O‘zbekiston | 16:15 / 15.08.2019
4282
5 daqiqa o‘qiladi

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz huzurida o‘quv kurslari tashkil qilinadi

Vazirlar Mahkamasining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat qayd etilishicha, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga inson huquqlari masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarini o‘qitish va ularning malakasini oshirishning samarali mexanizmlari va tartibotlarini shakllantirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari uchun BMTning ustav va shartnomaviy organlariga inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy ma'ruzalarini, shuningdek, muqobil ma'ruzalarni tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar so‘rovlariga javoblar yuborish yuzasidan o‘quv kurslarini o‘tkazish yuklangan.

Qaror bilan quyidagilar:

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari to‘g‘risidagi nizom;

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarida Malaka oshirganlik to‘g‘risidagi sertifikat namunasi tasdiqlandi.

Quyidagilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining maqsad va vazifalari, inson huquqlari xalqaro standartlarini qonun hujjatlariga va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilish usullari va vositalari to‘g‘risida aniq tushunchani shakllantirish;

ilg‘or xalqaro va xorijiy tajribani o‘rganish asosida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishini tashkil etish tartibotlarini o‘rganish;

o‘quv kurslari tinglovchilarida o‘z faoliyatida xalqaro inson huquqlari standartlarini tatbiq etishning huquqiy va tashkiliy mexanizmlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha tahliliy ko‘nikmalarni shakllantirish;

davlat boshqaruvining alohida sektorlarida vaziyatni tizimli nazorat qilish va monitoring olib borish, inson huquqlari va erkinliklarining tegishli sohasidagi taraqqiyotdan dalolat qiluvchi miqdor va sifat ko‘rsatkichlari (indikatorlari)ni aniqlash ko‘nikmalarini o‘rgatish;

inson huquqlari masalalari bo‘yicha samarali axborot-ma'rifiy va ta'lim faoliyatini amalga oshirish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini bajarish sohasida samarali xalqaro hamkorlikni tashkil qilish;

inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning dolzarb masalalari muhokamasi bo‘yicha tadbirlarni muntazam asosda o‘tkazish.

Belgilanishicha:

O‘quv kurslariga o‘quv-metodik rahbarlik qilish va bu kurslar faoliyatini tashkil qilish Markaz tomonidan amalga oshiriladi;

O‘quv kurslari tinglovchilarining kontingenti va o‘qitish jadvali davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining buyurtmanomalari bo‘yicha boshqaruv xodimlari orasidan Markaz tomonidan shakllantiriladi;

O‘quv kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish mehnatga soatbay haq to‘lash shartlarida Markaz, yetakchi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, shuningdek, amaliyotchi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi;

O‘quv kurslariga o‘qishga yuborilgan tinglovchilarning asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi o‘qish davrida saqlanib qoladi;

boshqa shaharlik tinglovchilarga turar joyni ijaraga olish va ta'lim olish joyiga bir marta borib kelish bo‘yicha sarflagan yo‘l xarajatlari, sutkalik to‘lovlar ularni yuborayotgan tashkilot tomonidan xizmat safari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan normalar va tartibda qoplanadi;

o‘quv kurslarini tashkil qilish va o‘tkazish, shu jumladan, o‘quv, tarqatma materiallar va idora ashyolarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, xalqaro tashkilotlarning grantlari va donorlik mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Mavzuga oid