Sport | 18:34 / 07.04.2026
1579
4 daqiqa o‘qiladi

Ishchilarining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirkorlar o‘z ishchi-xodimlari uchun sport zali, maydonchasi qurish va jihozlash uchun qilgan xarajatlari foyda solig‘i bazasidan chegiriladi, jalb qilingan trenerlar uchun daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.

Foto: Misha Moon

Yig‘ilishda har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat, tuman hokimi xodimlari sport bilan shug‘ullanishi uchun o‘zi namuna bo‘lib, sharoitlarni kengaytirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur jarayonda haftada bir kun sport kuni sifatida belgilanishi, bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashg‘ulotlari o‘tkazilishi belgilandi. Agar sport zali bo‘lmasa, sport bazalari yoki federatsiyalar bilan shartnoma tuzish, kamida 4 ta sport turi bo‘yicha yiliga 2 marta musobaqa tashkil qilib, g‘oliblarni taqdirlash topshirildi.

Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar o‘rtasida respublika birinchiliklari o‘tkazilishi belgilandi.

Xususiy sektordagi mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Tadbirkorlar o‘z ishchi-xodimlari uchun sport zali, maydonchasi qurish va jihozlash uchun qilgan xarajatlari foyda solig‘i bazasidan chegiriladi, jalb qilingan trenerlar uchun daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.

«Mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya» zanjiri asosida aholini sportga jalb qilish va seleksiya bo‘yicha yangicha yondashuv joriy qilinadi.

Oliygoh rektori, federatsiya rahbarlari va hokimlar o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda hokimlar hududidagi maktab, texnikum va boshqa sport obektlarida darsdan tashqari vaqtda sport to‘garaklari tashkil qilish uchun sharoit yaratadi.

Mutasaddilarga 9 mingta mahallani 26 ta federatsiya rahbarlariga bog‘lab, maktablardagi to‘garaklarni zarur sport anjomlari bilan jihozlash topshirildi.

Sport yo‘nalishidagi oliygohlarning 2- va 3-kurs talabalari yarmini, 4-kursdagilarning esa barchasini dual ta’lim bilan qamrab olib, murabbiylik qilish uchun to‘garaklarga yuborish muhim ekani qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik ravishda murabbiylik sertifikati beriladi.

Talabalar haftada uch kun oliygohda o‘qisa, qolgan kunlarda o‘zi biriktirilgan maktablardagi to‘garakka borib, yoshlarni shug‘ullantiradi. Sport to‘garaklaridagi tushumning 50 foizi murabbiy talabaning o‘ziga beriladi.

Shuningdek, dual ta’lim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikatini berish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Umuman, Sport vazirligi va hokimlar oldiga joriy yilda yangi tizim orqali sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Xuddi futboldagi kabi «Besh tashabbus» musobaqasi va sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar bo‘yicha ham shaffof, raqamlashgan tizim qilish zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida sportchi va murabbiylarning natijasini tahlil qilib, mashg‘ulotlar rejasini tuzadigan platforma yaratish topshirildi.

Sportdagi ilmiy ishlar bundan keyin faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilib, natijasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga joriy qilinishi zarurligi ta’kidlandi. Endi olimlarning ilmiy ishi natija bersa, sportchilarning yutuqlari ko‘paysa, xalqaro musobaqalarda medal olib kelsa, ushbu olimlarga 100 million so‘mdan mukofot beriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid