Koronavirus: O‘zbekistonda Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trln so‘m ajratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«Bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlar bizdan aniq va samarali choralar kutmoqda. Shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida prezidentimiz koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qildi. Hujjatga asosan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantiriladi.
Yig‘ilishda farmonda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta'sirini yumshatish masalalari muhokama qilindi.
Koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta'minlash, karantin xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e'tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta'minlash muhimligi qayd etildi.
Hozirgi kunda 16 mingdan ortiq fuqarolar karantinga olingan. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini ta'minlash yuklatildi.
Yig‘ilishda aholini ijtimoiy himoyalash masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini ta'minlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo‘shatishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yuz foiz to‘lab beriladi.
Maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari faoliyati to‘xtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat ta'tilidan foydalanishning yillik rejasidan qat'i nazar yillik mehnat ta'tili taqdim etiladi.
Iqtisodiy faollik pasaygan paytda aholi bandligi masalasi alohida e'tibor talab etadi. Shu bois Inqirozga qarshi jamg‘armadan Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar odamlarni ish bilan ta'minlash, buning uchun mahallalarda qo‘shimcha infratuzilma obektlari qurishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 500 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilib, ish o‘rinlari yaratadigan biznes sub'yektlarga ko‘maklashiladi.
Ushbu chora-tadbirlarni sifatli bajarish maqsadida Bosh vazir rahbarligida Inqirozga qarshi respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya 22 martdan boshlab ikki oy davomida har bir tuman va shaharda koronavirusga qarshi kurashish, sanoat, xizmat ko‘rsatish, savdo, transport, logistika va boshqa korxonalarni barqaror ishlatish masalalarini hal qilib boradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga bozorlardagi narx-navoning o‘zgarishini kuzatib borib, mavjud zaxiradan qo‘shimcha mahsulotlarini savdoga chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Tavsiya etamiz
Tramp: «Ukrainaga bosim o‘tkazishga majbur bo‘lgandik»
Jahon | 20:53 / 18.03.2025
«Begonalar zulm qilgani yo‘q, ammo o‘zimiznikilardan yordam kutmay qo‘ygandik» - sudjaliklar
Jahon | 12:32 / 18.03.2025
Kurskdagi qurbonlar - komendantlik soatini buzganlar, vayronalar ostida qolganlar va yuragi dosh bermaganlar
Jahon | 10:25 / 18.03.2025
Magic City'ning egasi yana o‘zgaradi
O‘zbekiston | 21:22 / 17.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
NASA Oy yuzasidan quyosh botishi qanday ko‘rinishini namoyish etdi
Fan-texnika | 19:05
-
Havas tarmog‘i iste’molchi huquqlarini ta’minlash bo‘yicha eng yaxshi kompaniya nomiga sazovor bo‘ldi
Jamiyat | 18:57
-
Saida Mirziyoyeva AQSh Kongressi a’zosi Kerol Miller bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston | 18:32
-
Moskvada yangi turar joy binolarini hindistonlik ishchilar qurishni boshladi
Jahon | 18:28
Mavzuga oid

23:29 / 03.07.2021
AQShda hayvonlar sinov tariqasida koronavirusga qarshi emlanmoqda

13:47 / 03.07.2021
Buxoro viloyati hokimi koronavirusga chalindi

23:49 / 02.07.2021
JSST Yevro-2020 sababli Yevropada koronavirusning yangi to‘lqini yuz berishi muqarrarligini aytdi

18:24 / 02.07.2021