O‘zbekiston | 19:21 / 29.03.2020
30894
3 daqiqa o‘qiladi

«Oziq-ovqat tanqisligi bo‘lmaydi». Toshkent shahar hokimligi bozorlardagi navbatlarga munosabat bildirdi

Bugun, 29 mart kuni Toshkent shahrining ko‘plab bozorlari va do‘konlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga navbat kuzatildi. Bu esa karantin talablariga ziddir.

Farhod bozori, 29 mart / Foto: Kun.uz

Poytaxt hokimligi holat yuzasidan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

«Aholimizga murojaat qilib, zaxirada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetarli ekanligini, bozor va do‘konlar bunday mahsulotlar bilan muntazam ta'minlanishini ma'lum qilamiz.

Faqat zaruratga ko‘ra ko‘chaga chiqing, odamlar bilan oraliq masofani saqlang, sanitariya-gigiyena talablariga rioya eting va bu bilan o‘zingiz hamda yaqinlaringiz salomatligini asrang!» – deyiladi murojaatda.

Korzinka.uz asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov ham bugun supermarketlar tarmog‘ining deyarli barcha do‘konlarida xaridorlar oqimining ko‘payganini ma'lum qilib, mijozlarga murojaat qildi.

Foto: Zafar Hoshimov

«Do‘konlarimizning to‘lib-toshgani, boshqa vaqt bo‘lganida, albatta,  bizni quvontirgan bo‘lardi. Afsuski, hozir jahonda pandemiya qizigan palla hukm surmoqda.

Ertaga shaxsiy avtomobilda harakatlanish qiyin kechishini ham tushunib turibman. Men ertaga bozor va supermarketlar ishlamaydi degan mish-mishlar kezib yurganini ham bilaman, bu yolg‘on va dezinformatsiyadir.

Shu sababli biz do‘konlarimizga keluvchilar xavotirini pasaytirish uchun ma'lum choralarni kuchaytirish – savdo zallarida va kassa hududi yaqinida xavfsiz masofa saqlash imkoniyatini hosil qilish maqsadida zudlik bilan zarur choralarni qabul qildik.

Shu maqsadda ma'lum vaqt oralig‘ida do‘konlarimizga kirishni yopib turamiz. Tashrif buyuruvchilardan esa do‘kon tashqarisida navbat bilan bir-birlaridan xavfsiz masofani saqlagan holda turishlarini so‘raymiz. Do‘kon ichkarisidagi tashrif buyuruvchilarning nisbatan erkin harakati ta'minlangach, biz kamaytirib borish tartibida mijozlarni ichkariga kirgizamiz.

Chora-tartiblarimizni to‘g‘ri tushunasiz, degan umiddaman», – deb yozadi Zafar Hoshimov.

Mavzuga oid