Jahon | 14:47 / 08.07.2021
27438
7 daqiqa o‘qiladi

Xorij qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi «Al-Qoida» va IShIDni kuchaytiradimi?

Foto: Reuters

G‘arb razvedka idoralari xavotirda

Buning o‘ziga xos va asosli sabablari bor, albatta.

AQSh prezidenti Jo Baydenning buyrug‘i bilan xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tezlik bilan tark eta boshlashi toliblarni kuchaytirmoqda.

So‘nggi kunlarda «Tolibon» ko‘plab tumanlarni birin-ketin egallab oldi. Uning qarshisidagi ruhiy jihatdan tushkun afg‘on armiyasi esa aksar hollarda taslim bo‘lmoqda yoki qochib ketmoqda.

Ba'zi ekspertlarning ta'kidlashicha, xalqaro terrorizm xavfi yana qaytmoqda.

«Baydenning Afg‘onistondan chiqib ketish qarori «Tolibon»ning hokimiyatni egallab olishi va «Al-Qoida» yana xalqaro miqyosda xurujlar uyushtira oladigan darajada o‘z tarmog‘ini kengaytirib olishiga sabab bo‘ladi», deydi xavfsizlik va terrorizm bo‘yicha tahlilchi doktor Sajjan Gohel.

Terroristik tashkilotlar uchun imkoniyat

Bu umidsiz ssenariylardan biri. Ammo ikkita narsa aniq: 

  • birinchidan, Afg‘onistonni 1996 yildan 2001 yilgacha zulm bilan boshqargan «Tolibon» qaytadi. Hozircha u poytaxt Kobulni zo‘rlik bilan egallab olish maqsadi yo‘qligini aytmoqda. Ammo toliblar mamlakatning katta qismida hukmron kuchdir va ular Afg‘onistonni Islom amirligiga aylantirish niyatidan voz kechishmagan;
  • ikkinchidan, «Al-Qoida» va uning raqibi bo‘lmish IShIDning Xuroson viloyati G‘arb qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishidan foydalanishga harakat qiladi.

Bu ikki terroristik tashkilot hamon Afg‘onistonda. Mamlakatning tog‘li tabiati xalqaro hamjamiyat tomonidan terroristik guruh deb hisoblangan tuzilmalar yashirinadigan alohida izolyatsiya hududlarini yaratishga imkon beradi.

Afg‘oniston razvedka xizmati (NDS) AQSh va boshqa mamlakatlarning maxsus kuchlari yordamida ushbu tahdidni hozirga qadar qisman ushlab turishga muvaffaq bo‘lgandi.

Hujumlar va bombardimonlar to‘liq tugamagan bo‘lsa-da, informatorlarning ma'lumotlari va telefonlarni tinglash orqali ko‘plab hujum rejalarining oldi olinayotgandi.

Afg‘onistonda harbiy bazasi mavjud bo‘lgan xorijiy davlatlar so‘rov bo‘yicha bir necha daqiqa ichida maxsus operatsiyalarni o‘tkaza olishar, vertolyotdan tushgan askarlar yarim tunda g‘aflatda qolgan dushman kuchlarini qo‘lga olardi.

Endi bunday bo‘lmaydi.

Kuchayib borayotgan tahdid

«Tolibon»ning ta'kidlashicha, 11 sentyabrdan boshlab barcha xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilishi kerak, aks holda, bu Dohada tuzilgan shartnomani buzish bo‘ladi. Bunga Kobuldagi aeroport va AQShning elchixonasini qo‘riqlayotgan askarlar ham kiradi.

Garchi «Tolibon» mamlakatda qoldirilgan chet el askarlariga hujum qilishini e'lon qilgan bo‘lsa-da, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Afg‘onistonda  qancha askar qoldirish lozimligini armiya bilan muhokama qilmoqda.

«G‘arb Afg‘onistonni tark etsa, Britaniyaga hujum xavfi ortadi», deydi Britaniyaning MI6 tashqi razvedka agentligining sobiq direktori ser Aleks Yang.

