarishi (52 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi (43 foiz);
  • soliq yukining yuqoriligi (35 foiz);
  • transport xarajatlarining qimmatlashishi (33 foiz).

Kommunal xizmatlarning qimmatlashishi va soliq yukining yuqoriligini narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida qayd etgan tadbirkorlar ulushi oshgan bo‘lsa, valuta kursining o‘zgarishini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb belgilaganlar salmog‘i kamaygan.

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma tibbiyot (16,8 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani savdo sohasi vakillari (10,5 foiz) belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma ta’lim (14,5 foiz) sohasiga, eng optimistik kutilma esa qishloq xo‘jaligi (11 foiz) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (18,6 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (16,5 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston (11,9 foiz) va Jizzax viloyatida (12,1 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent shahri (16 foiz) va Navoiy viloyatida (14,5 foiz) baland, Qoraqalpog‘istonda (9,7 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 5 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori shakllangan. Eng yuqori daromad egalarining inflyatsion kutilmalari 19,9 foizga yetgan. Bu oxirgi 1,5 yillikdagi eng baland ko‘rsatkichdir.

Mavzuga oid