Sport | 20:40 / 09.10.2025
25306
3 daqiqa o‘qiladi

«Biroz agressiv bo‘lish kerak» – Kannavaro

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Kuvayt bilan o‘yinda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, penalti tepishdagi muammo va Abbosbek Fayzullayevning holati haqida gapirdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kuvaytga qarshi kechgan va 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan yakunlangan o‘rtoqlik uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

«Kecha aytganimdek, hech bir o‘yin oson bo‘lmaydi. Har bir raqibni jiddiy qabul qilish kerak. Uchrashuvni yaxshi boshladik. Mashg‘ulotlarda ishlagan g‘oyalarimiz ish berdi. Futbolchilar meni eshitayotganidan mamnunman. Biroq hali ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. G‘alaba bilan boshlashimiz muhim edi. Endi menda futbolchilar haqida ko‘proq ma’lumot bor.

Negativlar doimo bo‘ladigan holat. Shu vaqtga qadar tanqidlar bo‘lmaganmi? Albatta, bo‘lgan. Lekin ularga e’tibor qaratmayman. Doimo o‘z ishim haqida o‘ylayman. Muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan odamni ham hurmat qilish kerak.

Men futbolchilarga biroz agressiv bo‘lishlarini aytdim. To‘psiz o‘ynash ustida ishlashimiz kerak. Raqib pressing qilmagan taqdirda ham bunga tayyor bo‘lish kerak. Birinchi gol mashg‘ulotlar mevasi», – deya uning so‘zlarini keltiradi O‘FA matbuot xizmati.

Murabbiy o‘yinning ikkinchi bo‘limida Otabek Shukurov 11 metrdan muvaffaqiyatli zarba bera olmaganiga ham to‘xtalgan. Bu o‘zbekistonlik futbolchilar qatorasiga ikkinchi o‘yinda penaltidan foydalana olmasligi bo‘lmoqda. Bundan oldin Eldor Shomurodov CAFA Nations Cup finalida Eron darvozasiga belgilangan penaltini ura olmagandi.

«Penaltini futbolchilar amalga oshiradi, biroq avval uni his qilish kerak. Buning ustida ishlashda davom etamiz. Futbolda hamma narsani mashg‘ulotlar orqali rivojlantirish mumkin. Fayzullayevning holati yaxshi; bu borada shifokorlar bilan gaplashdik.

O‘z ustimizda ishlashda davom etishimiz kerak. G‘alaba qozonayotgan vaqtda ko‘proq nazoratga urg‘u berish zarur. Hisob 2:0 bo‘lib turgan vaqtda oddiy holda to‘pni yo‘qotdik; raqibga imkon bermaslik eng muhimi. Biroq futbolchilar men ulardan so‘raganimni bajara olishdi.

To‘p nazorati ustida ishlashimiz zarur. Maydonda 90 daqiqa davomida faqat yugurish imkonsiz. Shu sabab, futbolchilardan bir-birini yaxshiroq tushunish talab etiladi.

Bizning futbol ko‘p narsani o‘z ichiga oladi. Umid qilamanki, futbolchilar bilan ko‘proq gaplashamiz. Garchi doimo birga bo‘lmasak-da, ularga ishonch berib, videolar orqali ishlashga harakat qilamiz», – degan murabbiy.

O‘zbekiston milliy jamoasi yig‘in doirasida navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini 13 oktyabr kuni Malayziyada Urugvay milliy jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Mavzuga oid