Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Havo harorati qanday o‘lchanadi? Toshkent observatoriyasidan reportaj
Ko‘pincha telefonlarda ko‘rsatilayotgan havo harorati rasmiy e’lon qilinayotganiga nisbatan farq qiladi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan iqlimshunos, Erkin Abdulahatov esa telefondagi ma’lumotlarda aniqlik yuqori emasligini aytib o‘tdi. «Vodiyliklar havo harorati 48-50 daraja bo‘lganini jo‘natishyapti. O‘sha hududdagi stansiyaga borsak, 41-42 daraja chiqyapti. Demak, 6-7 darajalik farq», – deydi u.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi Toshkent observatoriyasi meteorologik stansiyasida 150 yil avval ilk kuzatuvlar olib borilgan. Bu yerda poytaxt bo‘yicha asosiy meteorologik parametrlar, havo va tuproq harorati, havo bosimi hamda uning namligi o‘lchanadi. Havo haroratini aniqlaydigan psixrometrik butka yer sathidan 2 metr balandlikda o‘rnatilgan. Butka ichida termometrlar joylashgan. Quyoshdan himoyalangan, eshigi shimolga qaratilgan. O‘lchovlar har 3 soatda amalga oshiriladi va data.meteo.uz axborot tizimiga joylashtiriladi.
4 iyul kuni soat 17:36 da havo harorati o‘lchab ko‘rildi. Harorat 43 darajaga chiqdi. Gidrometeorologiya xizmati agentligi bosh mutaxassisi Hojiakbar Odilovning aytishicha, kunning eng issiq vaqti odatda soat 16:00-17:00 orasida kuzatiladi.
«An’anaviy usul bilan o‘lchaganda 4 ta termometr turadi. Bittasi oddiy havo haroratini o‘lchaydi, ikkinchisi namlantiruvchi. Bundan havo namligini o‘lchashda foydalanamiz.
Bundan tashqari, maksimal va minimal termometrlar ham bor. Bu o‘sha havo haroratining sutka davomida maksimal va minimal qiymatlarini qayd etish uchun xizmat qiladi. Minimalini hozir olib qo‘ydik. Buni soat sakkizdan (20:00) keyin qo‘yamiz. Shunda tungi vaqtda minimal haroratni qayd etamiz, uning shkalasi 40 darajagacha bo‘ladi. Hozir harorat 40 darajadan oshgani uchun termometrga putur yetishi mumkin», – deydi Odilov.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra, bu 4 iyul kunlari uchun 150 yilda hech qachon kuzatilmagan eng issiq harorat rekordi hisoblanadi.
«Mana shu meteorologik stansiyada kuzatilgan ma’lumotlar asosida standartlar ishlab chiqilgan. Masalan, havo harorati 10 darajadan yuqori bo‘lsa, daraxtlar gullaydi. 36,6 dan yuqori bo‘lsa, siz to‘g‘ridan to‘g‘ri havo haroratidan ta’sirlanishni boshlaysiz. Hozir biz biroz shamol esayotgani hisobiga havo haroratini unchalik kuchli his qilmayapmiz. Aslida hozir 43 daraja. Biroz shamol esayapti, 1-2 metr/soniya va ter sovib, tanamizga yaxshiroq ta’sir qilyapti.
Lekin har doim ham bunday bo‘lmaydi. Ya’ni shamol tezligi esmagan holatda dimiqish yuzaga keladi. Hozir 2 metr yuqoridagi havo haroratini o‘lchaganimizda, 43,5 daraja chiqyapti va maksimal havo harorati 12:00 va 17:00 orasida 43,4 daraja kuzatildi. Bu mana shu kun uchun rekord desa ham bo‘ladi, chunki Toshkentda kuzatuvlar tarixida eng yuqori harorat 1997 yilda 44,6 daraja kuzatilgan va farq atigi bir darajaga yaqin», – deydi Abdulahatov.
Bu yerda tuproq harorati ham o‘lchanadi. Termometrlar 5-10-20 santimetr hamda 1 metrdan 3 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi tuproq haroratini o‘lchaydi.
