Ukraina brigadasi komandiri qiynoqlar uchun qo‘lga olindi
Ukraina qurolli kuchlari brigadasi rahbariyati korrupsiyada va askarlarni kamsitishda gumonlanmoqda. Askarlar kaltaklangan va brigada komandiri uchun uy qurishga majburlangan. Brigada zobiti askarlarni qiynoqqa solib, ulardan birini xochga bog‘lab qo‘ygani tasvirlari tarqalgan.
Ukraina Davlat tergov byurosi xodimlari Ukraina qurolli kuchlarining 211-ponton-ko‘prik brigadasi komandiri, polkovnik Oleg Poberejnyukni Ternopilda qo‘lga olib, Kiyevga olib kelishdi. «Ukrainskaya pravda» va «RBK-Ukraina» nashrlari xabariga ko‘ra, bir kun oldin uning uyida tintuv o‘tkazilgan.
Poberejnyukka Ukraina JK 426-moddasi, 4-qismi (harbiy amaldorning harbiy holat sharoitidagi harakatsizligi) bo‘yicha gumonlanayotgani haqida xabar berishgan. Bu modda bo‘yicha ayblanuvchilar yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Tergov ma’lumotiga ko‘ra, brigada komandiri 2024 yil fevralidan iyuliga qadar bo‘lgan muddatda o‘z qo‘li ostidagi ofitser tomonidan oddiy askarlarga nisbatan sodir etilgan qiynoq va noinsoniy munosabat bo‘yicha ko‘plab faktlardan xabardor bo‘lgan, ammo bunga munosabat bildirmagan va ofitserni javobgarlikka tortish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmagan.
«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilarni kaltaklagan va qiynoqqa solgan katta leytenant ko‘rsatilgan harbiy qism shtabi boshlig‘i, brigada komandirining yaqin do‘stining o‘g‘li hisoblangan», — deyiladi Davlat tergov byurosi press-relizida.
Dekabr oyi o‘rtalarida «Ukrainskaya pravda» nashri 211-ponton-ko‘prik brigadasida qo‘mondonlik tomonidan sodir etilgan ko‘plab qonunbuzarliklar, qarindosh-urug‘chilik, tovlamachilik, pul undirish, kaltaklash va harbiy xizmatchilarni tahqirlash holatlari fosh etilgan surishtiruv e’lon qilgandi. Bu brigada muhandislik ishlarini bajarishga (ponton kechuvlar qurish, mudofaa pozitsiyalarini jihozlash) ixtisoslashgan va oldingi chiziqdagi harbiy harakatlarda ishtirok etmagan.
Surishtiruvdagi asosiy figurantlar Oleg Poberejnyuk, va birinchi batalyon vzvodi komandiri, katta leytenant Vladislav Pastux edi — u brigada shtabi boshlig‘i, brigada komandirining yaqin do‘sti podpolkovnik Valeriy Pastuxning o‘g‘li bo‘lgan. Jurnalistlarning ma’lumotiga ko‘ra, Pastux muntazam ravishda jangchilarni piyodalar bo‘linmasiga o‘tkazish bilan tahdid qilib, ulardan pul undirgan va jismoniy kuch ishlatgan. Masalan, u alkogol iste’mol qilgan va bu holat bo‘yicha protokol tuzilmasligi uchun pul to‘lashdan bosh tortgan harbiy xizmatchini kaltaklagan. Vladislav Pastux askarlardan birini yog‘ochdan yasalgan xochga bog‘lab qo‘yib, uning fonida suratga tushgan.
Pastux qo‘l ostidagilarni tahqirlashda gumonlanayotgani to‘g‘risida xabar topgach, huquq-tartibot organlaridan yashiringan.
Poberejnyukka esa politsiya oldinroq mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanayotgani to‘g‘risida ma’lum qilgandi. «Ukrainskaya pravda» surishtiruvida polkovnik to‘rt nafar harbiyni Xmelnitskaya oblastidagi o‘z uyida qurilish ishlariga jalb etgani aytilgan, holbuki hujjat bo‘yicha ular Xerson oblastidagi «Katran» dengiz piyodalar bo‘linmasi tarkibida front chizig‘iga komandirovkaga yuborilgan hamda oshirilgan miqdorda to‘lovlar olgan.
19 dekabr kuni sud Poberejnyukni ushbu ayblov bo‘yicha hibsga olgan, ammo keyingi kuni brigada komandiri 908 400 grivna miqdoridagi garov puli evaziga ozodlikka chiqqan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi jurnalistlar materialida keltirilgan harbiy xizmatchilarni tahqirlash faktlari tekshirilishini ma’lum qilgan. Tekshiruv vaqtida harbiy qism komandiri xizmat vazifasidan chetlatilgan. Ukraina mudofaa vazirligi va Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitro Lubinets ham xizmat tekshiruvi o‘tkazishini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
14:01 / 04.01.2025
Bratislavada Ukraina bilan birdamlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi
19:37 / 03.01.2025
«Tramp hal qilishi mumkin». Zelenskiy 2025 yildan umidlari va ikkinchi muddati ehtimoli haqida gapirdi
14:58 / 03.01.2025
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Su-27 samolyoti urib tushirilganini xabar qildi
12:38 / 03.01.2025