Jahon | 17:05 / 04.04.2017
204155
3 daqiqa o‘qiladi

Akbarjon Jalilovning oilasi so‘roq qilindi. U haqida yangi ma'lumotlar

Sankt-Peterburgdagi portlash ijrochiligida asosiy gumondor bo‘lib turgan qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilov 2011 yilda Rossiya fuqaroligini olgandi. Bu haqda «Interfaks» agentligi huquq-tartibot organlariga asoslanib xabar berdi

O‘shda uning yaqinlarini tergov qilishgan, aniqlanishicha 1995 yilda tug‘ilgan Jalilov Sankt-Peterburgda 10 yil muqaddam avtoslesar sifatida ishlay boshlagan va o‘tgan vaqt davomida shu shaharda istiqomat qilgan.

«Jalilov bir necha yil muqaddam otasi bilan Rossiyaga ishlash uchun ketgan. O‘shdagi Amir Temur ko‘chasida uning onasi, uka va singillari yashab kelgan. Otasi bilan aloqa bog‘lashning hozircha imkoni bo‘lmadi», deyilgan xabarda.

O‘shdagi muxbirning ma'lum qilishicha, Jalilovning oilasi O‘sh shahrining o‘zbeklar mahallasida joylashgan xonadonda istiqomat qilib kelmoqda.

Qo‘shnilarning ma'lum qilishicha, ular Akbarjon Jalilovni ko‘p yillardan buyon ko‘rishmagan, u hamisha Rossiyada yashagan.

«Gazeta.Ru» xabarida esa Jalilov shu yilning fevral oyi oxirida O‘shda bo‘lgani aytilgan. U 3 mart kuni Rossiyaga uchgan. U o‘tgan yillar davomida hamisha Pulkovo aeroportiga (Sankt-Peterburg) uchardi. Lekin bu safar u Domodedovo aeroportiga uchgan. Ayni vaqtda u Moskvada kim bilan uchrashgan bo‘lishi mumkinligi o‘rganilmoqda. Terakt tashkilotchilari aynan Moskvada bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosining «Texnologiya instituti» bekatiga «Sennaya ploshchad» bekatidan kirib kelgan poyezdda portlash sodir bo‘ldi. Yana bir bomba «Ploshchad Vosstaniya» bekatiga o‘rnatilgandi. Birinchi portlashdan keyin metro yopilgach, bombani masofadan boshqarishning imkoni bo‘lmagan va u zararsizlantirilgan. Portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 14 nafarni tashkil qildi, 49 kishi jarohatlandi.

Bugundan Sankt-Peterburg shahrida uch kunlik motam e'lon qilingan.

Peterburg terakti ijrochiligida gumon qilinayotgan Akbarjon Jalilovning suratlari e'lon qilindi

 

 

Mavzuga oid