O‘rtada ikkilik mavjud:

  • agar Buyuk Britaniya to‘liq chiqib ketmay, bir guruh maxsus kuchlarni Afg‘onistonda qoldirsa, AQSh bazalari yopilgani tufayli undan qo‘llab-quvvatlash ololmaydigan ushbu bo‘linmalar «Tolibon»ning nishoniga aylanadi;
  • toliblar talab qilganidek, barcha qo‘shinlar olib chiqib ketilsa, bu safar biror terroristik faoliyat to‘g‘risida ma'lumot olingan taqdirda ham, G‘arb davlatlari tezlik bilan harakat qila olmaydi.

«Tolibon» va «Al-Qoida»ning aloqasi

Xo‘sh, «Tolibon» va «Al-Qoida» o‘rtasidagi munosabatlar qanday?

«Tolibon»ning qandaydir tarzda hokimiyatning bir qismiga aylanib qolishi «Al-Qoida» bazalari va o‘quv lagerlarining qaytishini ham anglatadimi?

G‘arb razvedka idoralari rahbarlari bir necha yildan beri ushbu savolning javobidan tashvishda.

AQSh 2001 yildagi bosqinga mana shu tashvishni yo‘qotish uchun ham kirishgandi.

2008 yildagi va bu yil jamoat joyida unutib qoldirilgan maxfiy ma'lumotlardan bilish mumkinki, Buyuk Britaniya ushbu ikki tashkilotning munosabatlaridan jiddiy xavotirda.

Mintaqadagi radikal guruhlar ustida ko‘p yillar davomida ish olib borgan Osiyo-Tinch okeani fondi vakili doktor Gohelning so‘zlariga ko‘ra, ikkita tashkilotni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi:

«Tolibon» rahbariyati bunga chin dildan harakat qilgan taqdirda ham, ularning «Al-Qoida» bilan aloqalarini to‘xtatish imkonsiz. Chunki madaniy, oilaviy va siyosiy aloqalari bor».  

Yomon ishora

«Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodin o‘z tashkiloti faoliyatini 1996 yilda Sudandan Afg‘onistonga ko‘chirgach, «Tolibon» unga boshpana beradi.

«Tolibon» hukumatini tan olgan uch davlatdan biri bo‘lgan Saudiya Arabistoni razvedka agentligi rahbari shahzoda Turki al-Faysalni Afg‘onistonga yuborib, toliblarni bin Lodinni ekstraditsiya qilishga ko‘ndirishga urinadi.

«Tolibon»  buni rad etadi va 11 sentyabr hujumlari Afg‘onistondagi «Al-Qoida» bazasidan rejalashtiriladi.

Buyuk Britaniya shtabi boshlig‘i general Ser Nik Karterning fikricha, «Tolibon» rahbariyati o‘zining avvalgi xatolaridan saboq chiqargan bo‘lishi mumkin.

Karterga ko‘ra, agar toliblar qandaydir tarzda hokimiyatning bir qismiga aylansa yoki uni butunlay qo‘lga kiritsa, bu safar ular xalqaro hamjamiyatdan chetda qolishni istashmaydi.

Asosiy muammo shundaki, ular bunga erishish uchun ko‘p imkoniyatlarga ega emaslar.

«Tolibon»ning mohir rahbarlari, ayniqsa, tinchlik muzokaralari paytida Dohadagi konditsionerli savdo markazlarida yaxshi hayot zavqini tuygan boshqaruvchilari xalqaro miqyosda tan olinish uchun «Al-Qoida» bilan barcha aloqalarni uzishga intilishlari mumkin.

Ammo Afg‘oniston singari ulkan va davlat boshqaruvi imkoniyatlari nihoyatda cheklangan bir mamlakatda kelgusidagi «Tolibon» hukumati «Al-Qoida»ning oldini olishga urinsa-da, tashkilotning chekka qishloqlar va ovloq vodiylardagi hujralarini aniqlay olmasligi mumkin.

Xulosa shuki, «Al-Qoida» ham, IShID ham rivojlanish uchun xaotik va beqaror muhitga ehtiyoj tuyadi. Afg‘onistondan kelayotgan so‘nggi xabarlar esa ushbu ehtiyojning qondirilish arafasida ekaniga ishora qilmoqda.

Mavzuga oid