O‘zbekiston | 16:20 / 07.05.2020
5572
2 daqiqa o‘qiladi

IIV akademik litseylariga o‘qishga kirish uchun arizalar qabul qilish muddati uzaytirildi

IIV akademik litseylariga 2020–2021-o‘quv yili uchun arizalarni qabul qilish muddati uzaytirildi. IIV Kadrlar bosh boshqarmasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘qishga kirish uchun arizalar 15 maygacha qabul qilinadi.

Ichki ishlar vazirligi tasarrufida O‘zbekiston bo‘yicha 14 ta akademik litsey mavjud bo‘lib, ular har bir viloyat markazi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxtida joylashgan.

Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga o‘qishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan tanlovlarga umumta'lim muassasalarining 9-sinfini tamomlayotgan o‘quvchilar taklif etiladi. Nomzodlar sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan, dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lishi kerak.

Farzandlari akademik litseyga o‘qishga kirish istagini bildirgan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar doimiy yashash joyidagi hududiy ichki ishlar boshqarmalariga belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qilishlari lozim.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga IIV akademik litseylariga kirish uchun o‘quvchilarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.

Shu paytgacha IIV akademik litseylariga o‘qishga kirish uchun arizalar qabul yilining 1 fevralidan 15 apreliga qadar qabul qilib kelingan.

IIV axborot xizmatining ma'lum qilishicha, karantin cheklovlari sababli hujjat topshirishga ulgurmagan abituriyentlarga imkoniyat yaratish maqsadida ushbu muddat 15 maygacha uzaytirilmoqda.

Mavzuga oid