The Telegraph yer yuzidagi eng sarguzashtbop joylarni e'lon qildi. Birinchi o‘rinda – O‘zbekiston
Buyuk Britaniyada nashr etiladigan The Telegraph gazetasi sarguzasht istovchi sayyohlarga borish tavsiya etiladigan 50ta turistik yo‘nalish ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ro‘yxatning birinchi pog‘onasidan O‘zbekiston joy olgan.
Nashr mutaxassislari O‘zbekistonga Navro‘z bayrami kunlari kelishni maslahat bergan.
«O‘zbekiston jadal taraqqiyot davrini boshdan kechiryapti. Joanna Lamlining mualliflik dasturi va yaqinda viza talablarining soddalashtirilgani hisobiga mamlakatga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshib ketdi. Shu boisdan ham Lamlining televizion sayohat dasturi – «Ipak yo‘li sarguzashtlari» ekspertlari Navro‘z bayramidagi O‘zbekistonni ilk marta ko‘rsatib berdilar. Bu bahoriy festival turistlarga o‘zbeklar hayoti haqida chuqur tasavvur beradi.
Navro‘z turnesi Xiva, Buxoro va Samaqand kabi hayratomuz joylarni o‘z ichiga oladi. Sayohat davomida shu yerlik oilalar bilan tushlik qilish, elit toifa restoranlarda ovqat tanovul qilish, an'anaviy yog‘och o‘ymakorligi va kulolchilik ustalari hamda zamonaviy dizaynerlar ishini kuzatish, so‘yilgan echki bilan ot ustida o‘ynaladigan shiddatli o‘yin – ko‘pkarini tomosha qilish ham mumkin», – deyiladi maqolada.
Qo‘shimcha qilinishicha, «Ipak yo‘li sarguzashtlari» loyihasi doirasida Navro‘z kunlari O‘zbekistonga 11 kunlik safar narxi 3550 funtdan boshlanadi. Bu narx ichiga turar joy, ovqatlanish va transport xarajatlari kiritilgan bo‘lib, O‘zbekistonga kelib-ketish uchun aviachiptalar alohida sotib olinadi.
The Telegraph`ning 50talik to‘liq ro‘yxati quyidagicha.
1. O‘zbekistonda Navro‘z
2. Keniya savannalari
3. Butandagi Oltita hissiyot deb atalmish yangicha «kulbalar»
4. Nikaraguaning mahalliy aholisi bilan tanishish
5. Pokistondagi Hindukush tog‘lari
6. Rossiyaning Murmansk oblastida yashovchi sami xalqi bilan tanishuv
7. Argentina va Chilida Janubiy Amerika tarixiga sayohat
8. Kashf etilmagan Malavi (Afrika)
9. Finlyandiyada shimol yog‘dusi
10. Gayana junglilari va qishloqlari (Shimoliy Amerika)
11. Buyuk Xitoy devori, Tyananmen maydonida varrak uchirish, pandalar
12. Norvegiyaning betakror tabiati va qutb ayiqlari
13. Kolumbiyadagi tropik o‘rmonlar, tog‘lar va sharsharalar
14. Livanning nodir go‘shalari
15. Grenlandiya orolidagi tundra va chang‘i uchish
16. Buyuk Britaniya milliy bog‘lari va vodiylari
17. Portugaliya tog‘lari aro velosipedda sayohat, Madeyra oroli
18. And tog‘lari orqali Argentinadan Chiliga qadar elektrovelosipedda borish
19. Yangi Zelandiyaning musaffo tabiati
20. Yaponiyaning so‘lim va tinch qishloqlari bo‘ylab piyoda safar – Alp tog‘laridagi qadimiy samuraylar yo‘li
21. Sloveniyadagi Yogar vodiysi – cho‘qqi va sharsharalar, o‘rmon sayohati, yoga va meditatsiya darslari
22. Peruni piyoda kezish – Machu Pikchu va inklardan qolgan boshqa yodgorliklar
23. Italiyaga ziyorat safari
24. Avstraliya bo‘ylab piyoda va qayiqdagi sayohat
25. Ingliz kanalidagi Uayt oroli
26. Karib dengizidagi Dominika oroli
27. Albaniya, Kosovo va Shimoliy Makedoniyaga poyezd va paromda sayohat
28. Avstraliyadagi Marjon qirg‘oqlari
29. Gibraltar bo‘g‘ozidan o‘tib, Marokash shaharlarini kezish
30. AQShning Alyaska shtati – yovvoyi tabiat bag‘rida mototsiklda sayohat
31. Namibiya, Botsvana va Zimbabve (Viktoriya sharsharasi)
32. Tojikiston va Qirg‘iziston manzaralari – ko‘llar, Pomir va Fon tog‘lari etaklarida piyoda va avtomobilda sayr (Afg‘onistonning Vohan yo‘lagiga qadar)
33. Bepoyon Kanada bo‘ylab poyezd sayohati – shimoldagi tog‘li Yukon hududi, qor ustida piyoda yurish, muz ustida baliq ovlash, shimol yog‘dusi
34. Irlandiyaning qoyali kengliklari, qadimiy qasrlar va shaharlar
35. Shotlandiyaning ko‘k-yashil dengizli orollar arxipelagi, konoyeda eshkak eshish, delfinlar
36. Sudan – Qizil dengiz sohillaridagi plyajlar, motorli qayiqda betakror manzaralar
37. Avstraliya atrofida 27 kunlik kema sayohati
38. Seyshel orollari (Afrika sharqida) – yaxtada sayr, o‘ziga xos plyajlar va ekspedititsiyalar
39. Karib dengizi bo‘ylab kichik kemada bir haftalik sayohat
40. Shri-Lanka tabiatidan bahra olish va ijtimoiy loyihalarda volontyor sifatida qatnashish
41. Kanadaning Manitoba provinsiyasi – kit, delfin va qutb ayiqlari (tag qismi shaffof oynali qayiq)
42. Norvegiya qirg‘oqlarida kitsimon baliqlar makoniga sayr
43. Ispaniya qirg‘oqlari, o‘rmon va shaharlari
44. Braziliya yovvoyi tabiati bilan tanishish – yaguarlar, dengiz fillari, kitlar va pingvinlar
45. Mo‘g‘uliston – faol vulqonlar, qimirlab turuvchi muzli ko‘llar
46. Osiyo bo‘ylab 26 haftalik sayohat – Istanbul (Turkiya), Katmandu (Nepal), Boku (Ozarboyjon), Kaspiy dengizida paromlar, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Himalay va Qoraqo‘ram tog‘lari, Toj Mahal va boshqalar.
47. Serra-Leone – Afrika yovvoyi tabiati, Banan orollari, Krio qishlog‘i, Fritaun
48. Chiliga astronomik sayohat – 14 dekabrdagi to‘liq Quyosh tutilishini Atakama sahrosida joylashgan mashhur sayyohlik observatoriyasida kuzatish
49. Astronomlar bilan «Yangi olimning yangi fazosi: o‘tmish va kelajakka sayohat» nomli tur (AQSh) – NASA muzeylari, Rozuellning NUJ markazi, «Very Larga Array» radioto‘lqin observatoriyasi, «Virgin Galactic»ning fazo porti
50. Nepaldagi Buyuk Himalay trassasi bo‘ylab tog‘ sayohati.
Mavzuga oid
16:31
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida birinchi temiryo‘l sayohat dasturi boshlanadi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
21:49 / 04.11.2024