Jahon | 13:27 / 12.03.2026
6317
3 daqiqa o‘qiladi

Eron TIV Mujtaba Xominaiy yaralanganini tasdiqladi

28 fevral kungi hujum vaqtida u ham otasi va oila a’zolari yonida bo‘lgan.

AFP via Getty Images

Eronning yangi diniy rahbari Mujtaba Xominaiy yaralangan, ammo uning holati yaxshi. Bu haqdagi ma’lumotni Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy Italiyadagi Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida tasdiqlagan.

«U yaralangan, ammo u bilan barchasi joyida, men u qachon ilk bor chiqish qilishidan xabardor emasman», – degan Baqoiy.

U shuningdek, Ali Xominaiyning o‘rnini egallash uchun «uch-to‘rt nomzod» bo‘lgani, ammo Ekspertlar kengashi a’zolarining ko‘pchilik qismi Mujtaba Xominaiy nomzodini tanlashganini qo‘shimcha qilgan.

Eronning Kiprdagi elchisi Alirizo Salariyon ham Mujtaba Xominaiy 28 fevral kuni otasi va oila a’zolari halok bo‘lgan hujum vaqtida yaralanganini tasdiqlagan. «U ham o‘sha yerda bo‘lgan va o‘sha bombardimon paytida jarohat olgan, lekin bu haqda xorijdagi yangiliklarda yozishganini ko‘rmadim. Eshitishimcha, u oyog‘idan, shuningdek, qo‘li va bilagidan yaralangan», – degan elchi The Guardian uchun intervyusida.

Mujtaba Xominaiy yaralangani haqida dastlab 7 mart kuni Isroildagi «12 kanal» o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatgandi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, u 28 fevral kuniyoq – AQSh va Isroilning Eron bo‘ylab yo‘llagan dastlabki aviazarbalari oqibatida yaralangan. Keyinroq The New York Times nashri ham Xominaiy urushning ilk kunida oyog‘idan jarohatlangani va shuning uchun omma qarshisiga chiqmayotgani va saylanganidan keyin hech qanday bayonot bermayotganini xabar qildi.

Eronda yangi diniy rahnamo saylangani haqida 8 mart kuni e’lon qilingandi. 56 yoshli Mujtaba Xominaiy – Isroil va Amerika harbiylarining 28 fevral kuni yo‘llagan aviazarbalari oqibatida halok bo‘lgan Ali Xominaiyning ikkinchi o‘g‘li hisoblanadi. Diniy rahnamoning Tehrondagi qarorgohiga zarba oqibatida Mujtaba Xominaiyning otasi Ali Xominaiydan tashqari, onasi Mansura Xo‘jasta Boqirzoda, turmush o‘rtog‘i Zahro Haddod Odil hamda o‘g‘li ham halok bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid