O‘zbekiston | 16:57 / 14.10.2020
32367
4 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkorga «sog‘in sigir» sifatida qaraydiganlar bor». DSQ raisi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan audio bo‘yicha munosabat bildirdi

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ijtimoiy tarmoqda tarqalgan audio bo‘yicha munosabat bildirib, holatga izoh berdi. U rahbar shaxs og‘ir vaziyatlarda ham vazminlik bilan harakat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrida qat'iy qolib, o‘zi shu fikrga qarshi harakat qilganini tan olgan.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda DSQ raisi Sherzod Kudbiyev ishtirokidagi yig‘ilishda yozib olingan audioyozuv tarqaldi. Audio muallifi raisga nisbatan turli ayblovlarni ilgari surgan.

Havola etilgan audioda DSQ raisi xodimlardan biriga baland ohangda murojaat qilib, tadbirkorga QQS mablag‘larini qaytarishini so‘ragan.

«Oriyating ham yo‘q. Men senga topshiriq berganmanmi? Topshiriq berganman. Nega qaytarmaysan, cho‘ntagingdan qaytarasanmi?», degan Kudbiyev.

Audio davomida haqorat va so‘kinishlar ishlatilganini ko‘rish mumkin.

Sherzod Kudbiyev bungacha Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida so‘kong‘ich hokimlarni tanqid qilib, rahbarlar xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lishini qoralagandi.

DSQ raisi audio yuzasidan munosabatida intervyudagi fikrida qat'iy ekani, yuqoridagi holatda esa o‘zi shu fikrga qarshi harakat qilganini tan olgan. U yuzaga kelgan vaziyatda mas'uliyatni his qilgan holda, xodim bilan alohida suhbatlashgan.

«Biz birgalikda yoqimsiz hodisaga to‘liq barham berdik. Lekin bu meni mas'uliyatdan forig‘ qilmaydi…

Hech kimga sir emaski, soliq tizimida islohotlar boshlangan, shu bilan birga, juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Afsus bilan aytish kerakki, haligacha ayrim holatlarda tadbirkorlarga nisbatan «sog‘in sigir» sifatida qarab, ularning hisobidan o‘z xizmat vazifalarini, eng yomoni – ayrim hollarda esa shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotgan shaxslar uchrab turibdi.

O‘sha yig‘ilishda aynan shunday holatlar muhokama qilingan edi. Birinchi holatda – tadbirkorga ortiqcha to‘langan QQS summasi o‘z vaqtida qaytarilmagan, ikkinchi holatda – asossiz ravishda hisob raqami band qilinib, undagi mablag‘lar undirilmoqchi bo‘lgan», deb yozgan Kudbiyev.

U xodimlarning bunday mas'uliyatsiz xatti-harakatlari audioda aytib o‘tilgan ikki tashkilotning ham faoliyati to‘xtatilishi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelganini aytib o‘tgan. Hozirda ushbu korxonalarning faoliyati to‘liq qayta tiklanishiga erishilgan. Shu kabi masalalarni hal etishda shaxsan DSQ raisi aralashuvi talab etilayotgani afsus bilan e'tirof etilgan.

«Shu bilan bir vaqtda, biz yaqin kelajakda soliq organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga qasddan yoki tasodifan aralashuv imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradigan yangi tizimni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdamiz. Bunday yangiliklar kimgadir yoqadi, kimgadir esa – yo‘q. Tizimdagi o‘zgarishlarga qarshi bo‘lganlar turli usullar bilan o‘zgarishlarga qarshilik qilishga harakat qilishadi. Lekin barcha tushunishi kerakki, biz oldimizga soliq tizimini tadbirkorlarga ko‘mak beradigan tizimga aylantirish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yganmiz», deya qo‘shimcha qilgan Kudbiyev.

DSQ hay'atining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazilib, unda yuqoridagi masalalar atroflicha muhokama qilingan va tashkilot faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha xulosalar qilingani aytilgan.

Mavzuga oid