Surat-1: Toshkent observatoriyasi, 04.07.2025
«Maksimal tuproq haroratini ko‘rdik, 62 darajaga chiqdi. O‘zgidromet har uch soatda havo harorati bilan birgalikda tuproq ustidagi havo haroratini ham o‘lchaydi. Cho‘llarda tuproq harorati 80 darajagacha qiziydi», – deydi iqlimshunos.
Uning aytishicha, meteostansiyaga 100 metr atrofida hech qanaqa bino-inshootlar qurish yoki katta-katta daraxtlar ekish mumkin emas. Bu stansiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi.
«Masalan, iqlim o‘zgarishi dunyoda 2 daraja yuqorilab ketdi deyiladi-ku. Toshkentda me’yorga nisbatan 1,5 daraja yuqorilab ketdi deyiladi. Agar siz hozir bunga ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lsangiz, masalan, 3-4 daraja yuqorilab ketdi, deydigan bo‘lsangiz, bu katastrofa (havo halokati) darajasida-da. Shuning uchun atrofimizda bino-inshootlar yo‘q», – deydi suhbatdosh.
Abdulahatov dunyoda eng yuqori harorat 56,5 daraja bo‘lganini qayd etadi.
«Darsliklarimizda Afrikada 58 daraja deyiladi. Bu hisobga olinmagan. Chunki butkasi yer sathidan 1,5 metr balandlikda bo‘lgani uchun shunday qilingan. Hozir eng yuqori harorat Amerikada joylashgan Ajal vodiysida kuzatilgan – 56,7 daraja. Bizda esa eng yuqori daraja Buxoroda qayd etilgan – 49,8 daraja», – deydi u.
Iqlimshunosning so‘zlariga ko‘ra, meteostansiyalar O‘zbekistoninng shahar markazlari, qishloqlari, tog‘lari va cho‘llarida bor.
«Ularning har bittasi har 3 soatda havo haroratini o‘lchab, natijalarni onlayn e’lon qilib boradi. Masalan, soat 14:00 da Buxoro dunyodagi eng issiq nuqtalardan biri bo‘ldi. Ya’ni havo harorati – 46,3 daraja. Eronda 46,4 bo‘ldi. Turkmanistonda 46,5. Havo haroratlaridan kelib chiqib standartlar ishlab chiqilishi kerak», – deydi iqlimshunos.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent observatoriyasida kuzatilgan havo va inson tana harorati 36,6 darajadan yuqori bo‘lsa, tashqi muhitda ishlaydigan xodimlar ishga chiqmasligi mumkin. Bunda ish haqi saqlanib qoladi.
«Yoki ish beruvchi mikroiqlim sharoitini yaratib berishi kerak. Biz tashqi muhitda ishlaydiganlar uchun ilmiy tadqiqotlar asosida standart ishlab chiqishimiz kerak. Buni buyurtma berish kerak va biz bilan sog‘liqni saqlash, avtoyo‘l va qurilish xodimlari va qishloq xo‘jaligi vazirligi olimlari bo‘lishi kerak. Masalan, 41 darajadan yuqori bo‘lganda, tashqi muhitda ishlaydiganlar uchun qanaqadir kompensatsiya to‘lash yoki kunduzgi muddatlardagi ishini kechqurunga o‘tkazish mumkin», – deydi u
Iqlimshunos suhbat davomida telefonlar ko‘rsatayotgan havo harorati darajalari nima uchun rasmiy e’lon qilinayotganiga nisbatan farq qilishi haqidagi savolga ham javob qaytardi.
«Minglab shunaqa ilovalar bor. Qaysi ilovadan foydalanishayotganini bilmaymiz. Ishonchli ilovalar ham bor. Lekin u ilovalardan juda ham kamchilik foydalanadi. Chunki ularning ko‘rinishi, foydalanish sal murakkabroq.
Ilovalar, smartfonlar, o‘sha ayfonlardagi ma’lumotlarning oqlanish darajasi kam, yuqori emas. Masalan, 3-4 darajalik chetlanishlar bor. Sun’iy yo‘ldoshga bizning ma’lumotlarimiz doimiy yetib bormaydi. 2-3 kundan keyin borib o‘zini to‘g‘rilab oladi.
Mana, bugun vodiyliklar havo harorati 48-50 daraja bo‘lganini jo‘natishyapti. O‘sha hududdagi stansiyaga borsak, 42-41 daraja kuzatilyapti. Demak, 6-7 darajalik farq»,– deydi u.
