Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident o‘zbekistonliklarni Ramazon oyi bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etdi. Davlat rahbari barchaga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlarga tinchlik va farovonlik tiladi. «Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin! Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!», deyiladi tabrik so‘zida.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigini yo‘lladi.
«Qadrli vatandoshlar! Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Albatta, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sog‘-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz», deyiladi tabrik so‘zi boshida.
Davlat rahbari insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
«Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda. Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta», dedi Mirziyoyev.
Prezident Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday oliyjanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
«Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir», dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilayotganini aytdi.
«Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz. Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llaymiz», dedi prezident.
«Muhtaram yurtdoshlar! Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman. Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman. Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin! Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin! Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.
Mavzuga oid
19:50 / 19.03.2026
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi
12:35 / 16.03.2026
16 mart kuni O‘zbekistondagi 1765 ta masjidda Qur’oni karimning xatmonalari bo‘ladi
09:53 / 11.03.2026
Qirg‘izistonda Hayit sanasi e’lon qilindi: Ramazon oyi yana 29 kun bo‘lishi mumkin
17:10 / 04.03.2026