O‘zbekiston | 19:23 / 01.07.2021
4883
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxona auditi qanday amalga oshiriladi?

Kun.uz Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Bojxona qoidalari» turkum ko‘rsatuvlarini havola qilib kelmoqda. Ruknning navbatdagi sonida eksport-import amaliyotlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini qiziqtirgan mavzu – bojxona auditi haqida so‘z boradi.

Davlat bojxona qo‘mitasi, Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi bosh inspektori Hasan Boybekov bojxona auditiga oid ma'lumotlarni taqdim etadi.

2020 yilda prezident farmoni imzolanib, bojxona organlari bojxona auditini o‘tkazishi belgilandi. Bojxona auditi tashkil etilishining asosiy sababi shundaki, ilgari bojxona idoralari tadbirkorlik sub'yektlarining barchasini yoppasiga bojxona nazoratidan o‘tkazar edi. Bojxona auditi joriy etilishi natijasida yoppasiga nazoratdan o‘tkazish soni kamaydi.

O‘zbekiston 2020 yili «Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish» xalqaro Gyote konvensiyasiga a'zo bo‘ldi. Bu konvensiyada bojxona organlari o‘z amaliyotida bojxona auditini joriy etishi va bojxona nazoratini bojxona audit usullari orqali o‘tkazishi belgilandi.

Bojxona auditini joriy etishdan ko‘zlangan maqsadlar nima?

Bojxona auditini joriy etish maqsadlariga to‘xtalinsa, quyidagilarni alohida qilish mumkin:

  • Bojxona rasmiylashtiruv vaqti va xarajatlarini qisqartirish;
  • Halol tadbirkorlarni rag‘batlantirish, shuningdek,  xalqaro shartnomalarni O‘zbekiston qonunchiligiga uyg‘unlashtirish.

Bojxona auditi o‘zi nima?

Bojxona auditi tovarlar chegara bojxona postidan chiqarib yuborilgandan so‘ng bojxona qonun-qoidalariga qay darajada rioya etilganini, moliya-xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni o‘rganishdan iborat bo‘lgan bojxona nazorat shaklidir. Bu nazorat vakolatli shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 fevraldagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan mazkur amaliyot 1 maydan e'tiboran amaliyotga joriy etila boshlandi.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • Bojxona auditini amalga oshirish tartibi;
  • bojxona auditidan o‘tkazadigan vakolatli shaxslarni tanlash;
  • bojxona auditi tamoyillari va usullari;
  • bojxona auditini o‘tkazishdan avval vakolatli shaxslarni xabardor qilish tartibi;
  • bojxona auditi o‘tkazishdan avval o‘zini o‘zi ichki auditorlik va buxgalterlik tekshiruvlaridan o‘tkazish.

Qaror bilan, shuningdek, bojxona auditini o‘tkazadigan vakolatli shaxslar belgilandi. Bojxona auditini bevosita bojxona organlarida faoliyat yuritadigan shaxslar tashqi iqtisodiyot sub'yektlariga nisbatan amalga oshiradi. Ularning ro‘yxati qarorda belgilab qo‘yildi. Bularga deklarantlar, tashuvchilar, importchilar, vakolatli iqtisodiy operatorlar, erkin ombor, bojxona ombori egalari va boj olinmaydigan savdo do‘koni egalari kabilar kirishi belgilandi.

Bojxona auditi avtomatlashgan holda tanlanadi

Bojxona auditi bevosita inson omilisiz ishlaydigan, qo‘mitaning bojxona auditi avtomatlashgan axborot tizimi orqali tanlab olinadi. Bunda tashqi iqtisodiy faoliyat sub'yektlari ma'lumotlar tahlili asosida avtomatik ravishda bojxona auditidan o‘tkazish uchun tanlanadi. Keyin bojxona organlari bojxona auditi o‘tkazilishidan avval belgilangan muddatlarda vakolatli shaxslarni xabardor etadi.

Bojxona auditi shakllari

Ikki xil shaklda bojxona auditi o‘tkaziladi: kameral shakl va sayyor shakl. Bojxona auditi kameral shaklda bojxona organlari tomonidan bevosita organ binosida vakolatli shaxs hududiga bormasdan masofaviy amalga oshiriladi. Sayyor shaklda bojxona xodimi audit o‘tkazish uchun vakolatli shaxs hududiga boradi va ular faoliyat yuritadigan binolarda amalga oshiradi.

Vakolatli shaxslar audit o‘tkazilishidan avval ichki buxgalterlik tekshiruvini amalga oshirish huquqiga ega. Bu xalqaro tajribada ham mavjud. Bunda ular o‘z faoliyatlarini baholashi, o‘z kamchiliklarini aniqlab, ularni tuzatish choralarini ko‘rishi mumkin.

Vakolatli shaxslar (bojxona auditi obektlari) huquqlari

Bojxona auditini qabul qiluvchi vakolatli shaxslar auditni o‘tkazuvchi idora qarori bilan tanishib, undan nusxa olishlariga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, ular quyidagi huquqlarga ega:

  • bojxona organlari auditi to‘g‘risidagi qaror bilan tanishish;
  • ulardan nusxa olish;
  • audit natijalaridan shikoyat qilish;
  • audit dalolatnomalari bilan tanishish;
  • audit dalolatnomasi yuzasidan bojxona organlari yoki sudga shikoyat qilish.

Shuningdek, bojxona auditini o‘tkazishda vakolatli shaxslar ularning binolariga borganda xodimlarning xizmat guvohnomalarini, qarorlarini ko‘rsatishni talab qilishi, agar xizmat guvohnomasi taqdim etilmasa, xodimlarni binoga kiritmaslik huquqiga ega.

Bojxona auditi joriy etilishi tashqi iqtisodiy faoliyat sub'yektlariga va tovarlarni bojxona rasmiylashtirish jarayonlariga bir qator qulayliklar beradi. Natijada bojxona rasmiylashtiruvi vaqti va xarajatlari qisqaradi.

Jahon Bojxona tashkiloti bojxona auditining joriy etilishi bojxonadagi rasmiylashtiruv jarayonlarini 80–90 foizga, tashqi iqtisodiy faoliyat sub'yektlarining xarajatlarini esa salkam 15 foizga qisqartirishga olib keladi.

Mavzuga oid