Abdulahatovning so‘zlariga ko‘ra, foreca.com ishonchli manbalardan biri hisoblanadi. Unda ob-havo prognozining ishonchlilik darajasi yuqori. Bundan tashqari, u faktik ob-havoni ham «O‘zgidromet» stansiyalari bergan so‘nggi ma’lumotlarni o‘ziga moslashtirib uzatadi.
«Lekin boshqa ilovalarda, men juda ham ko‘p kuzatganman, xatoliklar yuqori chiqadi», – deydi ekspert.
Erkin Abdulahatov sinoptiklar haroratni o‘zgartirib ko‘rsatmasligi, agar kamchiliklarga yo‘l qo‘ysa, javobgarlik borligini eslatib o‘tdi.
«Bir kunlik prognozlar oqlanishi plyus-minus bir daraja. Masalan, Toshkent uchun 42 daraja berilsa, u 43 yoki 41 bo‘lishi kerak. Agar 40 yoki 44 bo‘lib qolsa, sinoptikka nisbatan qanaqadir chora ko‘riladi. Chunki u qaysidir metodlar asosida ishlamagan bo‘ladi.
Besh kunlikda 44 desangiz, besh kunlik uchun 40 bo‘lishi mumkin. Lekin birinchi, ikkinchi, uchinchi kun uchun plyus-minus bir daraja xato qilishingiz mumkin. Agar sinoptiklar prognozlarida xatoliklar ko‘p chiqadigan bo‘lsa, ishdan haydalishi holatlari bo‘lgan. Menimcha, so‘nggi yillarda o‘zi e’tiroz ham kamayib ketdi»,– deydi iqlimshunos.
Erkin Abdulahatovning qo‘shimcha qilishicha, tuproq harorati darajalari qishloq xo‘jaligi uchun kerakli ma’lumot.
«Lekin bizga ko‘proq baribir havo harorati qiziqroq. Nega 2 metr yuqorida degan savol tug‘ilishi mumkin. Chunki yosh katta insonlarning balandligi 1.80, bunda quyosh bizning to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ynimizdagi arteriya, qon tomir va miyamizga ta’sir qiladi. Olimlar 160 yil oldin 2 metr yuqoridagi harorat kerak bo‘ladi, deb shu standartni yaratib ketishgan. Endi mana shu standart bo‘yicha butun dunyo o‘lchayapti.
Butun dunyo mamlakatlarida mana shu standart bir xil. Undan boshqa joyga chetlanish mumkin emas. Mana hozir avtomat meteorologik stansiya o‘rnatilyapti va ularga shunday yozilyapti: siz bizning ma’lumotimizga ishonmang, 2 yil o‘rganing deyapti. Mana shuning uchun bekorga o‘rnatib qo‘ymagan. Ikkitasi kuzatuvlar olib borsin deyapti. Havo harorati klassik bilan avtomat stansiya ma’lumotlarida bir darajalik, yarim darajalik farqlar bor. Lekin shuni hozir tenglashtirib olish uchun har ikkisi 2 yil davomida bir joyda kuzatuvlar olib boryapti», – deydi ekspert.
Uning so‘zlariga ko‘ra. klassik usuldan Yevropa davlatlari voz kechgan. Lekin, 70-80 foiz mamlakatlar hali ham mana shu psixrometrik butkadan foydalanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomatik stansiyalar ishni yengillatish uchun qo‘yilgan. Kuzatuvlar parallel olib borilib, ular solishtiriladi. Hozirda avtostansiyalarni amaliyotga joriy etish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, avtostansiyalar havo haroratini har bir daqiqada o‘lchaydi, ma’lumotlarni 10 daqiqada yangilaydi va data.meteo.uz axborot tizmiga uzatib turadi. Hozirda respublikaning 120 ta nuqtasida shunday avtostansiyalar mavjud.
Mavzuga oid
12:24 / 12.01.2026
Yanvar oxirida sovuq kunlar bo‘ladimi?
08:54 / 09.01.2026
Noqulay ob-havo sabab bir qator reyslar muqobil aeroportlarga yo‘naltirildi
10:30 / 08.01.2026
Ekologiya qo‘mitasi: havo ifloslanishini noqulay meteosharoit kuchaytirmoqda
09:31 / 08.01.2026