O‘zbekiston | 21:14 / 28.08.2023
12695
8 daqiqa o‘qiladi

Bolalar milliy tibbiyot markazining bir guruh xodimlari taqdirlandi

Bolalar milliy tibbiyot markazining o‘z sohasida katta yutuqlarga erishib kelayotgan bir guruh xodimlari vazirlik ko‘krak nishoni va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Mukofotlar 26 avgust kuni milliy tibbiyot markazida o‘tgan tadbirda topshirildi. Tadbirni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ochib berdi.

Uning ta’kidlashicha, 130 million dollardan ziyod mablag‘ hisobiga Janubiy Koreya Respublikasi ko‘magida barpo etilgan ushbu markaz to‘liq zamonaviy tibbiy jihozlar, shu jumladan, magnit rezonans tomografiya, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Markazda samarali faoliyati yuritish uchun 100 dan ortiq vrach va hamshiralar Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytgan. 

“Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera o‘rnatilgan bo‘lib, boshqa shifoxonalar va oliy ta’lim muassasalari operatsiyalarni onlayn tarzda ko‘rib turishi zamonaviy texnologiyalar orqali  masofaviy tibbiy ko‘riklar hamda konsiliumlar tashkil etish imkoniyati yaratilgan. 

“Ushbu markaz yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyoda yagona ushbu turdagi bolalar tibbiyot muassasasidir. Bu yerda yiliga 3 mingdan ziyod noyob jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. 

Davlatimiz rahbari 2020 yil 20 may kuni Bolalar milliy markazi bilan tanishar ekanlar “Bu markaz – milliy boyligimiz. Bu yerda bolalarni malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida mamlakatimiz hududlarida ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni tashkillashtirish kerak, – degan edi.

Bolalar milliy tibbiyot markazida o‘tgan davr mobaynida birmuncha amaliy tadbirlar, yangi jarrohlik va davolash amaliyotlari yo‘lga qo‘yilishiga erishildi.

2023 yilning o‘tgan davrida bolalarda ilk bor umurtqa pog‘onasi qiyshiqligi (skolioz) kasalligining radikal korreksiyasi  amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 30 ga yaqin bolalarda ushbu amaliyotlar o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi. Ushbu amaliyot amalga oshirilishi valutaning chet elga chiqib ketishi, eng asosiysi aholimizning chet davlatlarda sarson bo‘lishining oldini olishga hamda xorijiy standartlarning O‘zbekistonga kirib kelishiga erishildi.

Vaholanki, bugungi kunga qadar mazkur amaliyotlar bolalar fondi orqali Turkiya va Hindiston davlatlarida 20-25 ming AQSh dollari evaziga amalga oshirilib kelingan”, – dedi vazir.

Amrillo Inoyatovning ma’lumot berishicha, 2023 yil davomida markazda birinchi marta bolalarda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti mahalliy mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilgan.

Shuningdek, surunkali buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bolalarda haftasiga 3-4 martagacha bir necha soatlab gemodializ apparatiga ulangan holda  har qanday murakkab asoratlar kuzatilish xavfi yuqori bo‘lgan, katta xarajatli amaliyot bajarilar edi. Mazkur amaliyotni o‘z vaqtida kechiktirmasdan amalga oshirish natijasida budjet mablag‘lari tejalishiga hamda ushbu amaliyotga muhtoj bo‘lgan bolalarning to‘liq sog‘lomlashtirilishiga erishilgan.

“Joriy yil iyul oyida O‘zbekistonda birinchi marotaba qon raki (oqqon) kasalligi bo‘lgan bolalarda suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyoti Hindiston va Belarus davlatlaridan kelgan mutaxassislar bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Markazda amalga oshirilgan ushbu amaliyotga bor-yo‘g‘i 10 ming AQSh dollari sarflandi. Vaholanki, mazkur amaliyot hozirgi kunda chet mamlakatlarda, jumladan, Turkiya va Belarus davlatlarida 120-170 ming AQSh dollari evaziga amalga oshirilishini inobatga olsak, markazda ushbu amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz tibbiyot sohasida erishilgan katta yutuqlardan biri hisoblanadi.

Suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyotini yiliga 70 tagacha yetkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston tarixida ilk bor joriy yilda Nukus shahrida bir kunlik chaqaloqda markaz mutaxassislari ishtirokida tug‘ma nuqson hisoblangan ekstrofiya va epispadiya kompleks kasalligining jarrohlik davolash amaliyoti o‘tkazildi.

2022 yil davomida 1000 ga yaqin, joriy yilning o‘tgan davrida 1200 ta kardiojarrohlik amaliyoti bajarilgan. Shuningdek, Rentgenendovaskulyar yo‘nalish bo‘yicha 1 oyda 87 ta amaliyot o‘tkazilib, MDH davlatlari o‘rtasida eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan bo‘lsa, joriy yil iyul  oyida mazkur amaliyotlar soni 100 taga yetkazilib, o‘z rekordini yangilagani, albatta, quvonarli ko‘rsatkich deb o‘ylayman.

Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Qashqadaryo va Jizzax viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalari tarkibida markaz filiali sifatida bolalar kardioxirurgiya bo‘limlari tashkil qilinib, joriy yil davomida 20 dan ortiq bemorlarda kardiojarrohlik amaliyotlari bajarildi.

Joriy yilda markazning Urologik va plastik xirurglardan iborat jamoasining chet davlatlar bilan o‘zaro aloqalari natijasida mutaxassislarning malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga borib, markaz mutaxassislari tomonidan jarrohlik amaliyotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, ushbu davlatlardan mutaxassislar kelib Respublika bolalar milliy markazida o‘z bilim ko‘nikmalarini oshirmoqda.

Markazda xorijlik mutaxassislarning malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish hisobiga joriy yil davomida 500 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ markaz xaznasiga kirim qilinishiga erishildi.

Markazning joriy yil aprel oyida kreditor va debitor qarzdorligi 18 mlrd so‘mni tashkil etib, moliyalashtirish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi natijasida 25 avgust holatiga 13 mlrd so‘m qarzdorlik bartaraf etildi.

Shuningdek, markazda kichik tibbiy xodimlarining oylik maoshlari 2022 yilda 1,2-1,5 mln so‘mdan joriy yilning shu davrida 2,4-3 mln so‘mgacha, o‘rta tibbiy xodimlarining maoshlari 2-3 mlndan 5-12 mln so‘mgacha, shifokorlarning oylik maoshlari 2-7 mlndan 15-50 mln so‘mgacha oshirilishiga erishildi”, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri.

Amrillo Inoyatov nutqi yakunida shuningdek, yil yakuniga qadar Bolalar milliy tibbiyot markazida amalga oshiriladigan rejalar to‘g‘risida ham ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra,

1. Epilepsiya kasalligi bo‘lgan bemorlarga ChIP (VNS) o‘rnatish amaliyotini O‘zbekistonda ilk bor avgust oyining 26-27 kunlari italiyalik shifokorlar guruhi bilan hamkorlikda bajarish rejalashtirilgan.

2.  Mononuklear (gen injyeneriyasi yo‘li bilan olingan) preparatlar yordamida glomerulonefritning radikal davosi yo‘lga qo‘yiladi. 

3.  Joriy yil yakuniga qadar chet davlatlari mutaxassislari bilan hamkorlikda bolalarda ilk bor jigar transplantatsiyasi bajarilishi rejalashtirilgan.

4.  Suyak ko‘migini allotransplantatsiya yo‘li bilan ko‘chirib o‘tkazishni Germaniya mutaxassislari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yish yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirildi (350 ming AQSh dollari miqdorida xorijiy grant o‘zlashtiriladi).

5.  Buxoro bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida bolalar kardioxirurgiya bo‘limlarini hamkorlikda ochish rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng Bolalar milliy tibbiyot markazining o‘z sohasida yutuqlarga erishib kelayotgan bir guruh xodimlari Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘krak nishon va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid