Jahon | 13:34 / 04.12.2023
7182
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada vulqon otilishi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi

Qutqaruvchilar omon qolgan 3 kishini ham topgan.

Foto: AP

Indoneziyaning Sumatra oroli g‘arbidagi Marapi vulqoni (balandligi 2891 metr) uyg‘onishi oqibatida 11 kishi vafot etdi, ofat hududida bo‘lgan 12 kishi esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ularni qidirish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.

«Qidiruvni hozirda davom ettirish juda xavfli», — deydi qutqaruv guruhi vakili Jodi Haravyan.

Marapi vulqonining otilishi 3 dekabr kuni tushdan so‘ng sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, vulqon hududida 75 kishi bo‘lgan. Ulardan 49 nafari evakuatsiya qilingan. Ularning ko‘pchiligi kuyish tan jarohatini olgan.

Vulqonning kuli 3 km balandlikka qadar yetgan va bir necha qishloqlarni qoplab olgan. Hukumat buning ortidan 2-darajali ogohlantirish haqida e’lon qildi va aholini vulqondan 3 km uzoqlikda bo‘lishi kerakligini buyurdi.

Marapi — Sumatra orolidagi eng faol vulqonlardan biri. Uning 1979 yil aprelidagi «uyg‘onishi» sabab 60 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

18 ming katta-kichik orollardan tashkil topgan Indoneziya arxipelagi Tinch okeanining vulqonli olov halqasi nomi bilan tanilgan seysmik faol hududda joylashgan. Hozirda Indoneziyada 127 ta faol holatdagi vulqonlar mavjud.

 

Mavzuga oid