Jahon | 13:00 / 10.10.2017
4300
3 daqiqa o‘qiladi

Tailandning sayyohlar uchun ommabop sohillarida chekish taqiqlanadi

Foto: TASS

Noyabr oyidan boshlab Tailandning dengiz va sohil resurslari departamenti ommabop sohillarda chekishga taqiq joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Unga amal qilmaslik, qoidabuzarlarga katta jarima yoki qamoq jazosi bilan xavf soladi, deb xabar beradi The Nation gazetasi.

Nashrning ta'kidlashicha, chekish sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan 20dan ortiq sohillarda joriy qilinadi. Ularning orasida Pxuket orolidagi Patong, Pattayyadagi Jamten va Rayongdagi Me Pim sohillari ham bor.

«Biz chekishni butunlay taqiqlamaymiz. Chekuvchilar uchun sohil hududidan tashqarida maxsus joylar tashkil qilinadi. Ammo, sohilda chekish va sigareta qoldiqlarini qumga tashlash taqiqlanadi», degan departament boshlig‘i Jatupon Burupxat. 

Bu taqiqni buzganlik uchun eng qattiq jazo 100 ming bat (3 ming dollar) jarima yoki 1 yil muddatga qamoq qilib belgilanadi.

The Nation gazetasining yozishicha, Dengiz va sohil resurslari departamentining tashabbusi Tabiiy resurslar va atrof muhitni muhofaza qilish vazirligi rahbari tomonidan ma'qullangan. Bundan tashqari, mahalliy ma'muriyat vakillari bilan ham bu tadbirlar muhokama qilingan.

Kelajakda bu taqiq Tailandning barcha sohillarida joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.

Cheklovning joriy qilinishiga Pxuket orolidagi Patong sohilida o‘tkazilgan tadqiqot sabab bo‘lgan. Uning natijasida, 2,5 km masofaga ega bo‘lgan sohildan 138 ming sigareta qoldig‘i topilgan.

Tailandning dengiz va sohil resurslari departamenti avval ham atrof muhitning muhofazasi uchun amalga oshirgan qat'iy choralari bilan ajralib turgan. Shu yilning fevral oyida, Andaman dengizidagi Racha-Yay orolida, 53 yoshli rossiyalik ayol qo‘lga olingan va unga atrof muhit muhofazasi qoidalarini buzganlik aybi qo‘yilgan edi. Sayyoh ayol taqiq belgilari borligiga qaramay, baliqlarni non bilan mehmon qilgan.

Ayol politsiya mahkamasida 2 kun ushlab turilgan va 3 ming dollar garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Keyinchalik sud uni 28 dollar miqdorida jarimaga tortgan.

Mavzuga oid