Jahon | 16:41 / 22.02.2026
25387
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Afg‘oniston bo‘ylab zarbalar yo‘lladi

Toliblar o‘nlab kishilar halok bo‘lganini xabar qilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Pokiston armiyasi 22 fevralga o‘tar kechasi Afg‘oniston bo‘ylab yo‘llagan aviazarbalar oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lgan va yaralangan, raketa zarbalari ostida qolganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.

Afg‘oniston mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Nangarxar va Paktika viloyatlaridagi tinch aholi yashovchi hududlar zarbaga uchragan. Toliblar bu hujumni «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi.

Nangarxar viloyati rasmiysi BBC muxbiriga aytishicha, zarbalardan biri Shahobiddin ismli shaxsning uyiga berilgan, natijada uning oila a’zolaridan 20 ga yaqin kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

Rasmiy Islomobod esa jangarilarning Pokiston va Afg‘oniston chegarasi bo‘ylab joylashgan lagerlari va boshpanalari o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan.

Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi bayonotida aytilishicha, mamlakatda taqiqlangan «Tahriq-i-Tolibon Pokiston» va «IShID Xuroson» guruhlari, shuningdek, ularning bo‘limlari jangarilari hujum nishonlari bo‘lgan.

Vazirlik bu zarbalar fevral oyida Pokiston hududlarida, jumladan poytaxt Islomobodda sodir etilgan teraktlar uchun mas’ul bo‘lgan hamda Afg‘oniston hududida yashiringan guruhlar uchun «jazo» ekanini qayd etgan.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, 22 fevral tongida «Tolibon» Pokiston bilan chegaraga qo‘shimcha kuchlarni yubormoqda, xususan, Torkxam chegara-nazorat o‘tkazish punktiga 40 avtomobil va 250 harbiydan iborat dastlabki guruh yetib borgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid