Jahon | 22:12 / 13.03.2026
9051
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaqin Sharqqa 5000 dengiz piyodasi va qo‘shimcha kemalarni yuboradi

Harbiy vazir Pit Hegset AQSh Eronga nisbatan barcha variantlarni, jumladan, yadroviy obektlarni nazorat qilish uchun quruqlikdagi kuchlardan foydalanishni ko‘rib chiqayotganini, shuningdek, mamlakat mudofaa sanoatini yo‘q qilish niyatida ekanini ta’kidladi.

Foto: U.S. Navy

Pentagon Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujumlari kuchayib borayotgani munosabati bilan Yaqin Sharqqa dengiz piyodalari guruhi va qo‘shimcha jangovar kemalarni yubormoqda, deb yozdi The Wall Street Journal uch amerikalik amaldorga tayanib.

Mudofaa vaziri Pit Hegset Markaziy qo‘mondonlikning desant kemalari guruhining bir qismini dengiz piyodalari ekspeditsiyasi bataloni bilan ko‘chirish to‘g‘risidagi so‘roviga ruxsat berdi. Bunday guruh odatda bir nechta jangovar kemalar va 5000 ga yaqin dengiz piyoda askarlarini o‘z ichiga oladi.

Avvalroq Eron allaqachon dunyo neft ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashga kirishgani haqida xabar berilgan edi. Minalashtirish ko‘lami hozircha bir necha o‘nlab minalar bilan cheklangan, biroq Tehron kichik kemalar va mina to‘siqlarining 80-90% gacha qismini saqlab qolgan, bu esa nazariy jihatdan yuzlab minalar qo‘yish imkonini beradi.

13 mart kuni o‘tkazilgan brifingda Pentagon rahbari Pit Xegset 28 fevral kuni boshlangan harbiy operatsiya davomida AQSh-Isroil zarbalari tufayli 15 mingdan ortiq nishonga zarba berilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron harbiy-dengiz floti yo‘q qilingan, mamlakatning jangovar havo kuchlari va havo mudofaasi yo‘q qilingan, raketa salohiyati 90 foizga, zarba beruvchi dronlar zaxirasi 95 foizga qisqargan. Vazir Eron yadro dasturini to‘xtatishni operatsiyaning asosiy vazifasi deb atadi va AQSh barcha variantlarni, jumladan, yadroviy obektlarni nazorat qilish uchun quruqlikdagi kuchlardan foydalanishni ko‘rib chiqayotganini, shuningdek, mamlakat mudofaa sanoatini yo‘q qilish niyatida ekanini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid