Jamiyat | 22:43 / 04.05.2017
23438
4 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: «Kichik akademiya»ning katta yutuqlari

Bugungi kunda ulg‘ayib kelayotgan yoshlarning bilim darajasini yuksaltirish, fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va tanlagan sohasi tomon to‘g‘ri yo‘naltirish har bir ta'lim maskanining eng ustuvor vazifasi hisoblanadi. Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300 sonli Davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi qoshida ham iqtidorli o‘quvchilar salohiyatini aniqlab, ularni o‘z maqsadlari tomon ildam borishiga yordam berish maqsadida «Kichik akademiya» tashkil etilgan.

Bugun, 2017 yil 4 may kuni 300 maktabning «Kichik akademiyasi» tomonidan 2016 2017 o‘quv yili yakuni bo‘yicha an'anaviy ilmiy-amaliy hisobot festivali tashkil etildi. Mazkur tadbir «Fikrimiz, jasoratimiz, ijodimiz – senga, Vatan!» shiori ostida o‘tkazildi.

Festival fan olimpiadalari g‘oliblari, ilmiy tadqiqotchilar va yosh sportchilarning tantanali chiqishi bilan boshlandi va O‘zbekiston madhiyasi yangradi.

«Kichik akademiya» rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi a'lochisi Malika Abdullayeva kirish so‘zida 2016 2017 yillarda o‘quvchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida o‘rtoqlashdi va barchani bugungi shodiyona kun bilan qutladi.

Festivalning asosiy qismida o‘quvchilar tomonidan ajoyib sahna ko‘rinishlari, jonli ijroda aytilgan diltortar kuy-qo‘shiqlar va raqslar namoyish etildi.

Shuni qayd etish joizki, «Kichik akademiya»da tikuvchilik-to‘quvchilik sohasini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan yosh dizayner qizlar ham tahsil oladi. Tadbir davomida ular tomonidan namoyish etilgan “Milliy va zamonaviy liboslar defilesi” mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

«Toshkent – mehmondo‘st shahar» shiori ostida sahnaga chiqqan Namangan, Xorazm, koreys, ozarbayjon, tojik va hindcha raqslar guldastasi o‘zining rang-barangligi bilan ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. 

Shuningdek, maktab hovlisida o‘quvchilar tomonidan yasalgan ijodiy ishlarning ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida Vatan madhi jaranglab, akademiyaning eng faol, eng iqtidorli yoshlariga maxsus sovg‘alar topshirildi.

Ma'lumot o‘rnida: 300 sonli ixtisoslashgan maktab qoshidagi «Kichik akademiya» o‘quvchilar darslardan so‘ng yig‘iladigan ijodiy, ixtiyoriy uyushma sanaladi. 2005 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan maktab akademiyasi 4 yo‘nalishda ishlaydi:

1. Fanlar kesimida iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash.
2. Yosh ijodkorlar.
3. Yosh tadqiqotchilar.
4. Sport va madaniyat.

Akademiyaning asosiy maqsadi – o‘quvchilarning iqtidorini erta aniqlab, ilmiy, ijodiy ishlar yaratishga va kitoblardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga yordam berish.

Bugungi kunda «Kichik akademiya»ning o‘quvchilari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yutuq va g‘alabalarning soni ortib bormoqda. Jumladan, Rustamxonov Shohruxxon EATR-2017 tanlovi Respublika bosqichida 2 o‘rin, Farmonov Asadbek EATR-2017 tanlovining shahar bosqichida 1 o‘rin va Informatika fan olimpiadasining tuman bosqichida 1 o‘rin, Tohirova Nargiza karate bo‘yicha 2 karra, muay-tay yo‘nalishi bo‘yicha esa bir karra Osiyo chempionidir. Shuningdek, akademiyaning sobiq bitiruvchilari ham katta muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.

Mavzuga oid