O‘zbekiston | 10:00 / 05.03.2026
4183
5 daqiqa o‘qiladi

Milliy bog‘da katta qurilish: daraxt kesilgani uchun kim javob beradi?

Toshkentdagi Milliy bog‘ hududiga tutash maydonda dunyoda mashhur The Ritz-Carlton mehmonxonasi qurilyapti, quruvchi kompaniya ham xorijdan. U yerda dastlab 12 tup daraxt kesilib, tabiatga 351 mln so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum qilingandi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan jamoatchilik eshituvida investor tomoni 10 ta daraxt ko‘chirilgani, 2 ta o‘rik daraxti esa ruxsatsiz kesilganini aytdi.

Toshkentdagi Milliy bog‘ xiyoboni yonidagi The Ritz-Carlton mehmonxonasining qurilish jarayonida 2 ta daraxt kesilgan va 10 ta daraxt ko‘chirilgan. Ularni ushbu investor bilan hamkorlikda ishlagan noma’lum MChJ ruxsatnomasiz amalga oshirgan. Hatto investorlarning ham bundan xabari bo‘lmagani, ekologlar sabab bilishgani aytildi. Avvalroq bu yerdagi 12 ta daraxt ildizi bilan qo‘porib tashlangani jamoatchilikni junbishga keltirgan va Ekologiya qo‘mitasi 351 mln so‘mlik zarar yetkazilgani, ish Bosh prokuratura nazoratiga o‘tkazilishini aytgandi.

4 mart kuni qurilish kompaniyasi o‘tkazgan jamoatchilik eshituvida Kun.uz mazkur masalaga oydinlik kiritishni so‘radi. Investorga ko‘ra, qurilish hududida ishlash uchun noma’lum MChJ (investor bunga oydinlik kiritmadi) bilan shartnoma tuzilgan, ammo ular o‘zboshimchalik bilan daraxtlarni kesgan va ko‘chirgan. Buning uchun kompaniya ularni sudga berishini aytdi.

“Biz yollagan MChJ 2 ta o‘rik daraxtini kesgan va buni yashirishga harakat qilgan. Biz ular bilan agar biror daraxt ko‘chirilsa yoki loyihamiz doirasida biror ish amalga oshirilsa, bu haqda qo‘riqlash xizmatiga, texnika xavfsizligi bo‘limiga va bizga oldindan xabar berishlariga kelishgan edik. Ushbu MChJga nisbatan sudga murojaat qilamiz.

Ko‘chirib o‘tkazilgan barcha daraxtlar bo‘yicha, ularning noto‘g‘ri harakatlari sabab biz ko‘rgan barcha xarajatlar, shuningdek, qo‘llangan jarimalar ham kompaniya zimmasiga yuklatiladi. O‘zbekistonga vayron qilish yoki tabiatga zarar yetkazish uchun kelmaganmiz. Ekologiya boshqarmasi bilan muzokara o‘tkazdik — bizga Dendropark hududidan joy ajratiladi. Kesilgan 2 ta daraxt o‘rniga 200 ta daraxt ekib beramiz. Ekologiya boshqarmasi loyihadagi vaziyatdan kelib chiqib, zarar miqdorini 351 million so‘m deb baholadi.

Barcha ruxsatnomalar va zarur hujjatlarni biz yollagan MChJ olishi kerak edi. Biz ularga ishonchnoma bergan edik. Ariza topshirish, Botanika bog‘idan mutaxassis chaqirish va boshqa jarayonlarni shartnomaga muvofiq ular bajarishi, ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarni bizga topshirishi kerak edi. Ammo yo‘l yarmida bildikki, birinchidan, ular ruxsat olmagan, ruxsat olish uchun murojaat ham qilmagan. Hech kimni taklif ham qilmagan”, dedi PD Estates MChJ XK ma’muriy menejeri Kamal Xudaguluyev.

Kun.uz muxbiri investorga nega O‘zbekiston qonunchiligiga hurmatsizlikka yo‘l qo‘yilgani, shuningdek, agar Bokudagi Markaziy bog‘da o‘zbekistonlik investor daraxtlarni ruxsatsiz ko‘chirganida, bu holatga qanday munosabat bildirilar edi, degan mazmunda savol berdi.

“Aytaylik, siz kvartira ta’mir qildirmoqchisiz. Ta’mirlash uchun ishchilarni yolladingiz, ularga pul to‘ladingiz va ketdingiz. Agar o‘sha ishchilar qo‘shningizni suv bosishiga sababchi bo‘lsa, siz aybdormisiz? Ayting, nima uchun aybdor bo‘lasiz? Siz ularni yolladingiz, to‘g‘rimi? Xo‘sh, biz qanday aybdormiz? Biz noto‘g‘ri kompaniyani yollaganimizni tan olamiz. Ammo ularga ruxsatsiz daraxt kesishga rozilik bermaganmiz. Qonunchilikni bilmasligimiz mumkin. Shuning uchun kompaniyalarni yollaymiz. Biz ham ekologlar tufayli holat haqida bildik.

Ikkinchi savolingizga kelsak, bizning mamlakatda ham shunday holat bo‘ladigan bo‘lsa qonunchilikka ko‘ra investor javob beradi. Biz ham qonunchilikka muvofiq javob beramiz”, deydi investor vakili.

Ekologiya qo‘mitasi vakili ma’lumotiga ko‘ra, hududda 100 tup daraxt 2025 yilda qo‘mita ruxsati bilan ko‘chirilgan. Ammo 2026 yildagi ko‘chirish ishlariga hali rasman ruxsat berilmagan va hududda ruxsatsiz ko‘chirilgan 10 tup daraxtdan keyin yana ko‘chirilishi kerak bo‘lgan 25 tup daraxt bor. Hozircha holat yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan tekshiruv davom etmoqda. Investor noma’lum MChJ ustidan sudga murojaat qilishini bildirgan bo‘lsa-da, qonunchilikka ko‘ra buyurtmachi sifatida javobgarlik masalasi ochiq qolmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, PD Estatess MChJ XK — Ozarboyjonning Pasha Holding kompaniyasi bo‘lib, qiymati 200 million AQSh dollari bo‘lgan Ritz Carlton brendi ostida 5 yulduzli mehmonxona qurmoqda.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid