Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO yetmadi: Rossiya Yevropa Ittifoqiga ham qarshi (mi)?
Rossiya ilgari Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqib kelgan bo‘lsa, hozir bu pozitsiya Yevropa Ittifoqiga nisbatan ham kengaymoqda. Dmitriy Medvedev tomonidan bildirilgan fikrlar bu yo‘nalishdagi qarashlar ochiqroq aytila boshlaganini ko‘rsatadi. Shu tariqa, Ukraina masalasida Rossiyaning munosabati faqat harbiy ittifoqlar bilan cheklanmay, uning Yevropa bilan integratsiyasining boshqa shakllarini ham qamrab olayotgani kuzatilmoqda.
Mavzu muhokamasi – Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida.
Rossiya nima uchun ilgari o‘zi rozi bo‘lgan, toqat qilgan Yevropa Ittifoqi kengashini endi xavf sifatida ko‘ryapti?
Anvar Yo‘ldoshev: Avvallari Yevropa Ittifoqi aniq iqtisodiy tashkilot sifatida qabul qilinar edi. Rossiya ham unga asosan iqtisodiy tuzilma sifatida qarar, shu sababli uning kengayishiga keskin qarshi chiqmas edi. Biroq hozir vaziyat o‘zgargan. Yevropa Ittifoqi tobora harbiylashib bormoqda va ayrim jihatlari bilan NATO ko‘rinishiga yaqinlashmoqda.
A’zo davlatlarning harbiy xarajatlari oshib, mudofaa sohasi kuchaytirilmoqda. Shu fonda, agar Ukraina ham Yevropa Ittifoqiga qo‘shilsa, u ittifoq ichida eng katta harbiy tajribaga ega davlatlardan biriga aylanishi mumkin. Bu holat Rossiya manfaatlariga zid. Chunki u nafaqat NATO, balki Yevropa Ittifoqining ham harbiylashuvini xavf sifatida ko‘rmoqda. Shu sababli Moskva endilikda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga ham keskin qarshi chiqmoqda.
Shuningdek, bu jarayonda ichki siyosiy omillar ham bor. Masalan, Vengriyada Viktor Orban, Slovakiyada Robert Fitso kabi yetakchilar Ukrainaga nisbatan ehtiyotkor yoki salbiy pozitsiyada turibdi. Bu esa Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi va unga ajratiladigan moliyaviy yordam masalasini murakkablashtirmoqda.
Oldin Rossiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasida nisbatan betaraf edi. Ammo bugungi kunda ittifoqning harbiylashuvi va ritorikasining o‘zgarishi bu pozitsiyani tubdan o‘zgartirdi.
Agar kelajakda AQSh NATOdagi rolini kamaytirsa yoki undan chiqsa, Yevropa davlatlari o‘zining alohida harbiy tizimini yaratishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu esa Yevropa Ittifoqining nafaqat iqtisodiy, balki harbiy tashkilotga aylanishiga olib keladi. Bunday ssenariy esa Rossiya uchun yanada katta xavf sifatida baholanmoqda.
Kamoliddin Rabbimov: Bu masalada bir nechta muhim nuqtalar bor. Birinchidan, Dmitriy Medvedev hozircha Rossiyaning rasmiy davlat pozitsiyasini emas, ko‘proq shaxsiy fikrini bildirmoqda. Agar bu bayonotni Vladimir Putin yoki boshqa yuqori martabali rasmiy aytganida, uni davlatning aniq pozitsiyasi sifatida qabul qilgan bo‘lardik.
Medvedev Putinga yaqin shaxslardan biri, ammo uning ilgari bildirgan keskin va hujumkor fikrlari har doim ham rasmiy siyosatga aylangan emas. Masalan, Kiyevga taktik yadroviy zarba berish haqidagi gaplari amalda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmadi.
Ikkinchidan, Rossiyaning strategik maqsadi o‘zgarmagan, Ukraina ustidan nazoratni qo‘lga olish va uni G‘arb ta’siridan chiqarish. Bu orqali Moskva possovet hududida o‘z ta’sirini qayta tiklashga intilmoqda. Ukraina aholi va hudud jihatidan Rossiyadan keyingi eng yirik davlat bo‘lgani uchun uning geosiyosiy ahamiyati juda katta.
Shu nuqtai nazardan, Rossiya ilgari Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu pozitsiya o‘zgarmoqda. Bu avvalo, xalqaro vaziyat bilan bog‘liq. Xususan, AQShda Donald Trampning hokimiyatga kelishi ortidan NATOning roli va transatlantik aloqalar zaiflashgani haqidagi qarashlar kuchaydi.
Ana shunday fon ostida Rossiya tomonidan yangi signal, ya’ni Ukraina nafaqat NATOga, balki Yevropa Ittifoqiga ham qo‘shila olmaydi, degan fikr ilgari surilmoqda. Hozircha bu rasmiy bayonot emas, balki sinov tariqasida aytilayotgan pozitsiya sifatida ko‘rish mumkin. Agar xalqaro vaziyat Rossiya foydasiga o‘zgarsa, bu fikr keyinchalik rasmiy siyosat darajasiga olib chiqilishi ehtimoldan xoli emas.
Bugungi kunda G‘arb ichida ham ma’lum darajada bo‘linish mavjud. Yevropa Ittifoqida mustaqil siyosiy va harbiy kuchga aylanish tarafdorlari tobora kuchaymoqda. Ular Yevropa xavfsizligini faqat AQShga bog‘lab qo‘ymaslik kerak, degan fikrni ilgari surmoqda.
Bu yondashuv ayniqsa Fransiyada kuchli. U yerda Sharl de Goll davridan meros bo‘lib qolgan “gollizm” doktrinasi mavjud bo‘lib, u Yevropaning strategik mustaqilligini ta’kidlaydi. Ushbu qarashga ko‘ra, Yevropa o‘z xavfsizligini mustaqil ta’minlashi kerak, chunki tashqi ittifoqchilarga to‘liq tayanish har doim ham ishonchli emas.
Agar kelajakda AQShda izolyatsion siyosat tarafdorlari hokimiyatga kelsa va bu yo‘nalish davom etsa, Yevropa Ittifoqi yanada mustaqil harbiy-siyosiy markazga aylanishi mumkin.
Bunday sharoitda Rossiyaning asosiy maqsadi o‘zgarmaydi, Ukrainani G‘arb orbitasidan uzib olish. Ukraina esa NATO va Yevropa Ittifoqi yo‘nalishida harakat qilyapti. Endilikda Rossiya bu jarayonning har ikkala yo‘nalishiga qarshi chiqmoqda. Hozircha bu fikrlar to‘liq rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, kelajakda ular bosqichma-bosqich davlat siyosatiga aylanishi mumkin.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.