O‘zbekiston | 07:38 / 29.11.2019
20172
4 daqiqa o‘qiladi

Maxsus mashinalarga yo‘l bermaganlik uchun jarima miqdori keskin oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Maxsus avtotransport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun yo‘l bermaganlik uchun ma'muriy javobgarlik keskin kuchaytiriladi. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 128-5-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Transport vositalari haydovchilarining ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berishi, –

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 230 000 - tah.) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya'ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi, –

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 230 000 - tah.) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, –

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari (5 575 000 - tah.) miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritishda tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlarda qayd etilgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda ushbu Kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi”.

128-5-moddaning amaldagi tahriri quyidagicha:

“Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi

Transport vositalari haydovchilarining to‘sqinliksiz harakat qilish huquqidan foydalanadigan transport vositalarining o‘tib ketishiga xalaqit berishi, —

eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya'ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi, —

eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —

eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid