Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sotuvchi xaridorning qonuniy talabini bajarmasa, elektron platforma zimmasiga ham mas’uliyat yuklanadi
Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida elektron tijorat, bolalar va xotin-qizlar huquqlari, sud tizimi, narkojinoyatlar hamda mahalliy kengashlar faoliyatiga oid bir qator qonunlar ma’qullandi.
Senatorlar muhokamasidan o‘tgan eng muhim hujjatlardan biri elektron tijorat sohasini tartibga solishga qaratilgan qonun bo‘ldi. Unga ko‘ra, elektron savdo operatorlari iste’molchi oldida subsidiar javobgarlikka ega bo‘ladi. Ya’ni sotuvchi xaridorning qonuniy talabini bajara olmasa, mas’uliyat elektron platforma zimmasiga ham yuklanadi. Shuningdek, transchegaraviy elektron tijorat, raqamli mahsulotlar eksport-importi va onlayn to‘lovlarni tartibga soluvchi yangi normalar joriy etilmoqda.
Yalpi majlisda bolalar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonun ham ma’qullandi. Hujjat bilan ilk bor «bolaning eng ustun manfaatlari» tushunchasi qonunchilikda mustahkamlanmoqda. Endi bola bilan bog‘liq har qanday masalada uning fikrini erkin bildirish huquqi inobatga olinadi.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar manfaatlarini himoya qilish vakolatlari kengaytirildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga jabrlanuvchilar nomidan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish huquqi berildi. Zo‘ravonlikdan jabrlanib maxsus markazga joylashtirilgan shaxslarga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi ham nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ma’muriy ishlarni ko‘rishda pedagog yoki psixologning qatnashishi majburiy bo‘ladi. Sud tizimida esa «rad qilish» va «o‘zini o‘zi rad etish» instituti joriy qilinmoqda.
Yalpi majlisda narkojinoyatlarga qarshi javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun ham ma’qullandi. Endi g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik uchun alohida javobgarlik belgilanadi. Internet orqali giyohvand moddalarni targ‘ib qilish yoki tarqatish og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanadi. Ta’lim muassasalari va yotoqxonalarga yaqin hududlarda sodir etilgan narkojinoyatlar uchun jazolar kuchaytirilmoqda.
Sud tizimiga oid yana bir muhim yangilik — fuqarolar va tadbirkorlarga istalgan hududdagi ma’muriy yoki iqtisodiy sudga murojaat qilish imkonini beruvchi ekstritorial sudlov tartibi joriy etiladi. Shuningdek, davlat organlari mansabdorining sud majlisida ishtirok etishi majburiy bo‘ladi.
Mahalliy kengashlar faoliyatiga oid qonun bilan esa «Kengash soati» instituti joriy etilmoqda. Qonun bilan deputatlar hududdagi dolzarb muammolar yuzasidan mansabdorlarning hisobot va javoblarini eshitishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, mahalliy kengashlarda rais o‘rinbosari lavozimi va Rayosat instituti tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, senatorlar elektron tijorat, raqamli markirovkalash, madaniy meros, JST talablariga mos fitosanitariya normalari hamda noqonuniy qurilgan ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni tan olish tartibini soddalashtirishga oid bir qator qonunlarni ham ma’qulladi.
Mavzuga oid
08:32 / 20.05.2026
Narkojinoyatlar uchun shartli ozod qilish tartibi cheklanadi
19:00 / 19.05.2026
Kreativ iqtisodiyot uchun soliq imtiyozlari nazarda tutilgan qonun ma’qullandi
21:46 / 18.05.2026
Avtomobil odometrini o‘zgartirib, bu haqda xaridorni ogohlantirmaganlik uchun javobgarlik belgilanadi
22:23 / 14.05.2026