Sport | 17:24 / 23.08.2018
73928
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov «Paxtakor» homiysiga aylandi, Toshkentda 100 mln dollarlik yangi stadion quriladi

Foto: Getty Images

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov «Paxtakor» klubini vasiyligiga oldi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida namoyish etilgan hujjatli filmda ma’lum qilingan.

Filmda ta’kidlanishicha, ayni paytda «Paxtakor» klubi nizom jamg‘armasining 80 foizi asli o‘zbekistonlik biznesmenga tegishli. Hozirgacha klubni rivojlantirishga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan.

«U futbolga juda katta umid baxsh etdi. Oxirgi bir yarim yil davomida «Paxtakor»da ko‘p narsa o‘zgardi. Alisher Burxanovichning sharofati bilan deyarli barcha narsa – menejment, murabbiylar, jamoa falsafasi o‘zgardi. Hozir bizda bularning barchasi mavjud», - deydi filmda ishtirok etgan «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze.

Ma’lum qilinishicha, 1959 yilda qurilgan «Paxtakor» stadioni o‘rnida yangi arena qurilishi mo‘ljallanmoqda. Barcha qulayliklarga ega, FIFA talablari asosida bunyod etiladigan zamonaviy stadionning loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan. «Muxlislarning qiziqishini ushlab turish uchun rejalar to‘liq oshkor etilmaydi», - deyiladi filmda.

Hujjatli filmda Alisher Usmonovning fikrlari intervyusi ham keltirib o‘tilgan. «O‘zbek ekanimdan g‘ururlanaman. Bu mening ona yurtim ekanidan faxrlanaman. O‘zbekistonga qanday foydam tegishi mumkin bo‘lsa, men barchasini qilishga doim va istalgan daqiqada tayyorman. O‘zbekiston, o‘zbek xalqi va uning prezidentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman», - deya ta’kidlagan 64 yoshli biznesmen.

«Paxtakor»ning sobiq hujumchisi Birodar Abduraimov investorning klubga qiziqishini quyidagicha izohlagan: «Alisher Burxonovichning o‘zi ham sportchi bo‘lgan. Shu boisdan ham u «Paxtakor»ga shaxsan yordam bermoqda. Qolaversa, u bu jamoani juda yaxshi ko‘radi», degan faxriy sport ustasi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida Usmonov Londonning «Arsenal» klubidagi o‘ziga tegishli 30 foiz aksiyani 550 million funt (713 million dollar)ga sotib yuborgan edi.

Mavzuga oid