Jahon | 15:35 / 21.02.2021
18205
7 daqiqa o‘qiladi

Myanmadagi davlat to‘ntarishi. Politsiya jangovar qurol qo‘llamoqda, dastlabki qurbonlar bor

Myanmaning ikkinchi yirik shahri Mandalayda norozilik aksiyalarini tarqatish vaqtida namoyishchilardan ikki kishi halok bo‘lib, kamida yigirma kishi jarohatlandi.

Foto: Reuters

Shanba kuni Mandalayda ham mamlakatning boshqa yirik shaharlarida bo‘lgani kabi fevral oyi boshida davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylarga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Namoyishchilar harbiylar tomonidan hibsga olingan mamlakatning avvalgi rahbari Aung San Suu Kini ozod qilishni talab etishmoqda.

Namoyishchilar politsiyachilarni cho‘zmadan (rogatka) nishonga olishgan, bunga javoban politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llab, namoyishchilar tomon o‘t ochgan. Dastlab politsiyachilar rezina o‘qlardan foydalanishgani aytilgandi, keyinroq ma'lum bo‘ldiki, jangovar o‘qlar uzilgan.

Namoyishchilardan biri boshidan o‘q yegach, voqea joyidayoq halok bo‘lgan, o‘q ko‘krak qafasiga tekkan yana bir kishining joni shifoxonada uzilgan.

Politsiya hozircha bu holatlar bo‘yicha izoh bermadi.

Bular namoyishchilarning ilk qurbonlari emas. Shanba kuni Yangonda avvalgi namoyishlarda o‘qqa uchib halok bo‘lgan 20 yoshli qizning dafn marosimi o‘tkazildi.

Mya Txve Txve Xaying 9 fevral kuni poytaxt Neypidogi keng ko‘lamli namoyishlar politsiyachilar tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilishi vaqtida jarohatlangandi - o‘shanda suv purkagichlar (vodomyot) ishga solingan, shuningdek, odamlarga qarata rezina va jangovar o‘qlar otilgandi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, qiz o‘qotar quroldan jarohat olgan.

Mya oziq-ovqat do‘konida sotuvchi bo‘lgan, u shifoxonadaligida 20 yoshga kirgan
EPA

O‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan shifokorlardan biri Human Righs Watch’ga bergan ma'lumotga ko‘ra, metall o‘q uning o‘ng qulog‘i sohasidan boshiga kirgan. Mya Txve Txve Xaying shifoxonada maxsus apparatda bo‘lgan, ammo 19 fevral kuni vafot etgan.

Harbiy to‘ntarish
Myanmada 1 fevral kuni harbiy davlat to‘ntarishi amalga oshirilgandi. O‘shanda myanmalik harbiylar poytaxtga askarlarni kiritib, yangi parlamentning ilk sessiyasi o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilishgan, mamlakat yetakchisi Aung San Suu Ki va prezident Vin Minni uy qamog‘iga tashlab, bir yillik favqulodda holat rejimini joriy etishgandi.

Armiya bosh qo‘mondoni, general Min Aung Hlaing davlat rahbari vazifalarini o‘z zimmasiga olishini ma'lum qilgandi.

Harbiylar yirik shaharlarda kechki soat 8dan ertalabki soat 4gacha komendantlik soati e'lon qilishgan.

O‘tgan haftada harbiylar shaxsiy hayot xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritib, o‘zlariga mamlakat fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari va ularni hibsga olish borasidagi yangi huquqlarni taqdim etdi - endi odamlar sud qarorisiz hibsga olinishi mumkin.

Yangi qoidalar ordersiz tintuv o‘tkazish va hibsga olish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, ular xat va posilkalarni ochib ko‘rish, birovlarning xabarlarini «tutib olish» va telefon kompaniyalaridan shaxsiy ma'lumotlarni olish uchun imkoniyat yaratadi. Avvalroq mamlakatda Facebook, Twitter va Instagram faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan, barcha tillardagi Wikipedia bloklangan.

Shuningdek, yangi hukumat OAVga ularni «xunta» yoki «rejim» deb atash va bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlarni davlat to‘ntarishi deb atashni taqiqlagan. Bu atamalardan noto‘g‘ri foydalanish «fuqarolar o‘rtasida g‘alayon tug‘diruvchi fitna» sifatida baholanadi va shu tariqa, amaldagi matbuot to‘g‘risidagi qonunlarni buzish hisoblanadi.

Hafta boshida Aung San Suu Kiga yangi ayblovlar e'lon qilingandi - u endi favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ham ayblanmoqda. Fevral oyi boshida uyida o‘tkazilgan tintuvlar davomida mamlakatga noqonuniy olib kirilgan radioelektron vositalar topilgach, davlat maslahatchisi import va eksport to‘g‘risidagi qonunni buzishda ayblangandi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Davlat to‘ntarishi amalga oshirilishidan bir necha kun o‘tib butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketgandi. Pandemiya davrida ko‘pchilik bo‘lib to‘planish va komendantlik soati joriy qilinganiga qaramay, yirik shaharlar - Yangon, Neypido, Mandalay va boshqa shaharlarda har kuni o‘n minglab kishilar ko‘chalarga chiqishmoqda.

Myanma 1962 yildan 2011 yilgacha ham harbiy rejim ostida yashagan. 1988 yilda harbiylarga qarshi namoyishlar chog‘ida 3 mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan, 2007 yilgi namoyishlarda esa qurbonlar soni - rosa 30 nafar bo‘lgan.

2011 yilda harbiylar xalqaro hamjamiyat bosimi ostida bosqichma-bosqich demokratiyaga o‘tish jarayoni boshlanishini ma'lum qilishdi, ammo ular parlamentdagi o‘rinlarning 25 foizini o‘zlari uchun kafolatlashdi, shuningdek, kuchishlatar tuzilmalar ustidan nazorat harbiylarda qoldi.

Shundan keyin o‘tkazilgan barcha saylovlarda Aung San Suu Kining partiyasi g‘alaba qozonib keladi, u 30 yilga yaqin vaqt davomida demokratiya uchun kurash yetakchisi bo‘lgandi.

O‘tgan yil noyabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Aung San Suu Kining partiyasi - «Demokratiya uchun milliy liga» mutlaq g‘alabaga erishadi va hukumatni mustaqil shakllantirish huquqiga ega bo‘ladi. 1 fevral kuni yangi parlamentariylarning ilk yig‘ilishida yangi hukumat shakllantirilishi rejalashtirilgandi, ammo bu yig‘ilish bo‘lib o‘tmadi.

Mavzuga oid