Jamiyat | 13:56 / 13.01.2026
6606
2 daqiqa o‘qiladi

Pxuketda kater kema bilan to‘qnashishi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari jarohatlandi

Hodisa 11 yanvar kuni tezyurar kater baliqchilar kemasi bilan to‘qnashishi oqibatida ro‘y bergan. Katerda O‘zbekistonning jami 3 fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida Rossiyaning 1 fuqarosi halok bo‘lib, yana 23 nafar rossiyalik jarohatlangan.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati Tailandning Pxuket orolida kater halokatga uchrashi oqibatida o‘zbekistonliklar ham jabrlangani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

Hodisa 11 yanvar kuni tezyurar kater Pxuketdan Pxi-Pxi oroliga ketayotganida baliqchilar kemasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida ro‘y bergan. Kater sahnida O‘zbekistondan tashqari Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lishgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, katerda O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida ularning 2 nafari yengil tan jarohati olib, mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik jabrlangan fuqarolar to‘liq sog‘aygan va belgilangan tartibda shifoxonadan chiqarilgan.

Shuningdek, jabrlanganlarning barcha tibbiy va boshqa zarur xarajatlari katerga egalik qiluvchi kompaniyaning sug‘urta mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berilgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sog‘liqni saqlash muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan.

Rossiyaning Pxuketdagi bosh konsulligiga ko‘ra, hodisa oqibatida Rossiyaning 18 yoshli fuqarosi halok bo‘lgan. Yana 23 nafar rossiyalik sayyoh esa turli darajada tan jarohati olgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid