O‘zbekiston | 18:10 / 20.09.2025
14410
8 daqiqa o‘qiladi

“Yuk mashinalari sabab halovat yo‘q” – chegara qishloqdagi tartibsizliklar qachon barham topadi?

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida joylashgan “Do‘stlik” bojxona posti yaqinida yashovchi fuqarolarning necha yildirki halovati yo‘qolgan. Yuk mashinalarining bojxona tekshiruvidan o‘tish uchun asosiy qatnov yo‘lini to‘sib qo‘yib kmlab masofani egallab turishi, 10 yillardan beri bitmayotgan yangi yo‘l aholining xaqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz muxbiri bu borada tahririyatga murojaat qilgan Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani Yangi Farg‘ona hamda To‘raobod mahallasida yashovchi aholi vakillari va rasmiylar bilan suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘quvchilarning yo‘ldan o‘tishi ham ancha xavfli. Maktabga o‘tish yo‘lagida na belgi va na yo‘l chizig‘i bor. Shunda ham ular maktabga borish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yib yo‘lni egallab olgan yuk mashinalari oralab o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. 2013 yilda boshlangan yo‘l qurilishi ishlarining sifatsiz bajarilayotgani esa alohida bir mavzu. Yerosti beton yo‘lagining bir qismi o‘pirilib aholi yashash xonadonlaridan birini bosib qolgan ekan.

“Yuk mashinalarining yo‘limizni to‘sib qo‘yishi bizni charchatdi. Turnaqator navbatlar to Gagarin qishlog‘igacha boradi. Yuk mashinalari haftada ikki kun nisbatan kamroq bo‘ladi. Qolgan kunlari har kuni mana shu ahvol. Ayniqsa shanba va yakshanba kunlari ko‘chada yurishning iloji yo‘q.

Sharifa Soliyeva

Yaqinda shu katta mashinalarning biri tanishimni urib yubordi. Aptekaga o‘tgan ekan, qaytayotganda urib yuborib, o‘lib qoldi o‘sha yerda. Maktabga bolalarimizni qo‘yib yuborgani ham qo‘rqamiz, ko‘cha mana bu ahvol bo‘lsa. Katta yo‘l. To‘satdan kelib qoladi yuk mashinalari.

Ko‘ryapsiz-ku, belgi ham yo‘q yo‘llarda. Sho‘rlik maktab bolalariga ham qiyin bo‘ldi. Maktabga o‘tuvchi yo‘l chizig‘i ham yo‘q. Mahallaga, yo‘lga sharoit qilib qo‘yish kerak-da. Yo‘lda qurilish boshlanganiga 10 yil bo‘ldi axir.  Hali bitmaydi”, deydi Sharifa Soliyeva. 

“Furalarni qatorlatib qo‘yib ketishadi. Na yo‘ldan o‘ta olasan, na mashinangni bemalol haydaysan. Yuk mashinalari yo‘lning bir tomonini to‘liq egallab olgandan keyin haydovchilar chorasizlikdan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanishga to‘g‘ri kelyapti. Kechasi bilan signal chalib chiqishadi. Haydovchilarning baqir-chaqiriga uxlay olmaymiz, Xitoydan kelgan haydovchilar baqirganda qo‘yaveraverasiz. Qirg‘izistondan o‘tgan haydovchilar ham xuddi yaylovga chiqib qolgandek qiyqirishadi. Inspektorlar kelib signalini chalib sirenasini qo‘yib oladi. Odamlar dam olayotgandir, deb  o‘ylaydigan odamning o‘zi yo‘q. Hech kimning ishi yo‘q. Qachongacha shu ahvolda yashaymiz, bilmayman.

Isroiljon Qodirov

Yuk mashinasi haydovchilarining chiqindilarini atrofga tashlashi alohida bir muammo. Katta hojatini ham paketga solib tashlab ketyapti qishloqning ichiga. Hech kimning ishi yo‘q.

Aholi yo‘l qurilishidan ham norozi. Yangi yo‘l uchun tashlangan tuproq o‘pirilib aholi yashash xonadonlariga tushyapti. Odamlar o‘zining yonidan usta chaqirib beton quydiryapti devor chegarasiga. Oqova suv chiqib ketadigan yo‘lning o‘zi yo‘q. Paqirlab ko‘chaga tashlaymiz yomg‘ir yog‘sa. Qisqasi muammoning keti yo‘q. Dardimizni hech kim eshitmayapti”, deydi Isroiljon Qodirov.

Yuk mashinalarining yo‘lni to‘sib qo‘yishi masalasida Andijon viloyat bojxona boshqarmasi katta inspektori Suhrob Jumaqulovdan izoh oldik. U yuk mashinasi haydovchilari bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan yo‘lda turib qolishini aytdi.

Suhrob Jumaqulov

“Aholi uylarining oldida transport vositalarining turib qolish sababini o‘rganganmiz. Yuk mashinasi haydovchilari yo‘lda bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan turishadi. Masalan, haydovchilar hujjati yetib kelmagan holatlar yoki yukni qabul qiluvchi, yukni jo‘natuvchi bilan o‘zaro oldi-berdi munosabatlaridagi kamchiliklar sababli turib qolishadi.

Do‘stlik chegara bojxona postida tadbirkorlarga, tashuvchilarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Hech qanaqa to‘siqlar, sun’iy yaratilgan muammolar mavjud emas. Hozirgi kunda mana shu Do‘stlik chegara bojxona postiga olib keladigan avtomagistral yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Ta’mirlash ishlari yakunlangandan keyin transport vositalari harakatlanishida hech qanaqa muammo bo‘lmaydi. Qurilish-montaj ishlari olib borilyapti. Shu sababli shu muammo kelib chiqdi deb o‘ylayman. Do‘stlik chegara bojxona postiga bevosita tutash hududda terminal yaratilgan. Katta avtomobillar to‘xtash hududi, turargoh joriy qilingan. Transport vositalari agar to‘planib qoladigan bo‘lsa ham shu turargohga kirib bemalol navbatlari kelgunicha kutishlari mumkin.

Haydovchilar murojaat qilib, chegaradan o‘tishlarini so‘rab postgacha kirishsa, bemalol bizlar rasmiylashtirib chiqarib yuboramiz. Hech qanaqa muammo yo‘q. Bevosita bojxona rasmiylashtiruvi bilan, bojxona organlari bilan, chegara nuqtai nazaridan hech qanaqa muammo yo‘q. Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati xodimlari bilan birgalikda tasdiqlangan yo‘riqnomalar, texnik sxemalarga asosan rasmiylashtirib o‘tkazib yuboramiz.

Kelajakda postimizga tutash hududda logistik xizmatlarni ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan transport vositalarining to‘xtash joylari, bevosita yuk ortish-tushirish joylari, katta kompleks qurilish ishlari rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha tegishli takliflar berilgan, tegishli hokimlik va idoralar bilan birgalikda ishlar olib borilyapti, ijroga qaratilgan barcha ishlar”, deydi bojxona boshqarmasi katta inspektori.

Xo‘jaobod tumani hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvarbek Hoshimov tez orada muammo bartaraf etilishini bildirdi:

“Tirbandlikning oldini olish bo‘yicha YevroAziya transport logistika korxonamiz bor. Markaz hududini bir gektar 10 sotixga kengaytirdi. Buning hisobiga 70 dan ortiq yuk mashinalari yana qo‘shimcha kiradigan bo‘ldi.

Anvarbek Hoshimov

To‘g‘ri, bu tirbandlikni to‘liq bartaraf qilmaydi. Bojxona postimizda ham tirbandlikning oldini olish bo‘yicha yana bitta tarozi qo‘yildi. Elektron tizim yo‘lga qo‘yildi. Bu ham tirbandlikning oldini olish uchun bitta chora, lekin u ham to‘liq bartaraf qilmaydi. Shuning uchun 45-postimiz bor. Shu yerda 30 gektar yerda taklifi berildi. Yana qo‘shimcha yangi logistika qilish uchun. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi kelgan. Logistika tashkil qilish, uning infrastrukturasi, hamma yog‘i bo‘yicha ishlar ketyapti.

Yo‘ldagi tartibsizliklarning oldini olish uchun tez orada logistika markazi quramiz. Bundan keyin yuk mashinalari o‘sha yerda navbati kelishini kutishadi”, deydi Anvarbek Hoshimov.

Kun.uz holatni kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid