Jahon | 07:20 / 18.10.2025
3696
2 daqiqa o‘qiladi

Infografika: turli mamlakatlarda kommunal xizmatlar narxi

2020 yildan beri Yevropaning bir qator shaharlarida kommunal xizmatlar narxi ikki baravardan ko‘proqqa oshib, uy xo‘jaliklari, korxonalar va sanoat uchun katta yuk bo‘ldi.

Deutsche Bank ma’lumotlariga asoslangan ushbu infografikada butun dunyo bo‘ylab kommunal xizmatlarning o‘rtacha narxi ko‘rsatilgan. Germaniyaning Myunxen shahri oylik 404 dollar (4 mln 900 ming so‘mdan ortiq) to‘lov bilan birinchi o‘rinda turadi.

Elektr narxining yuqoriligi nemis sanoati uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda: kompaniyalar ishlab chiqarishni qisqartirmoqda, quvvatni yopmoqda yoki xorijga ko‘chirmoqda. Misol uchun, alyuminiy sanoatida bu yozda elektr energiyasining narxi bir tonna alyuminiyning jahon bozoridagi narxidan deyarli uch baravar yuqori edi.

Energiya tanqisligi kuzatilayotgan Buyuk Britaniya, Polsha, Avstriya va Chexiyadagi iste’molchilar va korxonalar shu kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.

Taqqoslash uchun, Nyu-York shahrida o‘rtacha kommunal to‘lov 181 dollar (2 mln 200 ming so‘mdan ortiq), San-Fransiskoda esa 221 dollar (2 mln 700 ming so‘mga yaqin).

Reytingning qarama-qarshi tomonida Misrning Qohira shahri joylashgan bo‘lib, u yerda so‘nggi besh yil ichida kommunal xizmatlar narxi 31 foizga tushib, oyiga 26 dollar (316 ming so‘mdan ortiq)ni tashkil etadi. Bu pasayish 2022 yildan buyon Misr funtining AQSh dollariga nisbatan deyarli 70 foizga qadrsizlanishi, geosiyosiy o‘zgarishlar va ichki iqtisodiy nomutanosiblik tufayli sodir bo‘ldi.

Tokio, shuningdek, kommunal xizmatlar narxlarining nisbiy jihatdan ikki xonali pasayishini qayd etdi, bu birinchi navbatda iyenaning zaiflashishi tufayli yuz berdi.

Mavzuga oid