Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Mariupolni topshirishni taklif qildi. Kiyev rad etdi
Ukraina hukumati Rossiyaning Mariupolni topshirish bo‘yicha ultimatumini rad etdi.
Foto: Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Rossiya Ukrainaga ukrainalik harbiylarning barchasi Mariupolni 21 mart kuni «hech qanday qurol yoki o‘q-dorilarsiz, kelishilgan marshrut bo‘yicha» tark etish bo‘yicha rejani taqdim etgan. Bu haqda RF Mudofaasi boshqaruvi Milliy markazi rahbari Mixail Mizinsev xabar qildi.
«Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari, hududiy mudofaa batalonlari, xorijiy yollanma askarlarni harbiy harakatlarni to‘xtatish, qurollarni topshirish va Ukraina tomoni bilan kelishilgan gumanitar yo‘lak orqali Kiyev nazoratidagi hududga o‘tishga chaqiramiz. Qurolni tashlaganlarning barchasining Mariupoldan xavfsiz chiqishi va ularning hayoti saqlab qolinishi kafolatlanadi», — deya uning so‘zlarini keltirgan TASS.
Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk Kiyev rossiyalik harbiylar mart oyi boshidan buyon qamal qilayotgan Mariupolni topshirish bo‘yicha bunday ultimatumni qabul qila olmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF mudofaa vazirligi maktubida shahardan tinch aholi evakuatsiyasi faqat ukrainalik harbiylar qurolni tashlab, shahardan chiqqanidan keyin boshlanishi mumkinligi aytilgan.
«8 sahifalik maktubda yana tarixga qaytilgan va boshqa bo‘lmag‘ur gaplar. Ular bunday maktubni BMTga ham, Qizil xoch qo‘mitasiga ham jo‘natishgan va xalqaro tuzilmalar bunga e’tibor qaratib, Ukrainaga bosim qila boshlashiga umid qilishgan. Bu ro‘y bermadi. Qizil xoch va BMT bu Rossiyaning manipulyatsiyasi ekani va u yerdagilar garovga olingan odamlar ekanini tushunishadi.
Hech qanday topshirish, qurollarni tashlash haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Biz Rossiya tomoniga bu haqda ma’lum qildik. Men shunday yozdim: «Siz 8 sahifalik xat yozishga vaqt ketkazguncha — shunchaki gumanitar yo‘lak oching», — degan Vereshchuk «Ukrainskaya pravda» uchun bergan izohida.

Yakshanba kuni Mariupol meri maslahatchisi Pyotr Andryushchenko BBC bilan intervyuda Rossiya tomonining gumanitar yordam bilan ta’minlash to‘g‘risidagi va’dalariga ishonib bo‘lmasligini aytib, Rossiya hukumati Mariupol aholisini zo‘rlik bilan Rossiya hududiga olib ketishi mumkinligini qo‘shimcha qilgandi.
«Biz oxirgi patron qolguncha kurashamiz», degan Andrushchenko.
Mixail Mizinsevning ma’lumotiga ko‘ra, uch kun ichida Mariupoldan Rossiya hududiga qariyb 60 ming kishi olib ketilgan. Urush boshlanganidan buyon Ukrainadagi shaharlardan Rossiyaga evakuatsiya qilinganlar soni 330 ming kishidan oshgan.
Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Mariupoldan Zaporojyega 40 mingdan ortiq kishi keta olgan - asosan shaxsiy transport vositalari orqali.

Mariupolda nimalar bo‘lmoqda?
Mart oyi boshidan buyon rossiyalik harbiylar qamalida qolayotgan Mariupolda hamon 200 ming kishi bor.
Ukraina janubidagi ushbu shahar gumanitar halokat yoqasida turibdi: bir necha haftadan buyon bu yerda ichimlik suvi, elektr ta’minoti yo‘q, oziq-ovqat va dori-darmon tugagan.
Mahalliy aholi aviazarbalardan yerto‘lalarga tushib jon saqlamoqda va gulxan yoqib ovqat tayyorlamoqda. Internet va mobil aloqa katta uzilishlar bilan ishlamoqda: yaqinlar bilan aloqaga chiqish juda qiyin.
Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar shahardagi aholi infratuzilmalariga zarba berishda davom etmoqda: o‘tgan haftada Mariupol dramatik teatri o‘qqa tutildi, u yerda yuzlab kishilar boshpana topgandi. Rossiya qurolli kuchlari avvalroq shahardagi tug‘uruqxona binosiga zarba bergan va bu «Azov» bataloni bazasiga aylantirilganini iddao qilgandi.
Yakshanba kuni mahalliy rasmiylar san’at maktabi ham hujumga uchraganini xabar qilgandi, bu yerda ham yuzlab tinch aholi vakillari yashiringandi.
Mariupol meri Vadim Boychenkoning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi aholi turarjoy binolarining 80 foizidan ortig‘i qisman yoki butkul yakson etilgan.
Urush boshidan buyon Mariupolda tinch aholi vakillaridan 2,5 ming kishi halok bo‘lgani aytilgan, haqiqiy raqamlar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid
21:32 / 16.01.2026
Ukrainada yangi korrupsion mojaro. Nishonda – Timoshenko
20:49 / 16.01.2026
Amerika investitsiya fondi Rossiya imperiyasi qarzlari bo‘yicha Rossiyadan 225 milliard dollar talab qildi
19:12 / 16.01.2026
Kiyevda yuzlab ko‘p qavatli uylar issiqlik va svetsiz qoldi (fotolar)
13:40 / 16.01.2026