O‘zbekiston | 11:24 / 31.07.2018
5508
2 daqiqa o‘qiladi

YeTTB prezidenti O‘zbekistonga keladi. U Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi

Foto: REUTERS

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Suma Chakrabarti 31 iyul - 1 avgust kunlari O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘ladi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Bu haqda YeTTB matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Biz O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish va mamlakatning o‘z qo‘shnilari va xalqaro hamjamiyatga eshiklarini ochadigan siyosiy islohotlar jarayonini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarini olqishlaymiz. Umid qilamizki, mamlakatda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faoliyati yanada faollashadi», - dedi Suma Chakrabarti. 

Ushbu tashrif davomida YeTTB prezidenti Chakrabarti xususiy kompaniyalar bilan qator kredit bitimlarini imzolaydi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston hukumati bilan energetikani rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan, shuningdek, kapital bozorlarini xususiylashtirish va rivojlantirishga masalalari bo‘yicha qator o‘zaro anglashuv memorandumlarni imzolaydi.

Mavzuga oid