Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Ukraina bilan qisman “hudud almashinuvi”ga tayyor
Putin Ukraina bilan tinchlik kelishuvi imzolangan taqdirda “Rossiya tomonidan ham qisman hudud almashinuvi”ni istisno qilmadi, deb xabar beradi “Kommersant” davlat kengashi majlisi yakunlari haqidagi maqolasida.
Foto: AP
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hali ham Ankorijda o‘tgan sammitda kelishib olingan yon berishlarga borishga tayyor, bu haqda u payshanba kuni, 25 dekabrda davlat kengashi majlisida aytgan, deb yozadi “Kommersant” gazetasi. Ukrainaning “Strana.ua” nashri qayd etishicha va boshqa OAVning avvalgi xabarlaridan ham ko‘rinib turibdiki, gap Kreml 2022 yil kuzida bosib olingan hududlarda o‘tkazilgan “referendumlar” natijasiga tayanib Rossiya qismi deb e’lon qilgan Zaporijjya va Xerson viloyatlari hududlaridan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqish talabidan voz kechish haqida bormoqda.
“Kommersant” ma’lumotiga ko‘ra, davlat kengashi majlisida Putin eng ko‘p AQSh va Ukraina bilan urushni to‘xtatish rejasi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar jarayoni haqida gapirgan. Xususan, u “Rossiya tomonidan ham qisman hudud almashinuvi mumkin” ekanini istisno qilmagan. Biroq Putin “Kramatorsk–Konstantinovka–Slavyansk (Ukrainaning Donetsk viloyatidagi — tahr.) tugunining kimga tegishliligi masalasi muhokama qilinmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan.
Vladimir Putinning aytishicha, hozir Rossiya va AQSh tomonlari Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES)ni birgalikda boshqarish masalasini muhokama qilmoqda. Xususan, go‘yoki AQSh tomoni stansiyada mayning masalasiga qiziqqan, shuningdek Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni muhokama qilishni boshlagan. Ukraina mutaxassislari ZAESda ishlashi mumkinmi, degan savolga RF prezidenti ular hozir ham u yerda ekanini, “faqat endi ularning pasportlari Rossiyaniki”, deb javob bergan. Shuningdek, u Yevropa yetakchilari bilan muzokaralardan keyin AQSh tomoni o‘zining ayrim takliflaridan “chetga chiqqanini” aytgan va buni zaiflik alomati deb atagan.
26 dekabr ertalab Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tez orada Amerika rahbari Donald Tramp bilan uchrashishini bildirdi. “Bir kunni ham boy bermayapmiz. Eng yuqori darajada — prezident Tramp bilan yaqin vaqtda uchrashuv haqida kelishib oldik. Yangi yilgacha ko‘p narsa hal bo‘lishi mumkin”, — deb yozgan u o‘zining Telegram-kanalida.
Ukrainaning The Kyiv Post gazetasi manbalaridan biriga ko‘ra, hamma narsa rejadagidek ketsa, uchrashuv 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi mumkin. Noyabr oxirida Tramp Zelenskiy va Putin bilan faqat mamlakatlar o‘rtasida tinchlik kelishuvi “yakuniy” bo‘lgan yoki “yakuniy bosqich”ga kelib qolgan taqdirdagina uchrashishga tayyorligini bildirgan edi.
Mavzuga oid
16:12
“Meduza” asoschisi Timchenko sirtdan 5 yilga koloniyaga hukm qilindi
13:22
Putin RFda qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bir necha barobar o‘sganini aytdi
12:53
Rossiya va Qozog‘iston yangi raketa-tashuvchining parvozini keyinroqqa surdi
12:04